Shu paytgacha, Markaziy Osiyoda joylashgan hech bir mamlakat termasi Jahon chempionati qatnashchisi bo‘la olmagan.
1991 yil Sovet Ittifoqi qulagandan keyin mintaqada 5 ta yangi va yosh mamlakatlar paydo bo‘ldi. Ko‘plab sabablar borligidan, bu mintaqa davlatlari o‘z imkoniyatidan to‘la foydalana olmayotir. Shuningdek, futbol borasida ham. Mintaqadagi eng ommaviy sport turi bo‘lgan futbolga bo‘lgan qiziqish, O‘zbekistonda o‘ta kuchli.
Barchasi mustaqillikdan atigi 3 yil o‘tib boshlandi. Milliy terma jamoa o‘shanda, 1994 yilgi Yaponiyaning Hirosima shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida, zafar quchishga erisha olgan. Turnirda favorit deb mezbon Yaponiya va eng yaqin qo‘shni mamlakat, Janubiy Koreya qaralayotgan edi. Guruhdagi raqiblari bilan tenglasha olishiga ishonilmagan Rustam Akmalov 10 ming funt budjetga ega bo‘lgan, 17 ta futbolchi, 2 ta murabbiy va bittagina jamoa shifokori bilan Yaponiyaga tashrif buyurgan edi, xolos. Turnirda o‘zining hujumkor 4-3-3 taktikasi bilan hammani hayron qoldirgan «oq bo‘rilar», guruhdagi raqiblari – Saudiya Arabistoni, Malayziya va Tailand to‘sig‘idan qiyinchiliksiz o‘ta olishadi. Pley-offda kutilmagan vaziyatda Janubiy Koreya va mezbon, Yaponiyani yengib, finalda Xitoy bilan to‘qnash kelishgan edi.
Yaponlarda katta qiziqish uyg‘otgan final bahsida Xitoy 4-1 hisobida tor-mor etilib, o‘zbeklar oltin medal bilan yurtga qaytishdi. Milliy mustaqillik razmiga aylangan ushbu g‘alaba va g‘oliblar o‘shanda Toshkentda tantanavor kutib olingan edi. Ajablanarlisi shundaki, ana shu erishilgan natija, halihamon o‘zbeklar uchun eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonning birinchi marta Jahon kubogiga harakati, 1998 yilgi Fransiyadagi mundial uchun bo‘lgan edi. O‘sha davrda, O‘zbekiston termasi tarkibida birorta JCH ga yo‘llanma olish uchun layoqatli o‘yinchi mavjud emasdi. Birinchi bosqichdan o‘tgan o‘zbeklar, so‘nggi saralash sikliga kelib, Yaponiya va BAA kabi kuchli jamoalar bosimiga dosh bera olmaydi. Xuddi, Angliyaning «Tottenhem» klubi faoliyatida bo‘lgani kabi, O‘zbekiston TJning JCHga yo‘li o‘ziga xos va «g‘alati» bo‘la boradi.
Keyingi Jahon Chempionati saralashi, 2005 yil, 6 sentyabr, Toshkent.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z uyida Bahrayn termasini qabul qilmoqda. Ikki o‘yinlik bahs g‘olibi keyingi bosqichda Trinidad va Tobago (1.3 million aholiga ega) davlati termasiga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Albatta, ana shu o‘yin JCH ga chiqish uchun ulkan imkoniyat debochasi edi. O‘shanda, mezbonlar yaxshi shakllangan, kuchli tarkibga ega edilar. Ulardan biri, asosiy futbolchilardan ‐ Server Djeparov. U mamlakatning eng yaxshi futbolchilaridan, ikki marotaba Osiyoning yil futbolchisi (2008, 2011 yillar) nomiga loyiq ko‘rilgan yarimhimoyachi edi. Uning atrofida kuchli va mustahkam o‘yin konstruksiyasi qura oladigan figuralar – Maksim Shatskix hamda Timur Kapadzelar bo‘lgan.
