Jizzaxga chempionlik ruhini olib kirgan murabbiy
Teglar :
So’g’diyona-WSHerali Boboqulov
Ayollar Oliy ligasining 22-turida chempion nomiga aniqlik kiritildi.
"So’g’diyona-W" — musobaqa g’olibi. Bevosita Jizzax klubiga to’xtaladigan bo’lsak, chempionlik qo’lga kiritilishidagi asosiy figura jamoa ustozi SHerali Boboqulov ekani oydinlashadi.
1984 yilda tug’ilgan mutaxassis bir paytlar Bekobodning "Metallurg" klubi sharafini yashil maydonda himoya qilar edi. Keyinchalik murabbiylik faoliyatini ham aynan Bekobod klubining ayollar jamoasida boshladi (2013). SHerali Boboqulovda murabbiylik faoliyatining starti favqulodda omadli bo’ldi. Medallar va chiroyli g’alabalardan keyin 2016-2017 yillarda O’zbekiston ayollar terma jamoasini ham boshqardi. 2017 yilda "Metallurg" bilan ichki musobaqalarda "Oltin dubl" qayd etishdan tashqari, Qirg’izistonning Bishkek shahrida o’tkazilgan “Uch millat” kubogida terma jamoa bilan zafar quchdi.
Barchasi yaxshi ketayotgan edi. Ammo 2018 yilning yanvarida "Metallurg-W"dan istefoga chiqqan murabbiy "So’g’diyona-W"da ish boshladi. Jizzaxdagi dastlabki mavsumida 6-o’rin bilan kifoyalangan SHerali Boboqulov keyingi 2 yilga bronza bilan yakun yasadi. Va o’zining 4-mavsumida Jizzaxga chempionlik kayfiyatini olib kirdi…
37 yoshli mutaxassis bilan katta suhbat tashkil qildik:
– CHempionlik qo’lga kiritilgan bu yilgi mavsum haqida nima deya olasiz?
– Fursatdan foydalanib, barcha jizzaxlik va bizning jamoaga befarq bo’lmagan muxlislarni qo’lga kiritilgan tarixiy g’alaba bilan tabriklayman. Klub rahbariyati, homiylarimiz, hodim va ishchilarning barchasiga chempionlik yo’lida qo’shgan hissasi uchun jamoamiz nomidan tashakkur aytamiz. Xabaringiz bor, “So’g’diyona” 2019-2020 yillar ikki bor bronza medalni qo’lga kiritdi. Rahbariyatimiz jamoada salohiyat borligini ko’rib, barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Bizning oldimizga chempionlik va Kubok vazifasini qo’yishdi. Jamoamiz bilan hammadan birinchi, 5-yanvardan o’quv-yig’in mashg’ulotlarini boshladik. Klubni yanada kuchaytirish uchun harakat qildik, legionerlar taklif qildik, maqsadimiz sari izlandik, mehnat qildik va mana samarasini ko’rib turibmiz. CHempionat biz uchun og’ir va mashaqqatli kechdi. Bu yil jamoa “Sevinch” va “Bunyodkor”ga raqobatbardosh bo’lib, haqli ravishda chempionlikni qo’lga kiritdi, deb o’ylayman.
– Klubdagi eng foydali futbolchilar deb kimlarni ko’rsata olasiz?
– Bu erda qaysidir futbolchini ajratish noto’g’ti bo’ladi, menimcha. CHunki klubdagi barcha butun mavsum davomida barcha ko’rsatmalarimizni bajarishga harakat qilib kelyapti.
Agar ajratadigan bo’lsak, albatta, hujum chizig’imiz vakillari Diyoraxon Habibullaeva, Mumuni Fuseyna, Mahliyo Sarikova, Alberto Afilalar o’zlarining foydali harakatlari bilan chempionlikka ko’proq hissa qo’shishdi. Klubning darajasini gollar belgilab berishini hamma biladi. Bu hujumchilarning statistikasidayam ko’rinib turibdi. SHuning uchun ushbu o’yinchilarni alohida qayd etishimiz mumkin.
– Ayollar futbolidagi hakamlikning saviyasini qanday baholaysiz?
– Umumiy qilib aytadigan bo’lsak, saviya ancha ko’tarilgan, faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin. Men o’zimizning o’yinlardagi hakamlarga ko’proq etibor beraman va etirozim yo’q.
– O’qigan bo’lsangiz kerak, yaqinda "Navbahor-W" futbolchisi jamoadagi sharoitlar qoniqarsizligi haqida intervyu berdi. "So’g’diyona-W" klubidagi holat qanday?
– Albatta, bu intervyuni o’qidim. Ozgina tushunarsiz holat. Bu klubning ichki siyosati, bizning aralashishga haqqimiz yo’q. SHuning uchun biror bir jo’yali fikr bildirolmayman. Yagona fikrim, “Navbahor” jamoasi rahbariyati ayollar futboliga befarqmas. CHunki biz chempionatda bu jamoaga qarshi to’p surganimizda klub rahbarlari kelib, o’yinni stadiondan kuzatib, qo’llab-quvvatlab turganiga guvoh bo’lganmiz. Bu klubda tajribali o’yinchilar ko’p. Yuqori darajadagi futbolchilar yomon sharoitlarga ko’nikishi haqiqatdan yiroq. “Navbahor”da hammasi yaxshi deb o’ylayman va kelajakda sharoitlar yanada yahshilanishiga umid qilaman. “So’g’diyona”ga keladigan bo’lsak, bizning jamoada sharoit masalasida hech qanaqa muammo yo’q. Masalan, kuni kecha noyabr oyligi avans tariqasida berildi. Iqtisodiy imkoniyatlar kelajakda ham shunday bo’lib qoladi, degan umiddaman.
