Futbol

Bu yil O’zbekistonda futbol tashkil topganiga 110 yil to’ladi. Nishonlanadi deyilsa to’g’riroq bo’lardi, biroq bunga ishonch yo’qligi uchun sana faktini keltirib qo’ya qolamiz.

409



Bu yil O'zbekistonda futbol tashkil topganiga 110 yil to'ladi. Nishonlanadi deyilsa to'g'riroq bo'lardi, biroq bunga ishonch yo'qligi uchun sana faktini keltirib qo'ya qolamiz.

Yangi rukn – “Moziyga qaytib…”

Teglar : 
Abror Imomxo’jaevAxbor Imomxo’jaev PaxtakorMoziyga qaytib
Bu yil O’zbekistonda futbol tashkil topganiga 110 yil to’ladi. Nishonlanadi deyilsa to’g’riroq bo’lardi, biroq bunga ishonch yo’qligi uchun sana faktini keltirib qo’ya qolamiz.

1912 yil Qo’qonda tuzilgan ilk futbol jamoasidan zaminimizga ham futbol deya atalmish sport turi kirib kelgan. O’tgan 100 yildan ziyod vaqt davomida u bizda ham millionlar o’yiniga aylangan. Futbolchilarimiz orasidan Osiyo, Evropa va Jahon chempionlari etishib chiqqan. Sportning bu turini qamrab olmagan erimiz yo’q hisobi. Har bir viloyat o’z futbol tarixiga ega.
Lekin, ming afsus, O’zbekistonda futbol tashkil topganining 100 yilligi keng miqyosda nishonlanmadi. O’sha paytdagi futbolimiz mutasaddilari go’yoki futbol mamlakatimizda mustaqillikdan keyin paydo bo’lgan degan g’oyani targ’ib qilmoqchi bo’lishdi. Bu bilan ular dunyo tanigan Birodar Abduraimov va Gennadiy Krasnickiyni, millionlab muxlislar armoniga aylangan “Paxtakor-79”ni bordan yo’q qilmoqchi bo’lishdi. Qisqasi, futbolimiz 100 yilligi imida-jimida o’tib ketdi.

Saytimizning ijodiy guruhi futbolimiz 110 yilligi sanasida “Moziyga qaytib…” rukni ostida tarixni aks ettiradigan maqola, intervyu va ko’rsatuvlarni qayta chop etish va namoyish qilishni rejalashtirdi. Ularda tanishtiruv, tanqid, oddiy o’yin hisoboti ham bo’lishi mumkin. Muhimi – bu futbolimiz tarixining ajralmas qismi va bu o’quvchilarimizda qiziqish uyg’otishiga ishonamiz. Hozircha o’zimizning shaxsiy arximizdan foydalanamiz. Biroq boshqa hamkasblarimiz, mutaxassislar, murabbiylar, futbolchilar va muxlislar harakatimizga qo’shilib, o’zlarning shaxsiy arxividagi ijod namunalarini taqdim etsalar, bundan faqat xursand bo’lamiz.

Katta va o’rta yoshdagi futbolsevarlar bu ijod asarlarini o’qiganlar, ko’rganlar va qutlug’ sanada ularni yana bir bor esga oladilar. Yosh avlod uchun esa bu futbolimiz tarixini o’rganish uchun o’ziga xos kichik qo’llanma bo’ladi. Bordi-yu, futbolimiz 110 yilligi keng miqyosda nishonlanishi elon qilinsa, unda zaminimizda futbolning paydo bo’lishi va rivojlanishi haqidagi maqolalarni ham berib borishni boshlaymiz. Biz boshladik, davom ettirish esa Sizdan!

Moziyga qaytib… 

“Paxtakor-79” mashum aviahalokati haqida deyarli barchamiz bilamiz. Lekin undan 9 yil oldin paxtakorchilar uchun fojeali tugashi mumkin bo’lgan voqea haqida ko’pchilik bilmaydi. Sababi, o’sha paytdagi sovet matbuoti bu qo’rqinchli hodisani yoritmagan. Aniqrog’i, bu kabi salbiy holatlarni ommaga etkazish taqiqlangan. Faqatgina, oradan 26 yil o’tib, o’sha voqeaga shaxsan guvoh bo’lgan Axbor Imomxo’jaev o’zining “Futbol – quvonchim, dardim, faxrim” kitobida hodisaga batafsil to’xtaldi. Etiboringizga o’sha maqolani havola qilamiz.

