Jahon chempionatiga chiqsak, futbolimiz rivojlanib ketadimi?!
Teglar :
JCH-2026 O’zbekiston MTJ
“Xayr, OFK-Salom, UEFA!”, deyishga jurat bormi yoxud “Jahon chempionati uchun” degan sarobni unutib, “Futbolimiz rivoji uchun” degan strategiya bilan UEFAga ko’chib o’tish vaqti keldi, mavzusining davomi.
Bir muddat avval O’zbekistonning UEFAga o’tish imkoniyatlari va 30 yilki sarobligicha qolib ketayotgan Jahon chempionati orzusi haqida maqola yozgan edik. Bugun ana shu mavzuning mantiqiy davomi o’laroq, biz doim orzu qiladigan, ammo xanuz etisha olmayotgan Jahon chempionati istagi haqida gaplashamiz.
Jahon chempionati barcha orzu qiladigan, futbol dunyosidagi eng muhim va asosiy musobaqasi, 4 yillikning katta turniri – mundial! Mustaqillikni qo’lga kiritganimizdan buyon ana shu orzu ishtiyoqida yonamiz. 32 ta jamoa safida bo’lishga, oz emas, ko’p emas, naqd 7 bor harakat va xarajat qilganmiz. Lekin doim «bir bahya» qoladi, doim nechtadir ochko yoki nechtadir gol etishmaydi. Yoki Osiyolik hakamlarning kulgili qarorlari to’sqinlik qilib qoladi.
Yani Jahon chempionatlari saralash bosqichi o’yinlaridagi natijalar va ulardagi turli-tuman hisob-kitoblar, «shans bor» degan umidlar, shuningdek, Baxrayn, Qatar, Koreya, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi terma jamoalarga qarshi «hayot-mamot» uchrashuvlaridagi omadsizliklarimiz, guruhimizdagi boshqa jamoalarning «qoqilishini» kutishimiz va hokazolar unutib bo’lmaydigan “sug’ur kuni”dek o’xshash voqeliklardir.
Keling, o’tmishni biroz unutib, milliy terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqdi, deb faraz qilaylik. O’zbekiston biz kutgan mundialga yo’l oldi va qura natijasida Evropa, Janubiy Amerika va Afrika qitalarining eng kuchli jamoalari guruhiga tushdi. Mantiqan olib qaraydigan bo’lsak, O’zbekistonning FIFA reytingidagi o’rniga ko’ra, terma jamoamiz eng kuchsiz hisoblangan 4-savatchadan joy olishi aniq.
Demak, boshqa kuchliroq savatchalardan qura natijasida quyidagi jamoalar bizga raqib bo’lishini misol qilib qo’rsatish mumkin.
«A» guruhi – Braziliya, Turkiya, Kosta Rika, O’zbekiston
Yoki
«B» guruhi – Ispaniya, Ukraina, Tunis, O’zbekiston
Yoki
«S» guruxi – Portugaliya, Braziliya, Kot D`ivuar, O’zbekiston
Ana endi bir savol paydo bo’ladi? Xo’sh, O’zbekiston futbol ahli uzoq yillar kutgan Jahon chempionatidagi guruhimizga shunday raqiblar tushishidan qanchalik xursand bo’lishi mumkin?!
Keling, tasavvurimizdagi raqiblar JCHning guruh bosqichida qaerdan paydo bo’lganini tushuntirib o’tsak.
«A» guruxidagi raqiblar 2002 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan Xitoy jamoasining guruhdagi raqiblari edi. Xitoy ushbu jamoalar bilan 3 o’yinda ko’rsatgan natijalari quyidagicha:
Kosta Rika – Xitoy: 2-0. Braziliya – Xitoy: 4-0. Turkiya – Xitoy. 3-0.
Xitoy jamoasi 9 gol o’tkazib musobaqani golsiz tark etgan.
«B» guruhidagi raqiblar 2006 yilgi Jaxon chempionatida ishtirok etgan Saudiya Arabistoni jamoasining guruhidagi raqiblari edi. Saudiya Arabistoni ushbu jamoalar bilan 3 o’yinda ko’rsatgan natijalari quyidagicha:
Tunis – Saudiya: 2-2. Ukraina – Saudiya: 4-0. Ispaniya – Saudiya. 1-0.
Saudiya Arabistoni jamoasi 2 gol urib, 7 gol o’tkazib yuborgan.
