Boks/MMA

Rahmatjon Ro’zioxunov bilan intervyu.

284

Boks bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi murabbiyi Rahmatjon Ro’zioxunov jurnalist Og’abek Samisovga bergan intervyusida nega murabbiylikni tanlagani, Bahodir Jalolovga qanday motivaciya berganligi, shogirdlarini qanday tarbiyalashi va Olimpiada finalidan keyingi hissiyotlari bilan o’rtoqlashdi.

Tokiodagi yozgi Olimpiya o’yinlarining so’nggi kunida o’zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov amerikalik raqibi Richard Torresni mag’lub etib, O’zbekistonga ushbu musobaqaning uchinchi oltin medalini olib kelgan edi. Sportchining murabbiyi Rahmatjon Ro’zioxunov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida nega murabbiylikni tanlagani, sportchilar rioya etish kerak bo’lgan qoidalar va Olimpiada finalidan keyingi hissiyotlari haqida so’zladi.

— Qanday qilib murabbiy bo’lgansiz va nega murabbiy bo’lishni xohlagansiz?

— Yoshligimda sport bilan shug’ullanganimda bo’yim biroz kichkinaligi uchun mashg’ulot vaqtida ko’proq oldinda turardim. Hamma eng oldinda turib mashq bajarishni yaxshi ko’rardi. CHunki uning ortidan boshqalar qaytarar edi. O’sha vaqtlarda menda murabbiylik ishtiyoqi uyg’ongan.

Otam futboldan dars berar edi. O’sha vaqtlarda u «Bolam, bu yaxshi kasb. Insonlar orasida bola tug’ilmay qolsagina, bu kasbga ehtiyoj bo’lmaydi», derdi. Odam bolasini yaxshi inson bo’lishi uchun sportga beradi. SHuning uchun otam shu kasbni tanlashim kerakligini aytganlar. 

1986 yilda Angren pedagogika kollejini bitirib, murabbiylik qilishni boshlaganman.

— Murabbiy bo’lmaganingizda, nima bilan shug’ullanardingiz?

— Men ko’proq mashinalarni yaxshi ko’rardim. Ularni tuzatishga, tez yurishlariga qiziqaman. Lekin hozir qaytadan tug’ilsam yana murabbiy bo’lardim. Murabbiy bo’lsangiz doimo yoshlar bilan yurasiz yoki hech bo’lmasa bir kunda bitta mashq bajarasiz. SHuning uchun yoshdek bo’lib turasiz. SHu bois ham o’z kasbimni juda yaxshi ko’raman.

— Sportchilar murabbiylari bilan ko’p vaqt o’tkazishadi. Murabbiyni oilaning bir azosi deyishadi. Rostdan ham shundaymi?

— Rostan ham shunday. Ko’p ota-onalar kelib «Rahmatjon, faqat buni bolamga aytmang. Farzandim „shunaqa“ bo’lib qolgan. Siz so’rab bering, sizga aytadi», deb, farzandidagi qandaydir o’zgarishni aytadi. O’zimiz ham ustozlarimizni hurmat qilganmiz. Ko’pchilik farzandlar, albatta, onasiga ko’proq erkalanadi. Murabbiyga esa bunday qilolmaydi.

Men o’zimning shogirdlarimga «birinchi bo’lib hamma narsani men eshitishim kerak. Yaxshi narsami, yomon narsami, men uni oldini olishga harakat qilaman», deb aytganman. SHuning uchun yigitlar murabbiylariga suyanib qolishgan. Ular o’z ichidagi dardini, birovni yaxshi ko’rib qolsa ham yoki biror muammosi bo’lsa ham murabbiyga aytishadi.

— O’z shogirdlaringizga qanday qadriyatlarni singdirishga harakat qilasiz? Buni qanday amalga oshirasiz?

— Hozirgi kunda O’zbekistonda bitta shior bor: «Menga O’zbekiston yoki prezident nima qildi, deb emas, balki men O’zbekistonga nima qildim?», deb so’rash kerak. Sportchilarga shunday maqsad qo’yinglar deb dalda beramiz.

