Bugun "Loko" maydonida alamli mag’lubiyat qabul qilib olgan "So’g’diyona" o’tgan turda poytaxtning boshqa bir jamoasini mag’lub qilgani yodingizda bo’lsa kerak.
O’sha bahsning etiborga loyiq bir jihatiga hech kim etibor qilmadi. Bugun shu haqda malumot beramiz.
"Paxtakor" O’zbekiston chempionatlari tarixidagi eng kuchli jamoa ekanini bilasiz. Sovrinlar, g’alabalar, gollar — boringki, statistikaning istalgan yo’nalishida "sherlar"ning oldiga tushadigani yo’q. Tarixning istalgan davrida qanday holatda bo’lmasin, poytaxt grandiga qarshi maydonga tushayotgan har bir jamoa birinchi navbatda o’z darvozasi dahlsizligini saqlab qolish haqida qayg’urgan. Ammo bu ishni uddalash barchaga ham nasib qilavermaydi.
"So’g’diyona" 2021 yilgi mavsumda shunga erishdi. 1-davraning 10-turida Toshkentda "nursiz durang" qayd etgan Ulug’bek Baqoev shogirdlari 23-turda minimal hisobdagi g’alabani rasmiylashtirdi.
Malumot uchun, bunday natija so’nggi bor 2017 yilgi mavsumda qayd etilgan edi. O’sha yili Samarqandning "Dinamo" klubi "Paxtakor"ga qarshi kechgan har 2 o’yinda nolga o’ynagan.
SHuningdek, "So’g’diyona"ning himoya chizig’i joriy mavsum Superligada eng yaxshisi bo’lib turganini ham takidlash kerak. Jizzax klubi barchadan kamroq gol o’tkazib yuborgan (14).