O’zbekiston o’g’lonlarining jahon ringlaridagi zafarli yurishlariga butun dunyo tan berib ulgurgan.
Ammo tan olish lozim, qizlarimiz jahon arenalarida bungacha yirik musobaqalarda g’olib bo’lolmagandilar. Bungacha. 23 aprel kuni yoshlar o’rtasidagi jahon chempionatida ushbu nohush “anana” buzildi. Polsha mezbonlik qilgan yoshlar o’rtasidagi jahon chempionatida -54 kg vaznli bokschi qizimiz Nigina O’ktamova barcha raqibalarini mag’lubiyatga uchratgan holda, oltin medalga sazovor bo’ldi va o’zbek boksi tarixida birinchi jahon chempioni unvoniga sazovor bo’ldi.
SHu munosabat bilan bugun, 26 aprel kuni O’zbekiston boks federaciyasida o’ziga xos tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda O’zbekiston turizm va sport vaziri o’rinbosari Avaz Karimov, Milliy olimpiya qo’mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o’rinbosari va O’zbekiston boks federaciyasi raisining birinchi o’rinbosari Saken Polatov, jahon chempioni Nigina O’ktamova, uning murabbiylari va yaqinlari, shuningdek OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida o’zbek boksi tarixida yangi sahifa ochgan jahon chempioni Nigina O’ktamovaga maxsus sovg’a – “Nexia 3” avtomobili tantanali tarzda sovg’a qilindi.
Bokschimiz ushbu etibordan xursand ekanligi yashirib o’tirmadi:
“Ushbu ko’rsatilgan etibordan benihoya xursandman. Bu mamlakatimizda sportga, hususan boksga qaratilayotgan katta etiborning samarasi. Biz yoshlarga ishonch bildirib, barcha sharoitlarni yaratib berayotganliklari uchun Prezidentimizga, Turizm va sport vazirligiga, Milliy olimpiya qo’mitasi va albatta O’zbekiston boks federaciyasiga minnatdorchiligimni bildiraman”, – dedi Nigina O’ktamova.