«S» guruhidagi raqiblar 2010 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan KXDR jamoasining guruhidagi raqiblari edi. KXDR ushbu jamoalar bilan 3 o’yinda ko’rsatgan natijalari yodingizdan ko’tarilgan bo’lishi mumkin. Ular quyidagicha:
Braziliya – KXDR: 2-1. Portugaliya – KXDR: 7-0. Kot Divuar – KXDR. 3-0.
KXDR jamoasi 1 gol urib, 12 gol o’tkazib yuborgan.
Xo’sh, ushbu guruhlarga O’zbekiston terma jamoasi tushib qolganda, natijalar qanchalik darajada farq qilgan bo’lar edi? Tahminiy hisoblar xayolingizda o’tgan bo’lsa kerak…
Biz Osiyoning o’sha paytdagi eng kuchli 4 talikka kirgan jamoalarini misol qilib ko’rsatib o’tdik. Nega Yaponiya va Koreya misol qilinmadi, degan savol tug’ilgan bo’lishi mumkin. Ularning futboli darajasi Osiyo futbolidan anchagina ildamlab ketgan…
Aytgancha, bu taxminiy guruhlar barchasi Osiyo jamoalari misolida ko’rsatilganiga etibor qarating.
Jahon chempionati bu – futbol rivoji uchun kafolatmi?!
Yuqorida ko’rsatib o’tilgan misollarda Xitoy va KXDRning Jahon chempionatlardagi ishtiroki va ularning ko’rsatgan natijalariga etibor qildingiz. Boshqa Konfederaciyalarning Jaxon chempionatlaridagi o’yinlari va natijalariga bir nazar solsak, quyidagilarni ko’rsatib o’tish mumkin.
1998 yilgi mundialda Yamayka, 2006 yilda Trinidad Tobago, 2014 yilda Gonduras va 2018 yilda Panama terma jamoalari ham ishtirok etdi.
Xo’sh, bundan ularning futbolida qandaydir o’rgarish yoki o’sish bo’ldimi?! Jahon chempionatidan so’ng ularning futboliga qiziqishlar ortdimi?! Ushbu jamoalarning futbolchilari JCHdan so’ng biror bir nomdor klub tarkibiga borib qo’shildimi? Ichki futboli qandaydir ko’zga ko’rinarli o’sishga erishdimi?! Bu savollarning barchasiga «yo’q» yoki «xabardor emasman» degan javobni berishingiz aniq.
Bunday paydar-pay savollarni farazan mundialga chiqqan O’zbekiston terma jamoasiga ham berish mumkin, albatta. 4 yilda o’tkaziladigan mundialdagi 3 tadan ko’p bo’lmagan o’yinlar bizning futbolimiz uchun yakkayu-yagona orzu va maqsad sifatida qaralishi qanchalik to’g’ri?! Nahotki, o’zbek futbolining rivoji aynan JCHdagi ishtirokimizga bog’liq bo’lib qolgan bo’lsa?!
To’g’ri, JCHga chiqishni uddalasak, albatta, bu bilan ichki futbolimizga bo’lgan qiziqishni bir oz oshirishimiz, futbolni yoshlar ichida yanada ommalashtirishimiz ehtimoli yo’q emas. JCHda ishtirokimiz boshqa yana ko’plab yaxshi imkoniyatlarni ochib berishi bor gap. Ammo Jahon CHempionati va undagi 3 ta o’yin bizning yakkayu yagona maqsadimiz sifatida qaralishini juda jo’n va oniy istak, fikrimizcha.
Masalaning post kallasini aytganda, biz istayotgan «Jahon chempionati»ni, yani xaqiqiy futbol bayramini aynan UEFAdan topishimiz aniq.
Nega? UEFA taqvimini ochamiz: O’zbekiston terma (U-17, U-20, U-23 va Milliy) jamoalari va klublari Evropaning kuchli jamoalariga qarshi (4 yilda emas) har 1 yoki 2 oyda o’yinlarda ishtirok etishi «Jahon chempionati» emasmi?! Uzluksiz o’yinlar futbolchilarimiz, murabbiylarimizni o’sishga, o’z ustida ishlashga majbur qiladi, standartlar ham o’zgaradi.
Agar siz futbol o’ynagan yoki unga yaqin odam bo’lsangiz, qancha kuchli jamoalar bilan o’yin ko’p bo’lsa, shunda o’sish bo’lishini yaxshi bilasiz. Demakki, Evropa bizga ana shunday eshiklarni ochadi.