YODDAN CHIQMAYDIGAN UCHRASHUVLAR
1970 yil, 30 oktyabr“Torpedo” Kutaisi – “Paxtakor” – 1:4.
“Paxtakor” tarkibi:
N. Lyubarcev, S. Docenko (V. Kuzmin), V. SHtern, B. Petuxov, R. Turg’unov, V. Varyuxin, V. Cibin, V. Soloxo, R. Yunusov, B. Abduraimov, T. Isoqov (V. Rodionov).
Ushbu uchrashuvgacha chempionatning bor-yo’g’i o’n o’yini qolgan bo’lib, “Paxtakor” 25, “Torpedo” esa 23 ochko to’plagandi, xolos. Ko’p jihatdan bugungi o’yin kimning oliy ligada qolish-qolmasligini hal qilardi.

Kutaisi shahridagi avtomobil zavodi mamuriyati ishchi-xizmatchilarning stadionga kelib o’z komandalarini qo’llab-quvvatlashlari uchun juma kunini dam olish kuni deb elon qilish haqida qaror chiqardi, lekin deyarli bir kecha-kunduz davomida tinimsiz yoqqan yomg’ir mo’ljallangan rejani buzib yubordi. Stadionga shu kuni bor-yo’g’i 8000 futbol muxlisi tashrif buyurdi xolos.
Odatda yomg’ir yog’ayotgan vaqtda o’yin o’tkazish yoki o’tkazmaslik masalasini faqatgina uchrashuv hakami hal qiladi. Bu safar ham shunday bo’ldi, moskvalik hakam YU. Bocharov o’yin o’tkaziladi deb ko’rsatma berdi. Vaholanki, hakamlik qonun-qoidasiga ko’ra, u maydonga chiqib to’pni bel baravaridagi balandlikdan erga tashlashi, to’p sakrab chiqsagina o’yinni o’tkazishi mumkin edi. Eng tajribali hakamlardan biri bo’lgan Bocharov bu oddiy qoidaga amal qilishni o’ziga loyiq ko’rmadi. Maydonning ko’p qismi suv bilan to’lib, bazi joylarja uning chiziqlari zo’rg’a ko’rinardi.
Xullas, o’yin boshlandi, u futbol uchrashuvidan ko’ra masxarabozlar musobaqasiga o’xshardi. O’zingiz o’ylab ko’ring, ikki o’yinchi to’p uchun kurashib oldinga tashlanadi, ular yugurib ketishadi, to’p esa suv yuzida qolib ketadi. Yoki bo’lmasa futbolchi to’p aralash loyni tepadi, raqib komanda o’yinchisi basharasiga loy aralash suv kelib tegadi. SHo’rlik futbolchilarning kiymiga qarab bo’lmaydi, liboslardagi raqamlar butunlay ko’rinmaydi, hamma yoq loy.

Gap shunday vaziyatda kim birinchi bo’lib sharoitga moslashishida edi. Bu ishni alo darajada bajargan o’yinchi B. Abduraimov bo’ldi. U to’pni qabul qilib olgach, boshqa o’yinchilar singari, to’p bilan oldinga tashlanmadi, balki oldinga balandlatib tepdi, to’p 5-6 metrga uchib borib suv yuzida to’xtab qolgach, Birodar unga etib kelib, yana o’sha holatni takrorlardi. Maydon egalari 3-4 kishi bo’lib ham hujumchimizdan to’p olisholmasdi, to’p unga oshirilib berilgan hamon torpedochidar sarosimaga tushar, stadionda esa kulgi ko’tarilar edi.

Ana shunday hujumlarning birida, aniqrog’i 13-minutda Abduraimov uch himoyachini ortda qoldirib, darvozabon bilan yakkama-yakkma chiqdi va uni osonlik bilan aldab o’tib hisobni ochdi. Oradan 25 minut o’tgach, Birodar yana qanotda o’ziga xos futbol spektaklini namoyish etdi. U birin-ketin to’rt o’yinchini aldab bo’lgach, to’pni uzoqdan darvozaga tepdi, darvozabon to’pni katta qiyinchilk bilan qaytarib yubordi, to’pga birinchi bo’lib eng chaqqon hujumchilarimizdan biri T. Isoqov etib keldi va hisobni oshirdi.

