Teglar : Milluoll Krishtianu RonalduRobbi Rayan
Krishtianuga qarshi o’ynagan, hozir esa metroda ishlayotgan sobiq futbolchining futboldan keyingi hayoti.
Irlandiyalik chap qanot himoyachi Robbi Rayan "Milluoll" safida 200 dan ortiq o’yinda maydonga tushgan. Uning klubdagi so’nggi o’yini 2003/04 yilgi mavsumdagi Angliya Kubogi finali bo’lib, unda u 19 yoshli Krishtianu Ronalduni qo’riqlashi lozim edi.
"Ronaldu ozg’in, lekin bo’yi men o’ylaganimdan balandroq edi. O’shandayoq u aql bovar qilmaydigan futbolchiga aylanishi aniq edi. Maradona ajoyib, ammo menimcha, Ronaldu va Leo Messi – tarixdagi eng kuchli futbolchilar. Men Krishtianu Ronalduni qo’riqlashga harakat qilganimni faxrlanib aytishim mumkin. Odatda o’zim ishtirok etgan o’yinlarni eslab qololmayman, ammo bunisi aniq yodimda. O’yin boshlangandan 3-4 daqiqa o’tgach, to’p men turgan joyga dumalab keldi. Hujumni boshlashim mumkin edi, lekin to’pni yo’qotib, keyin butun o’yin davomida sariq kartochkaga ilinishni xohlamadim. Afsuski, Ronaldu doimiy ravishda menga faol qarshilik ko’rsatdi. Hayotimda birinchi marta meni almashtirishganidan xursand bo’ldim. Krishtianuga qarshi o’ynash juda qiyin edi", – deb eslaydi Rayan.
Rayanning hayotidagi asosiy o’yin kutilganidek, "Manchester Yunayted"ning 3:0 hisobidagi g’alabasi va Ronalduning g’alabali goli bilan yakunlandi. Rayan o’sha yozda "Milluoll"ni tark etdi va yana bir necha yil Angliya klublari ("Bristol Rovers"dan tortib "Uelling Yunayted"gacha) sharafini himoya qildi. Biroq eng qizig’i keyinroq boshlandi: 2008 yilda faoliyatini yakunlagan Robbi to’satdan butunlay boshqa "manzara"ga tushib qoldi.
"Hozirgi paytda men London metrosida ishlayman. Poezdlar to’xtaganida yo’llarni tamirlayman. Kechasi ishlayman, shu bois kam uxlayman, kuniga taxminan 4-5 soat. Futbolni deyarli ko’rmayman. Men "Liverpul"ga muxlislik qilaman, biroq "Yunayted"ga qarshi oxirgi o’yinini ko’rganim ham yo’q. Birinchi taymni tomosha qildim, keyin rafiqam bilan sayrga chiqib ketdim. Ilgari futbolni juda yaxshi ko’rardim, ammo hozir emas. Bu xuddi oiladan ajralishga o’xshaydi. Yilda bir marta Milluollga boraman, muxlislar men bilan doim yaxshi munosabatda bo’lishadi. Futbolchilik faoliyatim davomida boyib ketganim yo’q, lekin hozirgi ishimni yaxshi ko’raman, yaxshi oilam bor. Men to’pni sog’inmayapman", – dedi u.