Olamsport.com sayti muxbiri kechada ringga ko’tarilib, superyarim o’rta vazn toifasida WBA jahon chempionlik kamari uchun rasmiy davogarga aylangan Isroil Madrimov bilan kichik intervyu uyushtirdi.
Madrimov ko’plab muhokamalarga sabab bo’layotgan Soroga qarshi jangi va kelgusi rejalari haqida gapirdi.
“To’g’risi, qiyin jang bo’ldi. Raqibim juda ham tajribali edi. Og’ir jang bo’lishini avvaldan bilardik. Muhokamalarga sabab bo’layotgan vaziyatga kelsak, unda mening aybim yo’q. CHunki biz sportchilar faqatgina jang qilamiz. Tabiiy holki, kuchli shovqinda hech nima eshitilmaydi va bunday vaziyatda bokschi to’xtamaydi. Agarda o’sha vaziyatda hakamning to’xta degan ishorasi bo’lganida to’xtardim. Lekin, men hech qanday bong ovozini eshitmadim. Aytganingizdek, raqibning menejeri meni diskvalifikaciya qilinishim kerakligini aytdi. O’sha paytda juda qattiq hayojon va havotir bo’ldi. Bu jangga ancha tayyorgarlik ko’rgan edik. Lekin Allohga shukurki, g’alabamni tasdiqlab, bu hakamning aybi ekanligini tan olishdi. Bularning barchasini yaxshilikka deb bilaman.
Revansh berishga hech qanday qarshiligim yo’q. Sababi har bitta jang men uchun tajriba. Va aynan Soroga qarshi revansh bo’lsa, yana ham tajriba bo’lardi. Bilasiz, raqibim ancha tajribaga ega. Bu jangdan ham juda katta tajriba oldim. SHuning uchun agarda revansh bo’lsa, hech qanday qarshiligim yo’q. Ko’pchilik bongdan keyin zarba berdi deb aytishi mumkin, lekin revansh bu gaplarga nuqta qo’yishi mumkin va men bunga tayyorman.
2022 yilda 2 ta jang o’tkazishim mumkin. CHempionlik jangi yaqin bo’lganligi sababli vaqtning ko’p qismi tayyorgarlikka ketadi. Har bir jangdan keyingi tiklanish jarayonlari hisobiga 2 ta jang o’tkazsam kerak deb o’ylayman.
Yangi yildagi rejalarim har taraflama juda ham katta. Insha Alloh shaxsiy hayotimda ham, sportchilik faoliyatimda ham katta yangiliklar bo’ladi.
2022 yilda oila qurish rejamda bor. Keyingi yildagi rejalarimning asosiysi shu desam ham bo’ladi (kuladi). Munosib juftimni topsam, Xudo xohlasa to’yni boshlaymiz. Yaqinda bizni birinchi qaldirg’ochimiz Murodjon Ahmadalievning to’yini ham o’tkazib oldik, juda chiroyli va fayzli o’tdi. Nasib etsa, davomli bo’lib, to’y-to’yga ulanib ketsa juda ham xursand bo’lamiz”, – dedi Isroil Madrimov.