Tanaffusdan keyingi tur intrigalari: A Seriya 3-tur prevyusi
Teglar :
Fiorentina Yuventus Inter Italiya Roma Milan Napoli A SeriyaItaliya A seriyasi“Atalanta”“Sassuolo”“Lacio”“Sampdoriya”
Bugun Italiya A Seriyasining 3-tur uchrashuvlariga start beriladi.
"Napoli" – "Yuventus"
Turning markaziy uchrashuvi. Ha, bu turda "Milan" – "Lacio" bellashuvi ham bor, ammo ushbu o’yin afishasi jarangliroq. Har holda hozircha. Katta o’zgarishlar kutilayotgan "Yuventus" mavsumni qanday o’tkazishi ko’pchilik uchun qiziq albatta.
"Napoli" esa yarim himoya bilan muammolarga duch kelgan. Bir yo’la uch nafar yarim himoyachi safdan chiqqan: Lobotka, Demme va Zelinski. SHu turda Angussining debyuti kutilmoqda, albatta agar Spalletti boshqa bir kutilmagan narsa o’ylab topmasa. Lekin yaxshi xabarlar ham yo’q emas, Osimxen jamoaga yordam bera oladi. Mertensning bo’lmasligini inobatga olsak, Viktorning qaytishi ayni muddao. "Yuventus"da ham tarkibni ishonch bilan aytib bo’lmaydigan kunlarga etib keldik. Remsi, Artur va Kezaning bu o’yinda maydonga tushmasligi aniq bo’lib ulgurgan, Danilo, Dibala va Aleks Sandro hozircha so’roq ostida. Uchrashuvni ilk daqiqalardan Lokatelli va Pellegrini boshlashsa kerak, hujumda esa umid Morat va Kulushevskidan bo’ladi.
Oxirgi to’qnashuvda "Yuventus" o’z maydonida 2-1 hisobida zafar quchgan. Ammo hozir vaziyat biroz o’zgarganini bukmekerlar ham etirof etyapti. "Napoli" mavsum startida "keksa sinora"dan yaxshiroq o’yin namoyish qilmoqda va o’z maydonida o’ynashini inobatga olsak, chindan ularni favorit deyishga asoslar etarli. Hozircha "Yuventus" yuzaga kelgan qiyin vaziyatidan qanday chiqib ketishi sirligicha qolmoqda. Allegriga oson bo’lmasligi taxmin qilingandi, biroq barchasi bunchalik bo’lishini murabbiyning o’zi ham kutmagan bo’lsa kerak. G’alaba har ikki klub uchun zarur. Demak, o’yin zerikarli bo’lmasligi muqarrar.
"Sampdoriya" – "Inter"
D`Aversida juda qiziq muammolar mavjud. Bereshinski o’yinga tayyor bo’lib ulguradimi yoki yo’q, hamon nomalumligicha qolmoqda. SHuningdek, Edkal borasida ham savollar mavjud. Gabbyadini jamoaga yordam bera olmasligi aniq, shuning uchun ham Kvalyarella bilan elkama-elka Kaputo maydonga tushishi va shu tariqa debyut uchrashuvini o’tkazishi mumkin. Bosh murabbiyning baxtiga Kandreva sog’-salomat, aynan u qanotdan to’pning forvardlargacha etib borishiga javob beradi. Katta ehtimol bilan Indzagi jangga Jeko-Korrea duetini tashlaydi, sababi Lautaro Argentina termasi tarkibida anchayin og’ir o’yinlarda qatnashdi, qo’shimchasiga uzoq masofani bosib o’tdi. Martines zaxiradan o’yinga qo’shilish ehtimoli yuqori. Qanotlarda Darmian va Dimarkoni ko’rsak ajabmas.
Oxirgi o’zaro o’yinda "Inter" "Sampdoriya"ni yirik 5:1 hisobida taslim etgan. Bu galgi bahs Genuyada bo’lsa-da, favorit nomi o’zgarmagan. "Sampdoriya" hujumdagi muammolari bilan shundoq ham mustahkam milanliklar himoyasini yorib o’tishi mushkul vazifa. Amaldagi chempion muvaffaqiyatli yurishini davom ettirishi uchun imkoniyat yuqori.
