Ilk bor tashkil etilayotgan musobaqaning bugun ikkinchi kungi bahslari o’tkazilyapti. Ayni shu daqiqalarga kelib O’zbekiston sport delegaciyasi hisobidagi medallar soni 8 taga etgan. Ikkita kumush va 6 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 5-o’rinni egallab turibmiz. Kecha musobaqaning birinchi kuni yunon-rum kurashchilarimiz 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo’lga kiritishgan edi.
Bugun esa bokschilarimizdan to’rt nafari yarim finalga etib keldi va bu bosqichda raqiblariga imkoniyatni boy berib qo’yishdi. Bu bilan delegaciyamiz hisobiga yana 4 ta bronza medali qo’shildi. O’g’il bolalar o’rtasida Umidillo Abdurasulov (-60 kg), Jafarbek SHahbozov (-66 kg), qizlarda Uzukjamol Yunusova (-52 kg) va Guldana Tileubergenova (-54 kg) bronza medaliga sazovor bo’lishdi.
Kutilganidek, Rossiya terma jamoasi medallar jamg’arish bo’yicha peshqadamlik qilyapti. Musobaqa mezbonlari hozirgacha 5 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 13 ta medal qo’lga kiritib ulgurishdi. Uchta oltin, 1 ta kumush, 7 ta bronza medaliga ega Ozarbayjon ikkinchi, 2 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medalini rasmiylashtirgan Belarus terma jamoasi uchinchi pog’onadan joy olgan. Qozog’istonlik sportchilar esa 3 ta kumush, 15 ta bronza medali bilan 4-o’rinni band etishgan.