UEFA – yoshlarimiz uchun evrofutbolga kirish «eshigi»
Xa, aynan «eshik». Tramplin emas. Yorqin misol o’laroq Eldor SHomurodovning “Roma”ga o’tishini aytish mumkin. Mustaqilligimizga deyarli 30 yil bo’libdi-ki, o’zbek futboli tarixida birgina futbolchi Evropaning eng kuchli jamoalaridan birining tarkibiga kelib qo’shildi. Ammo “Roma”gacha bo’lgan «tramplin»larni barchangiz yoddan ayta olsangiz kerak. “Mashal” akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida faoliyatini boshlab, 9 yildan so’ng (2005-2014) “Bunyodkor”ga borib qo’shiladi. 2,5 yil (2015-2017) «Bunyodkor»da ajoyib mavsum o’tkazib, Rossiya CHempionati vakili «Rostov»da faoliyatini davom ettiradi. 3 yil (2017-2020) davomida «Rostov» tarkibida to’p surib, Evropa top chempionatiga yo’l oladi. 2020 yilning sentyabr oyidan boshlab Italiya «A» seriasi vakili «Jenoa»da yarim mavsum davomida ajoyib o’yin ko’rsatib «Roma» safiga kelib qo’shildi.
Bir qaraganda ajoyib va qiziqarli faoliyat, shunday emasmi? Lekin Eldor bu maqsadga erishguncha qanchadan-qancha «tramplin»lar va yillar kerak bo’ldi. 26 yoshda bunday natijaga erishishning o’zi ajoyib natija bo’lsa ham.
Biz bugungi kungi 30 yillik futbol tariximizda atigi bir futbolchimizning bunday natijaga erishganidan faxrlanayapmiz. Faxrlanishga arziydi. Lekin bunday natija 30 yilda bir marotaba emas, keyingi 5-10 yilligimizda kamida 10-20 martagacha ko’payishini taminlash va unga erishish uchun xarakat qilish vaqti kelmadimikan?!
Yuqoridagi mavzuga qaytadigan bo’lsak, O’zbekiston UEFAga qaytishi orqali futbolchilarimizda bunday uzoq muddatli «tramplin»lar kamayib, yangi o’sib kelayotgan yosh iqtidorlarimiz uchun evrofutbolga kirish «eshik»larini ochib beradi. Yani yosh iqtidorlarimiz uchun 20-21 yoshda «Roma» kabi Evropaning kuchli jamoalariga ko’chib o’tishga imkon yanada ko’payadi. Barchangiz yaxshi bilasiz, Evropa futbolida skautlar barcha muhim musobaqalarni kuzatib borishadi va undagi iqtidorlarni yosh va «qaynoqqina» paytida o’z klublariga olib ketish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishadi. Osiyo futboli orqali esa bunday natijaga erishish juda kam sonli futbolchilar uddalashgan xolos. Eldor esa ularning biri.
Jahon chempionati xaqidagi farazlarga qo’shimcha qilib xaqiqatga yaqinroq bir jihatga ham etibor qilishimiz mumkin. Agarda biz yanada ko’prof “eldor”lar paydo bo’lishini istasak, klublarimiz uchun bugungi kunda nufuz va saviya jihatdan mos keladigan evromusobaqa, yani Konferenciyalar ligasida qatnashish uchun imkon yaratib berish vaqti keldi. Malumot uchun, Konferenciyalar ligasi nufuz va moliyaviy tomondan CHempionlar Ligasi va Evropa Ligasidan keyingi musobaqa hisoblanadi. Ushbu musobaqada Evropa chempionatlarining 5-6 o’rindagi klublari ishtirok etiishadi. Yana o’zimiz yaxshi bilgan Qozog’iston klublarini misol qilib o’tsak, Konferenciyalar ligasida “SHaxtyor Karaganda”, “Tobol” va “Astana” klublari ushbu mavsumda ishtirok etishdi. “Qayrat” klubi esa CHempionlari Ligasining 3-bosqichidan va Evropa Ligasining pley-off bosqichlarida mag’lub bo’lib, Konferenciyalar ligasining so’ngi bosqichida ishtirok etishadigan bo’lishdi. Etibor qiling, 2 evromusoqalardan ketma-ket chiqib ketishiga qaramasdan, evromusobaqalarda o’ynash va moliyaviy tomonlama foyda qilishga imkoniyat UEFAda barcha uchun yaratilgan.
