Oliy liganing 2021 yilgi mavsumini mamlakatimizning amaldagi ("So’g’diyona-W") va sobiq ("Bunyodkor-W") chempionlari o’rtasidagi uchrashuv tugatib berdi (0:1).
Ushbu bahsning ko’ngildagidek yoritilishini taminlash maqsadida O’zPFL poytaxtdan bir guruh jurnalistlarni Jizzaxga taklif qildi. O’yin ham shunga mos ravishda ancha qizg’in o’tib, munozarali vaziyatlarni ham yuzaga keltirdi.
Uchrashuv hakamlarga ataldi (?)
O’yindagi yagona gol "Bunyodkor" vakilasi Aziza Norboeva tomonidan urildi. SHu tufayli u maydondagi asosiy figura sifatida eslanishi kerak edi. Ammo hakamlar brigadasi bunga yo’l qo’ymaydigan bo’ldi.
Gap bellushuv taqdirini o’zgartirib yuboruvchi qo’pol xatolar haqida ketyapti. Mezbon jamoa rasmiylari 2 epizodda (offsayd tufayli hisoblanmagan gol va 67-daqiqada belgilanmagan penalti) uchrashuvni boshqargan Roziyabonu Yusupovaning manziliga keskin etirozlarini yo’llashdi. O’z navbatida referi jizzaxliklar ustozini dastlab ogohlantirdi, keyin qizil kartochka bilan jazoladi.
Ammo, ming afsuski, takroriy lavhalar SHerali Boboqulovning etirozlarida jon borligini tasdiqlagandek ko’rinyapti. Hakamning xatolari "So’g’diyona"ning toza golini yo’q qilib, qo’shimchasiga yana bitta potencial gol (penalti)dan mahrum qilgandek…
Hamma xursand bo’ldi
Ha, Roziyabonu Yusupovaning yakuniy hushtagi chalinganidan keyin barchada bayram kayfiyati paydo bo’ldi. Elmira Gulyamova boshchiligidagi "Bunyodkor" asosiy raqibdan tortib olingan 3 ochkoni nishonlagan bo’lsa, SHerali Boboqulov shogirdlari oltin medallarni qutlashdi.
Taqdirlash marosimida "Bunyodkor-W" qizlariga chempionatning kumush medallari topshirildi.
"Bo’rilar" forvardi Diyoraxon Habibullaeva chempionatning eng yaxshi to’purariga aylandi.
"So’g’diyona-W" ayollar klublari o’rtasidagi Osiyo chempionatiga yo’llanmani qo’lga kiritdi.
Eslatib o’tamiz, mazkur jamoalar mamlakat kubogi finalida ham o’zaro to’qnash kelishadi (23 noyabr kuni poytaxtda). O’tkazib yubormang!
Endi esa Oliy ligamiz uchun maxsus ishlab chiqilgan kubokni tomosha qiling.
4 yil oldin tashkil topgan klub qisqa muddat ichida mamlakat chempionatini yutdi. Bu kimning xizmatlari mevasi ekanini bilasizmi?