Stadion suv quygandek jim-jit, hamon yomg’ir yog’ardi, bazi muxlislar esa o’zlaricha so’kinib stadionni tark eta boshladilar. Ularning shu daqiqalardagi hoatlarini tushunish mumkin, albatta. Ikkinchi bo’lim boshlaridagi maydon egalarining hujumlaridan biri “Paxtakor” darvozasiga to’p kiritilishi bilan yakunlandi. Muxlislar orasida biroz jonlanish sezildi, endi maydonda teng kurash borardi, lekin bu vaziyat uzoqqa cho’zilmadi. Paxtakorchilar yana tashabbusni o’z qo’llariga ola boshladilar. Ularning keng front bo’ylab tashkil qilayotgan ko’plab hujumlari maydon egalarini batamom holdan toydirdi.

86-minutda B. Ibrohimov qanotda ikki o’yinchini aldab o’tib, to’pni Birodarga oshirib berdi, u esa to’p bilan jarima maydoni chizig’i bo’ylab, darvozaga parallel holatda yugurdi. Barcha o’yinchilar u hozirgi holatda to’pni sheriklariga oshirib bersa kerak deb o’ylashardi. Abduraimov bo’lsa, kutilmaganda to’pni zarb bilan darvoza tomon tepdi. To’p darvoza ustuni bilan to’sini uchrashadigan joydagi burchakka borib tushdi.

Uchrashuv tugashiga 2 minut vaqt qolganida markaziy hujumchimiz V. Rodionov to’pni qabul qilib olib, jarima maydoniga kirib bordi, etolmagan hamoyachilar uni tepishdi, Volodya yo’lida davom etdi. Yana tepishadi, bu safar ham u yiqilmasdan darvozaga yaqinlashib keladi.

SHunda uchrashuv hakami Bocharov juda qo’pol xatoga yo’l qo’ydi (agar bu voqea chet ellarda bo’lganida hakam barcha musobaqalardan chetlatilardi). U hujum davom etishini kuzatish o’rniga (axir Rodionov to’pni yo’qotmagan edi-da), o’yinni to’xtatib, 11 metrlik belgini ko’rsatdi. Ana xolos, shunchalik ham uquvsizlik bo’ladimi?

Maydon egalari hakamni o’rab olishadi, turli tillardagi “suhbat” davom etayotganligidan foydalangan darvozabon qulochkashlab hakamning aftiga tushirdi. O’ziga kelgan Bocharov darvozabon Gogiyani maydondan haydab yubordi. SHu daqiqalarda mening yonimda O’zbekistonga rus tilida reportaj olib borayotgan hamkasbimiz Tengiz Sulxanashvili “Do’stim, meni kechirasan, bunday o’yinni padariga lanat!” – deb xonadan chiqib ketdi.

Haydalgan darvozabonning kiymini olgan komanda kapitani Cverava darvozaga turishga majbur bo’ldi. U to’pni tepishga tayyorgarlik ko’rayotgan Birodarning oldiga kelib, uning qulog’iga nimalarnidir pichirladi. Ikkalalari nimanidir kelishib olishdi. To’p tepilgan daqiqada Cverava bir tomonga tashlandi, to’p esa darvozaning boshqa tomoniga borib tushdi. Hakam o’yin tamom bo’lganini bildirdi. SHu vaqtda himoyachi SHergelashvili yugurib kelibBirodarning boshiga mushti bilan urdi, hujumchimiz loyga yiqilib tushdi. Bu joyga eng yaqin turgan B. Petuxov yugurib keldi. O’zimcha pichirlayman “Eh xudo, ishqilib Boris SHergelashviliga javob qaytarmasin, aks holda maydonda hamma bir-biri bilan urishib jang boshlanib ketadi”. Borisga rahmat, u go’yo hech narsa bo’lmaganday kelib sherigini o’rnidan turg’azib qo’ydi, qolgapn o’yinchilar ham Birodarning oldiga kelgach, birgalashib maydon markazi tomon yurdilar.