– Jamoangizda bir qator legionerlar bor. Ularning olib kelinishi qanday bo’lgan?
– Biz bu legionerlarni agentlar orqali topib, o’yinlarini kuzatdik va taklif qilishdan oldin uzoq muzokara olib bordik. Mumuni Fuseyna Gana milliy terma jamoasi azosi hisoblanadi, Alberto Axialey ham milliy jamoaning doimiy nomzodlaridan. Albatta, ulardan mamnunmiz.
– Legionerlar va mahalliy futbolchilar oladigan maosh orasidagi tafovut?
– Legionerlar va mahalliy futbolchilar maosh orasidagi tafovut hamma o’ylaganchalik yuqori emas. Sababi biz byudjetga qarab ish tutganmiz. Bu borada omadimiz keldi, desak bo’ladi. Bu yil jamoamiz rahbariyati homiylar bilan kelishgan holda mahalliy futbolchilar maoshini sezilarli darajada ko’tardi. Albatta, bu o’zining mevasini bermay qolmadi. O’yinchilarda motivaciya paydo bo’ldi va o’zlarini ko’rsatib, murabbiylar shtabining ishonchini qozonishga urinishdi. (Jamoaning asosiy homiysi “SILVERLEAFE” kompaniyasi hisoblanadi — tahr.)
– SHogirdlaringiz OCHL yo’llanmasini qo’lga kiritdi. Rejalaringiz qanday? Klubda qolasizmi?
– Kelajakda rejalarimiz ko’p. Rahbariyat bilan kelishib, bunga aniqlik kiritib olamiz. Xudo xohlasa, 2022 yil 5-yanvardan tayyorgarlikni boshlaymiz. O’zimga keladigan bo’lsak, albatta klub bilan faoliyatim davom etadi. Oldimizda katta-katta maqsadlar bor. Jamoamiz qatnashadigan OCHLda O’zbekiston sharafini munosib himoya qilamiz va xalqaro reytingdagi muhim ochkolarni ko’paytiramiz.
– Anchadan beri ayollar futbolining ichidasiz. Sohani rivojlantirish uchun nimalar qilinishi kerak?
– 9 yildan beri ayollar futboli ichida faoliyat yuritib kelyapman. Sohani rivojlantirish uchun birinchi navbatda sharoitlarni yanada yaxshilash kerak. Ayollar futbolining talablari erkaklarniki bilan bir xil. Yaxshi maydonlar, qarorgoh, ovqatlanish va vitaminizaciyaga etarlicha etibor berilsa, muvaffaqiyati yaqin bo’ladi. Ayol kishi o’z oldiga qo’ygan maqsadiga bor kuchi bilan harakat qiladi. Ular shunday harakterga ega. Men 9 yillik faoliyatimda bu narsaga amin bo’lganman. O’yindagi taktikani murabbiy belgilaydi, lekin yaxshi sharoit, maosh va mukofot pullari vaqtida berilsa, bu o’yinchilarni yanada yaxshi o’ynashga undaydi. Men ishonch bilan aytaman, ayollar futbolining salohiyati judayam katta. Buni Osiyo futbolidagi reytingimizda ham ko’rsak bo’ladi.
Bu yil O’FA va PFL tashabbusi bilan 14 va 16 yoshgacha bo’lgan qizlar o’rtasida mamlakat chempionati tashkil qilindi. To’g’ri, buni har kim har xil talqin qildi. Kimdir vaqtliroq boshlading dedi, yana boshqalar xar hil noroziliklar bildirdi. Lekin, qachondir boshlashimiz kerak edi. Bunday musobaqalar o’rinbosarlar jamoasi va klubning asosiy tarkibiga o’yinchi jalb qilishni osonlashtiradi. CHunki futbolning urf-odatlar, mintalitetimizga qarama-qarshiliklari bor, buni yashirishning iloji yo’q. Sababi ayollarning futbol o’ynashini hamma ham xohlamaydi. Futbolchilar kamligi tufayli tanlov imkoniyati juda kam. Bunday musobaqalar esa futbolning ommaviyligini oshirishi tabiiy.
– Ajoyib fikrlar uchun tashakkur, SHerali aka!
– Suhbatni tugatishdan oldin fursatdan foydalanib, “Bunyodkor-W” jamoasini OCHLdagi tarixiy start bilan tabriklayman. Ularga chempionatda munosib ishtirok etib, O’zbekiston sharafini himoya qilishi va jarohatsiz, yuzlari yorug’ bo’lib qaytib kelishlarini jamoamiz nomidan tilab qolamiz.
"Championat.asia" hodimlariga ham taklif uchun chuqur minnaddorchiligimizni bildiramiz. Oxirgi paytlar ayollar futbolini yoritish borasida oldinga qadam tashlandi. Biz bundan xursandmiz.
Ayollar futboli qancha ko’p yoritiladigan bo’lsa, klublarning mutasaddilari, homiylari tomonidan etibor yana ham kuchayib boradi. So’zim oxirida futbolimiz Osiyo maydonlaridagi muvaffaqiyatini nishonlashiga oz fursat qoldi, deb murabbiylar nomidan ishontirib aytaman. Etibor uchun rahmat!
Suhbatni M. Kushbakova yozib oldi
Oliy Liga to’purari: "Arsenal"da o’ynashni xohlardim
Muallif : Faxriddin Ro’ziyev