Boks/MMA

AQSHning Las-Vegas shahrida faoliyatini davom ettirayotgan professional bokschimiz Sanjar Rahmonov navbatdagi g’alabasidan so’ng saytimizga kichik intervyu berdi.

233

– Pandemiya endi boshlangan paytda shartnomam tugagan edi, – deya so’z boshladi S.Rahmonov. –  Bu orada 1-2 ta jangda shartnomasiz ringga chiqdim. Pandemiya holati biroz yumshay boshlashi bilan shartnomamni 3 yilga yangiladim. Bu safar Floyd Meyvezerga tegishli «TMT» promousheni bilan yaxshiroq shartnoma imzoladim. 

O’zingiz bilasiz, karantin muddati cho’zildi. 28 avgust kuniga dastlabki jangni belgilashgandi, biroq o’sha boks oqshomi bir hafta qolganida bir oy keyin – sentyabrga ko’chirildi. Ikki-uch nafar bokschida jarohat va virus bilan bog’liq muammolar borligi tufayli shou kelasi oyga qoldirildi. Bu vaziyatda menejerim bilan maslahatlashdim. U esa menga aynan 28 avgust kuni Meksikada boshqa raqib bilan jang qilishim mumkinligini aytdi. Kosme Riveraning yoshi biroz kattaroq bo’lsa ham, lekin statistikasiga qarasak, u avval Zab Juda bilan to’qnash kelgan, chempionlik kamaralari uchun jang qilgani oydinlashadi.

SHouga bir hafta qolganida bu jang belgilandi. 6 raundlik jang 2-raundda tugadi. Raqibim peshonasi va qoshidan jarohat olganligi uchun uning murabbiylari 3-raundga chiqmaslikni afzal bilishdi. 

– O’zingiz aytgandek, Meyvezerga tegishli «TMT» promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan oqshomda jang qilishingiz kerak edi. Bu jang o’z kuchida qoldimi?

– Ha, o’z kuchida qoldi. Bu haqida jangim kuni aytishgandi. Lekin men bor etiborimni shu jangga qaratgandim. Bir necha kundan so’ng menejerim promouter bilan aloqaga chiqadi va bunga rasmiy tarzda aniqlik kiritib oladi. Bilishimcha, oqshom sentyabrning birinchi yoki ikkinchi haftasiga belgilangan. Bu Meyvezerga tegishli promoushen bilan imzolagan yangi shartnomamdagi ilk jang bo’ladi.

Eslatib o’tamiz, Sanjar Rahmonov 29 avgust kuni Meksikada mezbon bokschi Kosme Rivera (42-34-3)ga qarshi jang qilib, uchrashuvni 2-raunddan so’ng o’z foydasiga hal etgandi. Bu hamyurtimiz uchun professional boks faoliyatidagi 17-jang bo’ldi. U prof ringda 13 marotaba g’alaba qozongan va 3 ta jangda imkoniyatni boy bergan. Yana bir jangda durang qayd etilgan.

Fikr bildirish