“Tishsiz bo’ri” yoxud hujumchilar qachon gol urasiz?
Teglar :
Zabihillo O’rinboevSHohruh MahmudxojievBahodir Nasimov
FIFA kunlari bois yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib Superliga mavzusidagi tahliliy maqolalarni etiboringizga havola qilishda davom etamiz.
Bugun hujumchilar haqida to’xtalishni lozim topdik. Gol urayotgan hujumchilarga o’z vazifalarini bajarishlarini tilagan holda, hozirga qadar darvozalarga yo’l topishni uddasidan chiqa olmagan forvardlar haqida gaplashamiz.
Zabihillo O’rinboev ("Navbahor")
2021 yil Superligada:17ta o’yin
Daqiqasi: 894
Oxirgi marotaba urgan goli: 20.11.2020 23-tur, "Surxon" – "Navbahor" 0:1
O’z vaqtida yoshlar va olimpiya terma jamoalarida ko’plab gollarga mualliflik qilgan Zabihillo O’rinboev nima uchundir klub miqyosida buni namoyish qilishga qiynalmoqda. O’tgan mavsumdan beri "Navbahor" sharafini himoya qilayotgan hujumchi bu yil Superligada hali gol urishni uddasidan chiqmadi. "Lochinlar" safida u so’nggi bor Superligada 2020 yil "Surxon" darvozasiga yo’l topgandi. Balki ushbu holat uni o’zini ham havotirga solayotgandir.
Bahodir Nasimov ("So’g’diyona")
2021 yil Superligada: 13ta o’yin
Daqiqasi:386
Oxirgi marotaba urgan goli: 20.11.2020 23-tur, "So’g’diyona" – "Nasaf" 3:1
Tajribali hujumchi Bahodir Nasimovning faoliyatida so’nggi yillarda pasayish kuzatilmoqda, desak mubolag’a bo’lmaydi. Futbolchi joriy yil hali gollari hisobni ochishga ulgurgani yo’q. "So’g’diyona" libosida u oxirgi marotaba o’tgan mavsumning yakunida "Nasaf" darvozasiga gol urgandi. Uning tajribasiga shubha qilmaymiz. Balki yana so’nggi turlarga kelib mazkur ananaga barham berar. Buni esa vaqt ko’rsatadi.
Zafar Polvonov (AGMK)
2021 yil Superligada: 15
Daqiqasi: 341
Oxirgi marotaba urgan goli: 17.10.2020, 19-tur, "Mashal" – AGMK 0:2
AGMKning faxriy futbolchisiga aylanib borayotgan Zafar Polvonovga ham bu mavsum Superligada gol urish hali nasib qilmadi. Etiborlisi forvard OCHL guruh bosqichida 5ta o’yinda maydonga tushib 4ta golga mualliflik qildi.
Andriya Kaluderovich ("Nasaf")
2021 yil Superliga ikkinchi davrada: 8ta o’yin
Daqiqasi: 302
Ikkinchi davrada hujum chizig’ini kuchaytirish uchun taklif qilingan Andriya Kaluderovich hozircha faqat O’zbekiston kubogida "Metallurg"ga to’p kiritdi. Superligada esa bunday vazifani bajarish biroz qiyin kechmoqda. Asosiy tarkibda Husayn Norchaevga raqobatda yutqazayotgan serbiyalik futbolchi balki, qolgan o’yinlarda o’zini ko’rsatar.
SHohruh Mahmudxojiev ("Navbahor")
2021 yil Superligada: 10ta o’yin
Daqiqasi: 269
Oxirgi marotaba Superligada: 2019 yil "Paxtakor" libosida, 13-tur, "Qo’qon-1912" – "Paxtakor" 1:2
Aleksandr Mochinov boshchiligidagi o’smirlar terma jamoamizda o’zini ko’rsatgan SHohur Mahmudxojievdan ko’p narsa kutilgandi. Lekin "Paxtakor"ning zaxirasida qoldi. Natijada o’tgan mavsumning ikkinchi davrasida "Navbahor"ga ijaraga berildi. Forvard avvalgi mavsum O’zbekiston kubogi chorak finalida "Nasaf" darvozasini ajoyib tarzda ishg’ol qilib stadionni larzaga keltirgani yodingizda bo’lsa kerak. Bu yildan esa u to’liq "lochinlar" azosiga aylandi. Biroq hozirga qadar raqiblar darvozasini ishg’ol qila olganicha yo’q.
Aslida yarim himoyachi va qanot himoyachisi sifatida to’p tepib kelgan Ixtiyor Toshpo’latov ikkinchi davrada "Turon"ga o’tgach hujumchi sifatida harakat qila boshladi. Tezkor futbolchi yaypanliklar tarkibida 9ta bahsda ishtirok etdi. Aytganimizdek hujumchiga aylantirilgan futbolchining hozircha raqiblar darvozbonini ranjita olgani yo’q. Buning uchun oldindagi hal qiluvchi bahslarda u o’zini ko’rsatishi talab etiladi.
Hujumchilarimizga keyingi bahslarda birdan-bir chiroyli gollarni urib muxlislarni xursand qilishlarini tilab qolamiz. Do’st achitib gapirar, dushman kulib. Maqsadimiz esa aslo dushmanlik emas. Salomat bo’ling!
Abdulaziz Iskandarov