"Roma" – "Sassuolo"
Joze Mourino "Abadiy shahar"ga moslashish jarayonini davom ettirmoqda. Afsuski, jamoa tarkibida yo’qotishlar bor. "Roma"ga himoyachi Vinya va yarim himoyachi Pellegrini yordam bera olmaydi, Zanolo va Smollingning maydonga tushishi so’roq ostida. Katta ehtimol bilan asosiy tarkibda Mxitaryanga yaqin joyda avvalgi o’yinlarda o’zini yaxshi tomonlama ko’rsata olgan Perez tushsa kerak. Oldinroqda, markaziy hujumchi rolida Abraxam. Hamyurtimiz SHomurodov esa zaxiradan o’yinni kuchaytirishi kutiladi. "Sassuolo"da esa yo’qotishlar deyarli yo’q. Jamoa muxlislari xursandchiligiga sabab bo’lib, Berrardi ham safga qaytdi. Aynan u hujumda Italiya termasi azosi Raspadori bilan birgalikda harakat qiladi. Faqatgina Obyangning maydonga tushishiga bazi savollar mavjud, ammo bu ham ko’proq taktika va rejaga bog’liq bo’ladi.
O’zaro uchrashuvlarning so’nggisi 2:2 hisobida jangovar durang bilan yakunlangan. O’shanda jamoalar tomoshabop o’yin ko’rsatib berishgandi, bu safar ham yorqin futbol kutishga to’la haqqimiz bor. "Jalorossi" ham, "neroverdi" ham baxtlarini birinchi navbatda hujumdan izlashadi, shunday ekan zerikmaysiz.
"Milan" – "Lacio"
"Milan" uchun jamoaga yaxshi qo’shilib keta olgan Jiruning bo’lmasligi katta yo’qotish. Jarohatidan nihoyat xolos bo’lgan Zlatan Ibragimovichni ilk daqiqalardan ko’rishimiz ehtimoli bor. Biroq undan ham realroq variant Leao va Rebich juftligi. Orqaroqdan ularni Salemarkis va Braim Dias qo’llab-quvvatlaydi. Mauriccio Sarrida ham tarkib bilan bog’liq bazi muammolar mavjud. Qator futbolchilar terma jamoalari ixtiyoridan optimal sport formasi va yuqori kayfiyatda qaytmadi. Oldindgi chiziqda Pedro-Luis Alberto- Immobile uchligiga ishonch bildirilsa kerak. CHiro "skuadra adzurra" tarkibidagi uchrashuvlarda omadsiz seriyani qayd etayotgan bo’lsa-da, "Lacio"dagi "ishlari besh" va jamoa unga to’liq ishonadi.
So’nggi bor "burgutlar" o’z maydonlarida "rossoneri" darvozasiga 3ta javobsiz to’p kiritishgandi. Lekin bu safar "San-Siro"dagi bellashuv favoriti sifatida bukmekerlar mezbon "Milan"ni ko’rmoqda. Aslini olganda har ikki klub mavsumni yomon boshlamadi va muhim ochkolarni qo’lga kiritmoqda. Hujumkor futbolni taklif qiluvchi jamoalarning o’zaro to’qnashuvi ham qiziqarli bo’lsa ajabmas.
"Atalanta" – "Fiorentina"
Gasperinida hujumchilar muammosi yuzaga keldi desak, "Atalanta"ga befarq bo’lmagan muxlislar hayron bo’lishlari tabiiy. Ammo Sapatadan keyin Myuriel ham taxminan bir oyga safdan chiqdi. Bu esa murabbiyni jiddiyroq bosh qotirishga va yangi usullarni qo’llashga majbur qiladi. Asosiy umid Ilichichdan bo’lsa, orqaroqdan uni Pessina va Malinovskiy qo’llashi talab qilinadi. Yarim himoyada esa tanlov variantlari etarlicha.
"Fiorentina"da aytarli yo’qotishlar yo’q. Aksincha, tarkibga Drongovski qaytishi kutilmoqda, shuningdek Torreyra ham jamoaga yordam bera oladi. Jamoaga yangi kelib qo’shilgan Odriasola hozircha zaxira o’rindig’ida qoldirilsa kerak.
Ushbu raqiblarning oxirgi bellashuvi Florenciyada bo’lib o’tgan va unda muxlislar 5ta gol ko’rgandi. G’alaba esa "Atalanta"ga nasib qilgandi. Tabiiyki, bu safar ham bellashuv favoriti bergamoliklar. "Bolonya" bilan o’yinda omad kelmagan bo’lsa-da, lekin bu safar jamoa uy stadionida mavsumdagi ilk g’alabasini nishonlash ehtimoli yuqori.
Sergey Rumyancev
Nozima Zaripova tarjimasi