SHunday qilib, hozirgi paytda bizning klublarga saviya tomonlama bir xil bo’lgan qozoq klubi, misol uchun “SHaxtyor Karaganda” quyidagi klublar bilan evromusobaqalarda o’ynab UEFAdan quyidagicha moliyaviy foyda ko’rishga imkoniyati mavjud:
Birinchi saralal bosqichi: UEFA reytingi 2-bosqichiga to’g’ridan-to’g’ri yo’llanma
Ikkinchi saralash bosqichi: “SHaxtyor Karaganda” – “Styaua” (Ruminiya): hisob 5-3
Uchinchi saralash bosqichi: “SHaxtyor Karaganda” – “Kolos” (Ukraina): xisob 3-1
Pley off bosqichi: “SHaxtyor Karaganda” – “Makkabi” (Isroil):
Pley-off bosqichida xam qozoqlar g’alaba qozona olishsa, “SHaxtyor Karaganda” Konferenciyalar Ligasi gurux bosqichiga yo’l oladi va 2021-22 yilgi mavsumda evromusobaqalarda ishtirokini davom ettiradi. Qozog’iston klubining moliyaviy daromad ko’rish bo’yicha malumotlari esa ….
Umumiy qilib hisoblaydigan bo’lsak, qozoqlarning kamida 1 jamoasi, yani “SHaxtyor Karaganda” 4 million 590 ming Evro daromad ko’rishi mumkin. Guruh bosqichidan keyingi bosqichga yo’l olishsa, bu mukofot pullari 6 yoki 7 million Evroni tashkil qiladi.
“Paxtakor”ning OFKning 2021 yil mavsumidagi eng nufuzli musosabaqasida, yani Osiyo CHempionlar Ligasidagi foydasi 90 ming AQSH dollari bo’lganini yana bir bor eslatib o’tsak.
OFK klublari uchun eng nufuzli musobaqa (OCHL) va UEFAning nufuz tomonlama 3-o’rindagi musobaqasi o’rtasidagi fantastik tafovutni ko’ring!
Xuddi Qozog’iston klublaridek bizning 3 yoki 4 klubimiz (Nasaf, Paxtakor, Bunyodkor, AGMK va xokazolar) Konferenciyalar ligasida ishtirok etib, yangi “eldorlar”imizni evromusobaqalarda ko’rsatib, shunday moliyaviy daromad ko’rishlarini O’zbekiston Futbol Associaciyadagilar nahotki istashmasa?!
Klublarimiz har yil evromusobaqalardan qozoq klublaridek moliyaviy daromad ko’rishsa, davlatimiz tomonidan Superliga klublari uchun ajratilayotgan pullari ham yillar sayin kamayib, o’zini o’zi boqa oladigan klublarimiz soni ko’payishi taminlanib, “davlat pulining ko’kka sovurilishi” haqidagi gaplarga ham chek qo’yilar edi.
Klub(lar)imiz UEFA CHempionlar Ligasining guruh bosqichiga chiqa olgan taqdirda esa, klublarimiz uchun “Jahon chempionati”ni O’zbekistonda o’tishiga va futbol bayramini o’zimizning to’lib-toshgan stadionlarda o’tkazilishiga imkoniyat yaratilar edi. Klub(lar)imizning moliyaviy mukofotlari xam 1 mavsum uchun 15-16 million Evrogacha oshishiga imkon yaratilar edi…
Ustiga ustak, UEFAda yoshlar futboliga juda katta etibor berilishini va UEFA Yoshlar o’rtasidagi CHempionlar Ligasi uchrashuvlari xar yili o’tkazilishini ham alohida belgilab o’tish kerak. Bu musobaqa ham yosh iqtidorlar uchun o’zini ko’rsatib, kuchli jamoalarga ko’chib o’tish uchun yana bir qulay imkoniyat hisoblanadi. Masalan, aynan Yoshlar o’rtasidagi Evropa CHempionlar Ligasi shu kungacha Maunt, Joao Feliks, Jota, Gnabri singari bugungi kundagi taniqli futbolchilarni evrofutbolga taqdim etdi. O’zbek klub(lar)i yoshlar jamoasining ushbu musobaqadagi ishtiroki etsa, yangi o’zbek “maunt”larini kelajak futbolimizga taqdim qilishi uchun ajoyib imkoniyat bo’lishiga ishonamiz.
Qissadan hissa shuki, bugungi kunda O’zbekiston Futbol Associaciyasida qanday futbol targ’iboti olib borilayotganidan va kelajagimiz xaqida qanday tasavvurlar borligidan xabarimiz yo’q. Lekin taklif o’sha-o’sha: Katta jurat bilan “Jahon chempionati uchun” degan sarobni unutib, “Futbolimiz rivoji yo’lida” degan strategiya bilan UEFAga ko’chib o’tish vaqti keldi!
Muslim Mirzajonov