Stadionda to’palon boshlandi, bir tomondan komandaning mag’lubiyatga uchrashi, ikkinchidan hakamning o’zboshimchaligi, uchinchidan o’n bir metrlik tepish chog’ida Birodarning Cveravani aldagani (ular shunday deb hisoblashardi) natijasida g’azabga kelgan ishqibozlar endi maydon tomon toshlar, beton parchalari va boshqa narsalarni ota boshladilar. O’yinchilar esa qo’llari bilan boshlarini berkitgan holda echinish xonasiga yugurishdi. Bir mahal qarasam, maydonda faqatgina hakam, uning yordamchilari hamda darvozabonimiz Lyubarcev qolishibdi. Ular qaysi tomonga yurishsa, o’sha tomondan toshlar yog’ilardi, katta qiyinchilik bilan ular ham o’zlarini panaga olishga ulgurdilar. Eng yomoni, stadionda miliciya hodimlari nihoyatda kam edi.
Reportajni yakunlab tashqariga chiqdim, nazarimda xuddi urush bo’layotgan joyda yurgandayman. Atrofda toshlar, g’isht parchalari, oyna siniqlari, ag’darib tashlangan avtobus, hammayoqda shovqin-suron, kim-kim bilan urishar, kimningdir qichqirgani eshitilardi.

Og’zim ochilib voqealarni kuzatar ekanman, qayoqdandir delegaciyamiz rahbari Elmar Aminov kelib qoldi: “Imomxo’jaev! Nima qilib bu erda turibsiz, agar ular sizni tanib qolishsa, nima bo’lishini bilasizmi? Yuring tezroq!”. Rostini aytsam, o’zim paxtakorchilar turgan xonani topolmay xunob edim, chunki barcha eshiklar bir xil ekan. Darhol futbolchilarmiz yoniga kirib bordim, ularning barchasini g’alaba bilan tabriklar ekanman, bir tomondan shunday jafokash do’stlarim bilan faxrlansam, ikkinchi tomondan ularning kiyim-boshlarini ko’rib achinib ketdim. Futbolchilarimiz o’yindan oldingi chigalyozdi mashg’ulotiga sport kostyumlarida tushishgan, o’yinda esa futbolkalarda qatnashishgan tufayli ikkala kiyim ham ho’l bo’lgan, boshqa kiyimlar esa mehmonxonada edi. O’yinda qatnashmagan barchamiz ustki kiyimlarimizni ularning elkalariga tashlab qo’ydik.

Tashqarida baqiriq-chaqiriq davom etardi, birdan xonaning tepa tomonidagi oynalarni sindirgan holda toshlar uchib kira boshladi. Bazi toshlarning kattaligi guvaladek kelardi. Barchamiz oynali devorning pastki qismiga bekinib oldik.

Vaqt o’tib borar, biz esa nima qilishimizni bilmasdik. Nihoyat stadion direktori kelib o’zini tanishtirdi, bu xonada qolish xavfli ekanligini, bizlarni boshqa joyga olib o’tishini bildirdi. Uni haqiqatan ham direktor ekanligini yonidagi hujjati orqali bilib olgach, yo’lak orqali stadion o’rindiqlari ostiga joylashgan na derazasi, na eshigi bor xonaga keldik. Eshik o’rniga panjara o’rnatilgan ekan, stullar uyoqda tursin, hatto skameyka ham yo’q.

Tashqaridagi shovqin-suron kuchaya bordi. Endi unga tez yordam va o’t o’chiruvchi mashinalarning chiyillashi qo’shildi, ular ham etmagandek o’q ovozlari eshitila boshladi, tepamizdagi gupur-gupur sadolari bir daqiqa ham tinmasdi.