Bahrayn bilan birinchi bahsda bo‘lgan o‘yinda, mezbonlar erta hisobni ochishadi. 39-daqiqada Bahrayn darvozasi tomon penalti belgilangan. O‘n bir metrlikni muvaffaqiyatli bajargan Djeparov ikki gollik farqni yuzaga keltiradi. Ammo ushbu penalti o‘yin bosh hakami, Toshimitsu Yoshida tomonidan bekor qilinib, kamiga Bahrayn uchun jarima zarbasi ham belgilab beriladi. O‘yin 1-0 hisobida, O‘zbekiston g‘alabasi bilan yakun topadi. Keyinchalik, UFA o‘yin to‘g‘risida FIFA ga shikoyat qilgan. Unda hakam sababli, Bahrayn MTJga texnik mag‘lubiyat yozishi talab qilingan edi. FIFA hay’ati shikoyat arizasini ko‘rib chiqib, ushbu o‘yinni qaytadan o‘tkazishga qaror qilgan. Qayta o‘ynalgan bahsda 1-1, durang hisob bilan tugaydi. Javob bahsida hisob ochilmaydi. Mehmondagi gol orqali Bahrayn termasi keyingi, hal qiluvchi bosqich uchun yo‘l oladi. Bahrayn neftga boy bo‘lgan o‘lkaligi jihatidan, FIFA uchun muhim ahamiyatga ega edi. Boz ustiga, O‘zbekiston – Bahrayn o‘yini yuzasidan qaror chiqargan hay’at a’zoligida Bahrayn vakillari ham (Al-Xalifa va Muhammad) bo‘lgan.
Trinidad va Tobago bilan bo‘lgan bahsda qaysidir ma’noda adolat tiklanadi.
O‘sha bahs oldidan , Bahrayn termasi to‘purari va yetakchisi – Alaʼ Hubayl jiddiy jarohat oladi va o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Dvayt Yorkning jamoasi Bahraynni yengib, pley-offga yo‘l oladi.
Shu voqealardan keyingi, har uchala JCH saralashlari ham «oq bo‘rilar» uchun muvaffaqiyatli o‘tmagan. Bahrayn voqeasi garchand eng alamli bo‘lgan bo‘lsa ham, JCHga eng yaqin kelingani ham aynan o‘sha yilgi saralashlar edi. 2014 yilgi Braziliya mundiali saralashida Iordaniya bilan durang o‘ynagan o‘zbeklar, «Paxtakor Stadioni»da, penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishadi. 2018 yilda Rossiya yashil maydonlarida o‘tgan Jahon chempionati kvalifikasiyasida ham o‘xshash hodisot bilan O‘zbekiston termasi yana JCH siz qolib ketadi. O‘shanda so‘nggi, hal qiluvchi o‘yinda o‘z uyida Janubiy Koreyaga qarshi 3 ochko suv va havodek zarur bo‘lib turgan chog‘da, raqibni yenga olmaydi. 0-0 bilan tugagan bahs so‘ngida, «osiyo yo‘lbarslari» yo‘llanma bilan uyga qaytishgan. O‘zbekiston esa har safardagidek, final ostonasida yiqilgandi. Qanchalik kurashuvchan va qat’iyatli bo‘lmasin, O‘zbekiston uchun JCH eshiklari hali ham ochilgani yo‘q.
Xo‘sh, vanihoyat 2022 yilgi futbol bayrami ularga baxt olib kelarmikin? Hozirda o‘z guruhida Saudiya bilan peshqadamlik qilayotgan «turonliklar»ga qolgan ikkita o‘yinda g‘alaba kerak bo‘ladi. Saralash bahslarida so‘nggi paytlarda Osiyo va Yevropada porlab chiqqan 25 yoshli o‘zbek o‘g‘loni – Eldor Shomurodov hammaning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Uning hisobida hozirda MTJ tarkibida 20 ta gol mavjud va u bu borada tengsiz bo‘lishi uchun yana 15 ta gol kerak bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham, Shomurodov va uning termasi, O‘zbekistonning Qatar-2022 uchun kurashini kuzatishda davom etamiz. Umid qilamizki, ularga bu safar omad kulib boqadi va «oq bo‘rilar»ga ovozi boricha uvillash nasib etadi…
Ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV
tarjimasi