Boks/MMA

Ayni paytda boks bo’yicha O’zbekiston kattalar terma jamoasi Toshkent viloyatida o’quv-mashg’ulot yig’inini olib bormoqda.

291

O’zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati ushbu yig’in borasida terma jamoamiz bosh murabbiyi Marat Qurbonovning fikrlari bilan qiziqdi. 

“Bokschilarimiz Sankt-Peterburgdagi xalqaro nufuzli musobaqada qatnashishdi, bu bokschilarimiz uchun ko’riklardan biri edi. Hozirda navbatdagi yig’inimiz Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” o’quv-bazasida davom etmoqda. Unda Jazoir, Eron, Iordaniya va Ozarbayjon tema jamoalari bilan birga mashg’ulotlar o’tkazmoqdamiz. Bu tayyorgarlik Osiyo chempionatiga qaratilgan. Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qiladigan Osiyo chempionati Tokio Olimpiadasi oldidan terma jamoamiz bokschilari uchun so’nggi imtihon bo’ladi. Osiyo chempionatidan keyin bizda 55 kun vaqt bo’ladi. Barcha rejalar tuzib chiqilgan.

Xudo xohlasa Osiyo chempionatidan keyin 10 kunlik tiklanish yig’ini bo’ladi. Keyin esa 20 iyundan 5 iyulgacha “Yangiobod” bazasida yig’in belgilangan. Oxirgi yig’inimiz esa 6-22 iyul kunlari Yaponiyada bo’ladi. 24 iyuldan boshlab esa Xudo xohlasa boksilarimiz Olimpiadada ringga chiqishni boshlashadi. 

Tayyorgarlik uchun sharoitlar O’zbekiston boks federaciyasi va Milliy olimpiya qo’mitasi tomonidan yaratib berilgan. Munosib tayyorgarlik uchun barcha narsa muhayyo qilingan. Yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildiramiz. 

Yaqinda O’zbekistonda boksni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi Prezident qarori chiqdi. Yurtimizda boksga etibor yanada kuchaymoqda. O’zbekistonda boks bilan shug’ullanayotganlar soni bir necha barobar ko’payib ketdi. Xudoga shukr, ayni paytda terma jamoamiz zaxirasi uchun ham sportchilar etishib chiqmoqda. Boksga shaxsan mamlakatimiz Prezidenti tomonidan etibor qaratilmoqda. Bu etibordan ruxlanib 2 barobar ko’p ishlashimiz lozim. Qo’lga kiritilayotgan natijalar bilan to’xtab qolmasligimiz kerak. Biz ushbu ajoyib natijalarni davom ettirishga harakat qilamiz”, – dedi Marat Qurbonov. 

O’zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati

Fikr bildirish