Qorong’i va zax xonada turganimizda bir kishi kelib o’zini Kutaisi shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi deb tanishtirdi va panjara yoniga rahbarlar kelishini iltimos qildi. Uning yoniga Elmar Aminov, federaciyamiz vakili Jo’ra Xonazarov hamda bosh trener Mixail Yakushinlar kelishdi. Birinchi kotib so’z boshladi:

-Gap bunday o’rtoqlar, tepadagi holatni sezayotgan bo’lsangiz kerak. To’rt mashinada miliciya hodimlari etib keldi, hozirgina harbiy gornizondan soldatlar chaqirtirildi. Otishmalar natijasida, ming afsuski, o’lganlar va yarador bo’lganlar bor. Ularning qarindosh-urug’lari kelib, yangidan tartibsizliklar boshlamoqdalar.
Hozir, birinchi navbatda, biz bu erdan hakamlarni eson-omon jo’natishimiz kerak. Keyin torpedochilarni jo’natamiz. Undan so’ng sizlarga navbat keladi, ungacha qimirlamasdan shu erda turinglar, iltimos.

Elmar aka ham bo’sh kelmadi:
– Meni kechiring, bu erdan avval hakamlar yoki komandangiz azolarini emas, birinchi navbatda biz – yani mehmonlarni olib chiqishingiz kerak, o’yin tamom bo’lganiga uch soat bo’ldi. Futbolchilarimiz och, buning ustiga atrofi beton bilan o’ralgan zax xonada turibmiz. Agar birinchi bo’lib bizni olib chiqmasangizmeni telefonli xonaga boshlab boring, o’sha erning o’zidan Tbilisiga, o’rtoq Mjavanadzega (Gruziya kompartiyasining birinchi sekretari, tah.) telefon qilib, bu erdagi beboshliklar haqida unga xabar beraman!
Oraga jimlik cho’kdi, sezib turibman, birinchi kotibning rangi oqardi, demak o’q nishonga tegdi.

– Mayli bo’lmasa, avval sizlarni olib chiqamiz, lekin ungacha bu erdan hech kim jilmasin, men o’zim yoningizga kelaman!
Oradan yana bir soatcha vaqt o’tdi, nihoyat kotibning o’zi kelib, bizni tashqariga taklif qildi. Asta-sekin yuqoriga ko’tarila boshladik. SHu daqiqada ko’zimiz zinaning pastki qismida qonga belanib yotgan miliciya vakiliga tushdi, tosh uning yuziga tekkanligi shundoqqina sezilib turardi. Tepaga ko’tarildik, atrof jang maydonini eslatardi: ag’darilgan mashinalar, yonayotgan motocikllar, sindirilgan daraxt shoxlari, toshlar… SHu kuni torpedochilar kapitani Cverava birinchi marta stadionga yangi olgan oq rangli “Volga” mashinasida kelgan ekan, bechora mashina to’nkarilgan va pachoqlangan holda yonardi. Bu manzarani ko’rishning o’zi dahshat edi. Hammayoqda qurollangan milicionerlar, soldatlar…

Bizni eskigina bir avtobusga taklif etishdi, unga chiqayotganimizda Yakushin haydovchidan chiroqni o’chirib qo’yishni iltimos qildi. Haydovchi noto’g’ri tushundi shekilli, barcha chiroqlarni yoqib yubordi. Bosh trener esa uni bo’ralatib so’kdi. Futbolchilar o’tirib olishgach, sumkalarini elkalariga qo’yib, har ehtimolga qarshi oyna tomondan otilishi mumkin bo’lgan toshlardan boshlarini himoya qilishga kirishishdi.

Miliciya mashinalari hamkorligida mehmonxonaga etib keldik, rahbarlarimiz tezda yuvinib pastga tushishimizni va restoranda tamaddi qilishimizni aytishdi. To’lagan ikkovimiz bir xonada turardik, endi pastga tushmoqchi bo’lib turganimizda xonadagi telefon jiringlab qoldi. Pastga tushishga hojat yo’qligini hamda restoran oficiantlarining o’zlari xonalargaovqat olib chiqishlarini tayinlashdi. Emak olib kirilganda qarasak, har bir xonaga katta butilkada bittadan gruzin vinosi ham bor ekan. To’lagan vinoni kim berganini so’radi, oficiant bo’lsa keksaroq bir kishi, hoynaxoy bosh trener bo’lsa kerak dedi. SHunda To’lagan hazillashib agar yana bitta butilka olib chiqsang, pulini ikki hissa qilib berman dedi. Unga javoban oficiant bosh trener kimda-kim yana vino so’rasa, menga xabar bergin deb tayinlaganligini bildirdi.

