Jang san’atlari

Shomurodov asosiy tarkibga munosibmi?

28

Shomurodov asosiy tarkibga munosibmi?

Futbol 21 oktabr, 2020, 07:07 0 Teglar:Eldor Shomurodov
|
Jenoa
|
VeronaEldorning debyutdagi “plyuslari” va “minuslari”!

Maqola avvalida, Eldor Shomurodovni bir tomondan o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari, ikkinchi tarafdan rossiyalik, xususan, rostovlik muxlislar qo‘llab-quvvatlab turganini alohida ta’kidlash lozim. O‘z navbatida, genuyaliklar ham hujumchimizni yaxshi qabul qildi.

Eldorning Italiyadagi debyutini ko‘pchilik alohida e’tibor bilan kuzatdi. Harqalay, “Verona” maydonida bo‘lgan uchrashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan hamyurtimiz o‘z jamoadoshlaridan qolishgani yo‘q. Safardagi qimmatli bir ochkoga o‘z hissasini qo‘sha oldi.

Xorij ommaviy axborot vositalarida 25 yoshli hujumchimiz debyuti bo‘yicha tahliliy materiallar chop etila boshladi. Bu yaxshi albatta. Shu tariqa, o‘zbek futboliga nazar tashlanadi. Eldor ortidan yana kimlardir Evropaga ketib qolishini hamma muxlislar ajoyib syurpriz sifatida qabul qilsa kerak.

“Jenoa”ning asosiy odami – bosh murabbiy Rolando Maranning Eldordan umidi katta. U buni o‘yindan oldin shunday izhor qilgandi:

Eldor 5-6 kundan beri umumiy guruhda shug‘ullanyapti. U harakat qilyapti va o‘yini menga ma’qul. Jamoa uslubiga kirishib ketishiga biroz muddat kerak. Yangi chempionatga moslashish ham vaqt oladi. Men Shomurodov o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatayotganini aytishim mumkin.

Shomurodov 63-daqiqa to‘p surgan o‘yinda “Jenoa” durang uchun o‘ynagandek ko‘rindi va maqsadiga etdi. Genuyaliklar asosiy e’tiborni jamoaviy himoyalanishga, raqibni qarshi hujumda ushlashga va qanotlardan uzoq masofaga to‘p oshirib, hujum qilishga e’tibor qaratdi. Bu uslub uchun Shomurodov tipidagi hujumchilar ideal variant. Chunki Eldorning bo‘yi balandligi unga “ikkinchi qavatdagi” kurashlarda ustunlik beradi, tezkorligi bo‘sh zonalarga qochib keta olishini ta’minlaydi. Bu usulda o‘ynaydigan jamoada Eldor uchun yaxshi imkoniyatlar ko‘p bo‘ladi.

O‘yinda Shomurodov to‘pni egallab olish, korpusdan foydalanish, fol ishlash, raqibdan qochish, pozitsiya tanlashdagi qobiliyatlarini va yaxshi jismoniy tayyorgarlikka egaligini ko‘rsatdi. Shomurodov zaxiraga olinganidan keyin “Jenoa” maydonning raqib egalik qiladigan tomonidan to‘pni egallashda muammolarga duch kela boshladi. Eldorning o‘rniga maydonga tushgan Skamakka birorta yakkakurashda ustunlik qila olmadi.

Shomurodov ortga qaytib, himoyaga yordam bergani, maydon markazida raqiblardan to‘pni olib qo‘ygani, veronaliklarning paslarini to‘sgani ham o‘zbek futbolchisining yutuqlaridan.

Shomurodov asosiy tarkibga munosibmi?

Hujumchining kamchiliklari ham ko‘rindi. Birinchi navbatda, Eldor jamoaviy o‘yinga kirishib keta olgani yo‘q. Ko‘pincha, asosiy epizodlardan chetda yurdi. To‘p unga oshirilmagan paytlar, maydonda ishsiz qolib ketdi. Hujum paytida yaxshi ochila olmadi va natijada yarim himoyachilar kimga to‘p oshirishni bilmay qoldi. Bunaqa vaziyatda Eldor o‘zini ko‘rsatishi shart. Chunki genuyaliklar uchun har bir muvaffaqiyatli hujum oltinga teng. Sababi, jamoa hujumkor emas.

Yana bir katta minus – darvozaga zarba berishdagi no‘noqlik. Eldor hujumchi bo‘lsa-da, darvozabonni qiynaydigan birorta zarba berolmadi. O‘zbekistonlik legioner bunday vaziyatlarda pas bertishni ma’qul topdi. Ayniqsa, to‘pni orqaga ko‘p uzatdi.  

Eldorning texnikasi yaxshi bo‘lsa-da, raqib himoyachilarini aldab o‘tib, zarba berishga harakat qilmadi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Eldor Shomurodov o‘zining eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, boshqalardan ortda qolgani yo‘q. Hamma undan qisqa fursat ichida o‘yini ochilib ketishini kutayotgani ham sir emas. Eldorda kamchiliklarini yo‘qotish va ustunliklarini yanada kuchaytirish orqali “Jenoa” etachilaridan biriga aylanishi uchun unda katta salohiyat bor.

O‘zbek legionerlari faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi!

Evropa futboliga ilk qadam. Shomurodov qanday o‘ynadi?

“Shomurodov debyutga tayyor. Lekin uni dahshatli o‘yin kutmoqda!”

 

Fikr bildirish