Boks/MMA

Kecha poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida professional boksning WBC yo’nalishida 55.2 kg vazn toifasida MDH, SHarqiy Evropa va Boltiqbo’yi davlatlari chempionlik kamari uchun jang bo’lib o’tdi.

211

Unda Toshkentning “Befit” klubi azosi Islombek Pirmanov ozarbayjonlik Rauf Agaevga qarshi mazkur kamar uchun ringga chiqdi.

10 raundga mo’ljallangan jangning ilk raundlarida kuchlar teng holatda ko’rinish olgan bo’lsa, 3-4-raundlar hamyurtimizning katta ustunligi ostida o’tdi. 5-raundning dastlabki daqiqasida hamyurtimizning kuchli zarbalari ozarbayjonlik bokschini muvozanatdan chiqardi va uchrashuvni texnik nakaut bilan yakunlanishiga olib keldi. Jang yakunida WBC yo’nalishining MDH, SHarqiy Evropa va Boltiqbo’yi mamlakatlari byurosi mutasaddilari Islombekka kamarni taqdim etishdi.

Professional boksdagi faoliyati mobaynida hozircha biron marta mag’lubiyatga uchramagan qoraqalpog’istonlik Islombek Pirmanovning g’alabasi sharafiga musobaqada O’zbekiston madhiyasi yangradi.

Ushbu musobaqa doirasida mamlakatimizning bir qator yosh bokschilari reyting janglarini o’tkazishdi. Ulardan Abduhamid Hakimov, Nuriddin Egamberdiev, Obidjon Tohirov, Xojiakbar Qodiroxunov, Eldorbek Saidov, Timur Merjanov va Behruz Rahmonov g’oliblikka erishdi.

G’oliblarni taqdirlash marosimida Milliy Olimpiya qo’mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O’zbekiston professional boks federaciyasi raisi Isroil Yunusov, boks bo’yicha Olimpiya chempioni Muhammadqodir Abdullaevlar ishtirok etdi.

CHempionlikka erishgan bokschilarga O’zbekiston professional boks federaciyasi sertifikatlari topshirildi.

Fikr bildirish