Yana telefon jiringladi, bu safar xonadan hech qayoqqa chiqmasdan yotishimizni tayinlashdi. Oradan biron soat o’tar-o’tmas tezda yuklarni olib pastga tushishimizni, u erdan Tbilisiga jo’nab ketishimizni aytishdi. Pastda esa yana hammayoq miliciya kiyimidagi kishilar bilan to’lib-toshgan. Nima gapligini surishtirib bilsak, bir guruh bezorilar mehmonxonani o’rab olib, paxtakorchilardan o’ch olishmoqchi ekan, ularning bu shum niyatini miliciya xodimlari sezib qolishibdi.

Yarim kechada avtobusga o’tirdik, haydovchi yonida hamda orqa o’rindiqda miliciya hodimlari, oldinda va orqada ikkitadan GAI engil mashinalari. Tog’li qorlar osha charchab va xorigan holda Tbilisiga etib keldik. Yaxshiyam bosh trenerimiz avval Tbilisida ishlagan ekan, unga hurmat bajo keltirib bizni shahar chekkasidagi dinamochilar sport bazasiga joylashtirishdi (o’sha kuni “Dinamo” futbolchilari safarda ekan).

Oradan ikki soatlar vaqt o’tgach birdan xonalarning eshiklari qattiq-qattiq taqilladi, chiqib qarasak ranglari oqarib ketgan qorovul turardi, uning qaltirashini ko’rib biz ham qo’rqib ketdik. Keyin bilsak, unga Kutaisidan sim qoqishib “Sen esini egan chol bazadan “Paxtakor”ga joy beribsan, tezda ularni haydamasang uyingni portlatib yuboramiz” deyishibdi.
Erta tongda ko’chaga chiqdik. Lekin Tbilisi markazga borish uchun bironta transport topa olmadik. Iltimosimizga binoan to’xtagan avtobus haydovchisi “Sizlar “Paxtakor”mi?” deb so’radi. Biz “Ha” deb javob bersak, o’sha zamon jo’nab qoldi.

Gruziyalik futbol muxlislari 11 metrlik belgidan jarima to’pi noto’g’ri belgilandi, uni tepish jarayonida esa Abduraimov Cveravani aldadi, u faqatgina kapitanni emas, balki barchamizni aldadi, buning uchun biz “Paxtakor”dan, birinchi navbatda Abduraimovdan o’ch olishimiz kerak, deb hisoblashardi. Bu voqea yashin tezligida butun Gruziyaga tarqalgandi. Men Birodarni sekin chetga tortib “Paxtakor” 3:1 hisobida oldinda edi, o’sha 11 metrlik jarimani darvozaga kiritmasangiz ham komandamiz g’olib chiqar edi-ku!” dedim. U chuqur o’yga tolgan holda javob berdi: “Bilasizmi, agar men o’sha to’pni kiritmasam, hakam menga o’chakishib qolardi va keyingi o’yinlarda mendan alamini olardi, men ko’proq shu tomonini o’yladim”.

Bir amallab shahar markazidagi fuqaro aviaciyasining agentligi binosiga etib keldik. Bizni ko’rgan har bir kishi “Bu “Paxtakor” komandasimi?” deb so’raydi, ijobiy javob olgach, Abduraimovni qaerdan topish mumkinligini surishtiradi. Biz esa do’stimizga turli xil eski kiyimlar kiydirib, oramizda olib yurardik.

CHiptalarni rasmiylashtirish ham cho’zilib ketdi. Hayol surib uyqusizlikdan garang bo’lib tursam, yonimga ikki gruzin yigiti kelib meni savolga tutishdi. Sirtdan bo’lsa ham o’zbekistonlik futbolchilar bilan tanishtirishimni so’rashdi. Men ham bo’sh kelmadim: “Mana bu suhbatlashib o’tirgan Lyubarcev bilan Ibrohimov, gazeta o’qiyotgan Turg’unov, sumkasini kavlayotgan Soloxo, radio eshitayotgan SHtern…” “Kechirasan do’stim, Abduraimov qaysi biri?”. Ikkovi menga tik qaradi. “Uni kecha kechqurun Moskvaga jo’natib yuborishdi” (xudoni o’zi kechirsin). 

