Futbol

Hayot futboldan ustun!

435

Yuguraman deb 2-3 qadam tashladiyu… birdan yerga yiqildi. Yonidagi jamoadoshlari va raqib futbolchilari tezda vaziyat jiddiyligini payqashib vrachlarni imo-ishoralar bilan chaqirishdi.

Uning ko‘zlari ochiq va bir nuqtada qotib qolgandi. Yuragim shuuuv etdi, miyaga qon qo‘yildi (insult) degan fikr keldi. Vaqt to‘xtab qolganday, jamoa shifokori esa xayolimda juda kech yugurib kelganday bo‘ldi.

Uni o‘rab olishdi, jamoa sardori yordam berib boshini ushlab turdi va go‘yo uni og‘ziga barmoqlarini solib tilini tortmoqchi bo‘lganday taassurot qoldirdi. Vaqt to‘xtab qolgandi, hamma shokda.

Unga sun’iy nafas qila boshlashdi, uni o‘rab turgan jamoadoshlarini ayrimlarini ko‘zlarida yosh, ayrimlari duo qilishardi…

Uni defibrillyator yordamida jonlantirishmoqchi bo‘lganini ko‘rib, vaziyat qil ustida ekanligini tushundim. “Kerak emas Yevro, kerak emas turnir, faqat shu yigit o‘lmasin” degan fikr miyadan to‘xtamasdan zuuvv etib o‘tardi…

15 daqiqa, balki sal ko‘proq uni hayotga qaytarish uchun maydonni u yiqilgan joyida kurash ketdi, lekin… vaqt esa to‘xtab qolganday edi, go‘yo…

Xayriyat, uni o‘ziga kelgan suratni ko‘rganimdan keyin (uni to‘liq o‘rab olishgandi va nima bo‘layotganini ko‘rishni imkoni deyarli yo‘q edi), qattiq chanqaganimni sezdim.

Hayot, futboldan ustun!

Insoniylik, odamgarchilik — millat, ellat, ijtimoiy masofa va din tanlamasligiga yana bir bora guvoh bo‘ldim! Tezroq sog‘ayib ket, Kristian!

p.s. Voqea ro‘y bergan holatdan keyin, arzimagan 90 minut ichida Germaniya terma jamoasi mana bunday rasmni post qildi!

Yashasin insoniylik, abadiy bo‘lsin odamgarchilik, bravo shu ishni butun jamoa bilan tashkil qilgan nemislarni aqli va ishi tez menejerlari!

Daniya esa bugun g‘alaba qozondi!

Furqat Qurbonov.

Fikr bildirish