Bir necha kun oldin saytimizda intervyuni video ko’rinishda taqdim etgandik. Endilikda suhbatning matnli variantini o’qib chiqishingiz mumkin.
Intervyuda Mahmud Muradov jangga tayyorgarlik, Muradov Professional League’ning kelgusi rejalari va ko’plab mavzular haqida fikr bildirdi.
“Jangimga 2 oy qoldi. 2 yanvar kuni CHexiyaga uchib ketaman. 10 yanvarda esa Polshaga boraman va mashg’ulotlarni davom ettiraman.
– Mashg’ulotlaringizining asosiy qismini Polshada o’tkazishingizning sababi nimada? U erning qanday afzalliklari bor?
– Mashg’ulotlarimning asosiy qismini Polshada o’tkazishimning sababi, u erda menga sparing-sherik bor, jamoam o’sha erda va ular menga juda katta yordam berishadi. Masalan, O’zbekistonda ham barcha sharoit bor, lekin bu erda ko’p vaqtimni ota-onam, aka-ukalarim bilan o’tkazaman. Polshada esa do’stlarim, yaqinlarim yo’q. SHuning uchun, maqsadim sari chalg’imay olg’a boraman. Ertalab mashg’ulot, tushlik vaqti uyqu, ovqatlanish, mashg’ulot va yana uyqu. 40 kun mana shunday tayyorlanaman.
– Oilangizning yarmi bu erda bo’lsa, yarmi CHexiyada…
– Oilam haqida gapirishni xohlamayman. Mendan sportchi sifatida nima maslahat kerak bo’lsa, qanday savol bo’lsa barchasiga javob beraman.
– Raqibingizni qanchalik o’rgandingiz?
– Raqibimni o’rgandim, uni yaxshi bilaman. Yaxshi jangchi ekanligini ayta olaman.
– Muradov proffesional ligasining rejalari qanday?
– MPL’da kamida 5 yoki 6 ta turnir o’tkazishni reja qilyapmiz. Bu eng kamida. Aslida esa 8 yoki 9 ta turnir o’tkazmoqchimiz. Bu turnirlar Toshkentdan tashqarida, yani viloyatlarda bo’lib o’tadi. Andijondagi turnirni ko’rdingiz, 7-8 ming muxlis tashrif buyurdi. Endi Sirdaryoda qilmoqchimiz – Guliston shahrida. SHundan so’ng, Navoiy, Samarqand, Buxoroda o’tkazamiz. Bizga poytaxtda qilish har taraflama yaxshi va qulay. Afsuski, viloyatlarda Toshkentdagidek sharoitlar yo’q, lekin biz albatta viloyatda o’tkazamiz. O’zbekistondagi barcha viloyatlarda turnir o’tkazishni rejalashtirayapmiz.
– O’zbekistondagi mashhur MMAchilar bilan shartnoma imzolagansiz. MPL yana qaysi jangchilar bilan shartnoma imzolashi mumkin?
– Kuchlidan kuchli chiqadi. Kimligini aytmayman, lekin O’zbekistondagi kuchli MMAchilar bilan shartnoma imzoladik. Biz ularga yordam beryapmiz, ular esa bizga. Biz biror natijaga erishmoqchimizmi demak, avvalo o’zimiz bir jamoa bo’lishimiz kerak. Bizning jamoada kuchli, kuchsiz degan narsa yo’q. Biz bir jamaomiz. Va biz jamoadagi yigitlarning barchasiga birdek yordam berishni xohlaymiz. U bilan yoki bu bilan ishlaymiz degan narsa yo’q. MMA O’zbekistonda yosh sport turi. Yurtimizga kirib kelganiga 3 yoki 4 yil bo’ldi, Xudo xohlasa, 3-4 yildan keyin ortga qarab, o’sha vaqtda qanday edi hozir qanday deb aytamiz. Bu mening fikrim. Mana shunday ishlashda davom etaman. Odamlar Rossiyadan, Evropadan ko’p yozishyapti: “Aka turniringizda urishaylik, o’zim barcha harajatlarni ko’taraman” deb. Ular ham o’zbek yigitlari. Men 10 yil avval nima uchun CHexiyaga uchib kettim? CHunki, O’zbekistonda hech qanday tashkilot yo’q edi. Hozir esa, mana shunday sharoitlar, 2-3 ta tashkilot bor. Bizni qo’llab-quvvatlab kelayotgan O’zbekiston MMA associaciyasi bor. Ularga javoban biz ham qo’limizdan kelgancha yordam qilishimiz kerak.