Bu yil O'zbekistonda futbol tashkil topganiga 110 yil to'ladi. Nishonlanadi deyilsa to'g'riroq bo'lardi, biroq bunga ishonch yo'qligi uchun sana faktini keltirib qo'ya qolamiz.
Suhbatimiz tobora qizib borardi: gruzin futbolchilarining birinchi marta Toshkentda chempion bo’lishgani, “Paxtakor”ning ikki yil muqaddam kubok uchrashuvlarining final o’yinida ishtirok etgani, Kote Maxaradzeni O’zbekistonda nihoyatda yaxshi ko’rishlari va boshqa mavzularda fikr almashdik. Bir payt suhbatdoshlarimdan biri so’rab qoldi: “Aytingchi, “Paxtakor” o’yinchilarining rafiqalaridan qaysi biri eng chiroylisi?”. Vaziyatdan qutilish uchun Krasnickiy rafiqasini aytib, ularga ham shunday savol bilan murojaat qilaman. “Bizda eng zo’ri Kaxi Asatianining rafiqasi, ana go’zalligu, mana go’zallik!” – dedi u.

SHunda esimga to’satdan radio qo’mitasi buxgalteriya hodimlarining iltimosi tushib qoldi. Ular mendan ovqatga qo’shiladigan hamda bizning garimdoriga o’xshagan adjika deb nomlanadigan achchiq narsadan olib kelishimni iltimos qilishgan edi. Suhbatdoshlarimga bu haqda so’z ochdim, shunda ulardan biri tezda uyiga borib, ikki bankada uyda tayinlangan adjika keltirib berdi. Pulini to’lamoqchi edim, olmadi.

Bu yil O'zbekistonda futbol tashkil topganiga 110 yil to'ladi. Nishonlanadi deyilsa to'g'riroq bo'lardi, biroq bunga ishonch yo'qligi uchun sana faktini keltirib qo'ya qolamiz.

Kechasi aeroportga keldik, bu erda ham Abduraimovni qidirish “operaciya”si davom etardi, bunga qarshi barcha ehtiyot choralari ko’rib qo’yilgandi. Yonimga uchuvchi formasidagi bir kishi kelib familiyamni qiynalib-qiynalib aytdi va “Siz Kovtievskiyni taniysizmi?” – deb so’radi. Men esa shoshib qolib “Ha, albatta taniyman, biz u bilan Toshkentda jismoniy tarbiya institutini bitirganmiz” – dedim. “Barakalla, do’stingiz sizni kutib turibdi, yuring, faqat iltimos, hech kim sezmasin” – deb meni aeroport binosiga boshladi. Keyin bilsam, kursdoshim Tbilisi aeroport boshlig’ining o’rinbosari bo’lib ishlayotgan ekan. Uni ko’rishim bilan “Do’stim Anzor” deb quchog’iga otildim, ikkalamiz etti yildan beri ko’rishmagan edik.

– Azizim, hamma voqeadan xabarim bor, hech narsadan cho’chimangalr, barcha ehtiyot choralari ko’rib qo’yilgan, hozir men paxtakorchilar yoniga borsam to’g’ri kelmaydi, o’zing borib rahbarlarni va yigitlarni hotirjam qil. Birozdan keyin hammalaring meni xonamga kirasizlar, tor bo’lsa ham bir amallab chidaysizlar. Ichkarida yana bir ixchamgina xona bor, u erda Birodar dam olib turadi.
Xonada bir soatcha o’tirganimzdan so’ng, Anzorning o’zi kirib samolyotga taklif qildi, uning xonasidan to samolyot pillapoyasigacha ikki qator soldatlar o’ziga xos yo’lakcha hosil qilishgandi. Biz esa bitta-bittadan ana shu yo’lakchadan o’tib havo layneriga ko’tarildik, uning parvozi oldidan Anzor hammamiz bilan hayrlashib oq yo’l tiladi.

Hali-hali esimda, TU-104 samolyoti Toshkentga kelib qo’nganida biz hammamiz dong qotib uxlab yotardik, styuardessa qizlar bizlarni uyg’otish bilan ovora edilar. Aeroportning o’zidan Anzor Kovtievskiyga minnatdorchilik so’zdari bitilgan shoshilinchnoma jo’natdik…

Abror Imomxo’jaev tayyorladi

Fikr bildirish