Sportchi Olimpiadagacha keldimi, u tarixda qolishi kerak. Men shogirdlarimga «Sen shu ergacha kelding. Bu abadiy emas, chunki ortingdan qadam tashlayman, deb turgan ukalaring bor. Sen endi yurtingga, prezidentinga va ota-onangga nimadir qilishing kerak. SHu narsani maqsad qil», deb aytaman. Masalan, Muhammadqodir Abdullaev Olimpiada chempioni bo’lganidan keyin 16 yil davomida hech qaysi o’zbekistonlik bokschi Olimpiya chempion bo’lolmadi. Undan keyin 3 nafar sportchi, bu yili esa Bahodir Jalolov chempion bo’ldi. Ular tarixga kirdi. Sportchilarga tarixga kirishga harakat qilish kerakligini ko’p uqtiraman.

— Sizning shogirdlaringiz qanday qoidalarga rioya qilishi kerak? Ushbu qoidalar qanchalik qatiy?

— Bazida ularga biror joyga erkin borishlariga ruxsat beramiz. Lekin musobaqadan oldin va aynan musobaqa vaqtida ular bizdan so’ramasdan hech qaerga bormaydi. SHuningdek, tibbiy qoidalarga rioya qilishlari kerak.

O’quv-mashg’ulot yig’inlari vaqtida kechqurun soat 22:00 dan keyin ularning telefonlarini yig’ib olamiz. Mashg’ulot yig’inlarining ilk kunlarida yig’ilish o’tkazilib, shu narsaga kelishiladi. Agar ularda ikkinchi telefon topilsa, sindirib yuborilishi aytiladi. Barcha bu narsaga rozi bo’lib, so’z beradi.

Nega telefon yig’ib olinadi? U internetga kirib, nimadir ko’rishini oldini olish uchun emas. Sportchi o’z raqiblarini o’rganishi kerak. Ularning ko’pchiligining sevgan qizlari bor. U qiz «men boshqaga turmushga chiqyapman», desa, bo’ldi. Sportchining hayoli boshqa joyga ketadi. Yoki uyidagi yaxshi ko’rgan biror jonivori o’lib qolsa, bu narsa sportchiga tasir qilishi mumkin. Vaqti kelsa, biz telefonlarni o’zimiz beramiz. Avvalo tartib bo’lishi kerak. Agarda tartib bo’lmasa, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo’ladi.

— G’alaba qozonish uchun sportchi qanday xususiyatlarga ega bo’lishi kerak?

— G’alaba qozonish uchun birinchi navbatda intizom kerak. Sportchilarim orasidan intizomli sportchi deb Isroil Madrimovni bilaman. Yig’inlar vaqtida yoki biror joyga tadbirga borganda Isroil ovqatni o’ylab, bilib eydi. CHunki u o’z vaznini ushlab turish uchun, uni oshirib yubormaslik uchun nima eyish kerakligini biladi.

Elshod Rasulovda tartiblilikni ko’rganman. Bokschining binti, kapasi, sport kiyimi barchasi alohida turishi kerak. Hatto boskchining o’z qaychisi bo’lishi kerak. Elshodda shu jihatlar bor. Bokschi ana shunday hislatlarga ega bo’lsa, hamma ishi yurishadi.

Bokschining o’z kundaligi ham bo’lishi kerak. Kundalikda u kim bilan boksga tushganini yozib borishi kerak. Unda qaysi raundda qanday yutgani yoki yutqazganini yozib borishi kerak. Bokschi tartibli bo’lsa va mashg’ulotda berilgan vazifani bajarsa, albatta, barcha musobaqalarda g’olib bo’la oladi.

Ko’pchilik bokschining aqli yaxshi ishlamaydi, deb aytadi. Aslida, bokschidan ham miyasi tez ishlaydigan inson yo’q. Bokschi juda ham tez o’ylashi kerak. Ularning aqli yaxshi ishlashi uchun Toshkent va CHirchiqdagi Olimpiya zaxiralari kollejlarida boks murabbiylari sportchilarga ko’proq krossvord echtirishadi, shaxmat o’ynatishadi. Agar bokschining miyasi yaxshi ishlamasa, u musht eydi va «ko’zidan o’t chiqadi».

— Sportchida chempionni darhol payqash mumkinmi yoki bu vaqt davomida bilinadimi? CHempion bo’lish uchun yuksak istedod sohibi bo’lish kerakmi yoki sportchi mehnatkash bo’lishi muhimroqmi?

— Sportchining bo’yiga va harakatiga qarab uning kelajagi bor ekanligini bilish mumkin. Lekin baribir hamma narsa murabbiy va sportchiga bog’liq.

Bahodir Jalolovni barcha musobaqalarda chempion bo’lishini uning harakatlari, mashg’ulot qilishlaridan bilar edik. Uning bo’yi ham, yoshi ham katta edi. Katta vazndagilar sekin-sekin o’sib boradi.

Lekin yoshlar almashinuvi degan tushuncha bor. Masalan, bokschi yoshlar o’rtasida Olimpiada, Osiyo, Jahon chempioni bo’lishi mumkindir, biroq katta toifaga o’tganda bunday natijalarni ko’rsata olmasligi mumkin. Aksincha yoshlar toifasida biror natija qilolmayotgan sportchilar kattalar toifasiga o’tganda ochilib ketishi mumkin.

Rahmatjon Ro'zioxunov bilan intervyu.

— SHogirdlaringiz sizni qanday murabbiy deb tariflashadi?

— Yaqinda bir voqea bo’ldi. Barcha sportchilar bilan yig’ilib qolganimizda Bahodir Jalolov «Yigitlar, Rahmatjon aka 53 yoshga kirdi. Bizning otamiz tengi. Kelinglar, endi uni Rahmat tog’a, deb chaqiramiz», deb aytdi. Endi hozir o’zlarining o’zaro muloqotida «Rahmat tog’a», deb yurishadi. Kimdir «amaki» deydi va hokazo.

Bahodir Jalolov finalda yutib, ringdan chiqqanda men uni «malades, sen meni asalim, jonimsan», deganman. Aslida, men o’zimning nevaralarimni ham shunday erkalayman. Bahodir katta qizim bilan teng. Uni farzandimdek yaxshi ko’raman.

SHogirdlar nima deb chaqirsa ham, doimo qatorda turganda biz, murabbiylar, ularga aytamiz, «Yigitlar, bizni hurmat qilmasangiz ham bizning mehnatimizni hurmat qilinglar. Olimpiada chempioni bo’lganingdan keyin so’rashmasang ham mayli». Nimaga bunday deymiz? Yoshlikda biz ham bu narsani tushunmaganmiz. Jangda nima qilishni biz ham bilamiz, lekin yoshimiz o’tib bo’ldi, urusholmaymiz. «Agar hozir sen shu narsani qilmasang, katta bo’lgandan keyin afsuslanasan», deymiz. Ularga xatolarimizni tushuntirishga harakat qilamiz.

— Murabbiy sifatida shogirdingizga o’zining eng yaxshi iqtidorlari va qobiliyatlarini ochishga qanday yordam berasiz?

— Terma jamoaga endi etilib kelayotgan emas, aksincha har tomonlama tayyor sportchilar keladi. Murabbiy yosh sportchini o’z darajasida yaxshi tayyorlagach, u yoshlar terma jamoasiga, keyinroq kattalar termasiga chaqiriladi. Terma jamoada esa sportchi avval olmagan va unga etishmagan jihatlarni o’rgatamiz.

Birinchi o’rinda, ularning rivojlanishi uchun ovqatlanish muhim. Sportchi 3 mahal ovqatini eyishi, mashg’ulot qilgandan so’ng yo’qotilgan kaloriyalar o’rnini yana to’ldirishi, vaqtida uxlab, vaqtida turishi lozim. Bir sportchi bitta mashg’ulot qilsa 5000 kaloriya yo’qotadi.

Ertalabga 9 xildan oshiq oziq-ovqat mahsulotlarini istemol qiladi: qazi, baliq ikrasi, kasha, kompot, non, go’sht, tuxum, saryog’, bodom, pista, o’rik turshagi. Bular mening esimda bori. Tushlikda birinchi va ikkinchi ovqat, salat, mevalar, kompot, non, choy bo’ladi. Kechqurun ham shunday: birinchi va ikkinchi ovqat, til, salatlar, shokolad va banan beriladi.

— Hal qiluvchi jangdan oldin Bahodirga qanday motivaciya berdingiz?

— Uning birinchi o’rindagi motivaciyasi prezidentga bergan so’zi edi. Men o’quv-yig’in mashg’ulotlari vaqtida unga motivaciya bermaslikka harakat qildim. Nega deysizmi? CHunki har kuni sizga ismingizni aytib, motivaciyalar berilsa sizga bu odatiy hol bo’ladi. CHet davlatda, hech kim uni tanimaydigan joyda uni chaqirib, motivaciya bersam boshqacha bo’ladi.

Motivaciyani Tokioda berdim. «Sen prezidentga vada bergansan, onangga vada bergansan», dedim Bahodirga.

— Bahodir finalda g’alaba qozonganida nimalarni his qildingiz?

— Avvalo, quvonch ko’z yoshlari. CHunki Bahodir finalga chiqqandan so’ng 6 kun kutish kerak bo’ldi. SHu vaqtda Bahodir bilan bir joyda o’tirib qolmaslikka, iloji boricha uning kayfiyatini ko’tarishga harakat qildik. Finalga oxirgi kunlar qolganda raqibini o’rganib chiqdik.

Bahodir yutganidan keyin 1 daqiqa ham Tokioda turgim kelmadi. Ringdan chiqib, samolyotga o’tirib ketgim keldi. Judayam charchagan edik, chunki boks musobaqalari Olimpiadaning boshida boshlanadi, eng oxirgi kuni yakunlanadi. Avvalo uyni sog’ingan edik.

Hakamlarning qilgan ishlari ham bizga og’ir botdi. Biz ruhan charchagan edik. Bokschilarimizni ko’rib ezilib ketgandik. 5 yil davomida O’zbekiston boksi Jahonda birinchilikni bermadi. Bu narsa yig’ilib borib, shu Olimpiadadan chiqarishdi.

— G’alaba va mag’lubiyat — juda ehtirosli onlar. Ehtiroslarni qanday jilovlash mumkin?

— Mag’lubiyat tamini tatib ko’rmagan inson g’alabani his qila olishi qiyin. Sportchi yutaversa-yu, keyin bir kun mag’lub bo’lsa — bundan yomoni yo’q. SHu g’alabalar orasida mag’lubiyat ham bo’lishi kerak.

O’tgan Olimpiadadan keyin ko’p sportchilar mag’lub bo’lishdi. Buning sababi biz ularni 6 oy davomida ko’rmadik. Ularni hamma joyda tadbirlarga olib borishdi. SHu sabab bo’ldi mag’lubiyatlarga. Ular keyin o’zlarini tiklab, professional boksga o’tib, yaxshi natijalarni ko’rsatishdi.

— Endilikdagi rejalaringiz qanday?

— 25 avgustdan o’quv-yig’in mashg’ulotlari boshlandi. U erga 100 nafardan ortiq sportchilar taklif qilingan. 2 oydan keyin Jahon chempionati bo’lib o’tadi. SHu musobaqaga tayyorlanamiz. U erda 13 ta vazn toifasida janglar bo’ladi. Biz ko’proq yoshlarni jalb qilishga harakat qilamiz, asosiy maqsadimiz ularni sinab olish. SHu orqali Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik ko’rib boraveramiz.

Lekin o’ylab qoldim, shu musobaqalarda biroz shoshmaslik kerakdir balki. CHunki o’tgan Olimpiadadan oldin Osiyoda ham, Jahonda ham chempion bo’ldik, keyin hamma bizga dushman bo’lib oldi.

Fikr bildirish