«Humo Arena»da turnir o’tkazish orzium bor. Ota-onam kelishini xohlayman. Mana shunday rejalarimiz bor. Xudo xohlasa, Muradov proffesional ligasida o’zim ham jang qilaman.
– Yaqinda qirg’izistonlik MMA jangchisi SHoxasan Mirzamatovga “vyzov” tashladi…
– Biz uddaladik. Avvallari biz uyoqqa borib jang qilardik. Endi ular bizda jang o’tkazishni xohlayapti. Nima uchun? Sababi, bizga nisbatan ishonch kuchli bo’lyapti. Lekin bizga ular kerak emas. U aytyaptiki, “20 ming bersang urushaman” deb. 20 mingga turnir o’tkazaman-ku. Mayli rozi bo’laman, ammo SHoxasanni tezda jangga chiqarmayman. CHunki, biz ham ishlayapmiz. U ham yaxshi jangchi, janglarda g’alaba qozonyapti, reytingi ham yaxshi. Ko’ramiz, balki fevral, mart yoki aprelda mana shu jang bo’lar.
Ular butun jamoasini olib kelishni aytyapti. Lekin bizga ular kerak emas. O’zimizning shuncha jangchilarimiz bor. Turnirda o’zimizni yigitlar ishtirok etadi. Turnir balki bo’lishi mumkindir, lekin ularning 5 ta jangchisi bilan emas.
Bizga Evropadan taklif bo’ldi. “Brave CF” birga turnir o’tkazish taklifi bilan chiqdi. U yaxshi va katta tashkilot, lekin biz endi jang berishni so’rab bormaymiz. Qaytanga, endi ular jang qilishni xohlab bizga murojaat qilishyapti. Demak, biz ishni to’g’ri olib boryapmiz. Reytingimiz ham yuqorilayapti. Biz o’tkazayotgan turnirlarning yana bir ustunligi – bu, hakamlarning Evropadan ekanligi.
– Sizning ligangiz UFC kabi bonuslar ham beryapti…
– Men o’zim jangchi bo’lganim uchun ham ularni bilaman va tushunaman. Biz gonarar ham beramiz, bonus ham. CHunki jangchilarga qanchalik qiyinligini bilaman. Ularga qo’limdan kelganicha yordam beryapman.
– Siz jangchi va bir vaqtning o’zida tashkilotchi hamsiz. Bu sizni chalg’itib qo’ymayaptimi?
– Bizda maqsad bor, bizda ajoyib jamoa bor. Ko’pchilik menga “u sizning ligangiz” deb aytishadi. MPL bu mening ligam emas, u bizniki. Liga mening jamoamniki. CHunki bazida oxirgi qarorni Jasur aka, Rustam akalar aytishadi. Biz mana shunday aka-ukadek bo’lib ketgan bir jamoamiz.
– Nursulton Ro’ziboev bilan shartnoma imzolash uchun harakatlar bo’lyaptimi?
– Nafaqat Nursulton bilan shartnoma imzolash, balki boshqa katta rejalarimiz ham bor. Agar u xohlasa, biz bundan faqat xursand bo’lamiz.
– Mahmud Muradovga hayotning bergan eng katta tuhfasi…
Ota-onam, qizalog’im… Hayotimdagi eng qimmatli tuhfa bu.
– Kelgusida farzandlaringiz sport sohasida, aynan MMA da ketmoqchi bo’lsa qarshilik qilmaysizmi?
– Yo’q, farzandlarimni bu sohada ketishini xohlamayman. SHug’ullanishi mumkin, ammo proffesional tarzda shug’ullanishiga ruhsat bermayman.
SHuningdek, Mahmud Muradov suhbatimiz yakunida 2021 yil qanday o’tgani va 2022 yildagi rejalari bilan o’rtoqlashdi:
Eng muhimi ota-onam sog’-salomat, sportda esa bitta jangda g’alaba qozongan bo’lsam, bittasida mag’lub bo’ldim. O’z ustimda ishlashda davom etaman. 26 fevralda navbatdagi jangim bo’lib o’tadi. Xudo xohlasa, yangi yilni g’alaba bilan boshlayman. 2021 yilda mag’lubiyatga uchragan bo’lsam ham yaxshi yil bo’ldi. Ko’p narsalarni o’rgandim. Eng asosiysi esa yaqilarim sog’-salomat”.
Sarvinoz Raxmonqulova va Xurshida Abdikulova suhbatlashdi
Intervyuni tomosha qilish: