“Navbahor”da manaman degan futbolchilar ham qiynaladi. Har yili chetdan taklif bo’ladi. Lekin…” – Azim Ahmedov bilan intervyu
Teglar :
intervyuAzim AhmedovNavbahor
Intervyu vaqti!
Namanganning "Navbahor" jamoasi yarim himoyachisi, sardori Azim Ahmedov bilan mavsum yakunlari bo’yicha suhbat uyushtirdik. Suhbat davomida joriy yildagi qiyinchiliklar, jamoaga har yili etishmayotgan narsa va boshqa mavzularda savollar bilan yuzlandik.
– Bilamiz, siz uchun 2021 yil oson o’tgani yo’q. Har tomonlama qiyinchiliklar yuz berdi. Muxlislarning tanqidlari, ularning etirozlari siz tomon yog’ildi. Lekin ikkinchi davrada hammasi iziga tushgandek taassurot qoldirdi. Mana shu palladan qanday chiqib ketdingiz?
– Ha, to’g’ri aytasiz. Men uchun oson o’tgani yo’q. Hamma narsa bilan kurashishimga to’g’ri keldi. Muxlislar, boshqalarning tanqidi, barchasi mening boshimda sindi.
– Balki "Navbahor"da jamoa shakllanmagandir? SHunday jamoalar borki biror futbolchi ajralib turmaydi va birining xatosini ikkinchisi to’g’irlab ketadi…
– Jamoa haqida gap bo’lishi mumkinmas. Tarkibimizda zo’r yigitlar jamlangan. Lekin vaqt kerak. Bu narsa bir yilda paydo bo’lib qolmaydi. Agarda 2-3 yil vaqt berilsa, o’zaro tushuni yuqori darajaga chiqadi. SHuni takidlaymanki, 2021 yilda birga o’ynagan futbolchilardan xursand bo’ldim. Ular bilan faxrlanaman.
– . Umuman olganda har yili jamoa mavsum taraddudi arafasida yaxshi tayyorgarlik ko’radi, tarkibni kuchaytiradi. Baralla gaplar aytiladi. Lekin mavsum yakunida hamma gaplar quruq gap bo’lib chiqadi. Yani quruq qoshiq og’iz yirtar, deb bejiz aytilmagan Samvel Babayanning kelgani mana shu narsalarni yo’qqa chiqarishi mumkinmi?
– Gapingizga qo’shilaman. Har yili chempion bo’lamiz deymiz. Lekin bitta insonga, yigitlarga malum fursat zarur. Oddiy misol SHota Arveladze "Paxtakor"ni chempion qilishi uchun uch yil kerak bo’ldi. Lekin yakunda hamma narsani qoyillatdi. Bizda esa har yili hamma narsa yangilanadi. Endi bir-birimizga o’rganganimizda futbolchilar ketadi va yangi ijrochilar jalb qilinadi. Murabbiylarda ham xuddi shunday holat. Bir murabbiy boshqa jamoaga yo’l oladi, o’rniga kelgan mutaxassis bilan boshidan boshlaymiz. SHu bilan mavsum tugaydi.
– Mavsum boshida jamoaning ichki muhitida muammolar bor edimi? CHunki Turkiyadagi yig’in paytida qandaydir tushunmovchiliklar bo’lgandi…
– Jamoada ichki muhit yaxshi bo’lgan. Samvel Babayan kelgach yana ham yaxshilandi. Barcha noto’g’ri fikrlarga borishi mumkin. Lekin unday, demayman.
– Mavsum o’rtasida "Andijon" bilan o’yindan so’ng ketishingiz haqida malum qildingiz. Lekin malum vaqt o’tgach vaziyat ijobiy tomonga o’zgardi va jamoada qoldingiz…
– Ha, ketishim aniq bo’lib ulgurgandi. O’sha o’yindan keyin tomonimga yog’ilgan gaplar yomon tasir qildi. Keyin esa o’zimdan katta insonlar bilan maslahatlashib oldim. Hammasini birgalikda engdik.
– Aksariyat futbolchilar "Navbahor"dagi bosimni enga olishmaydi. Ko’p hollarda jamoada bir mavsumdan ortiq o’ynay olmaydi, bunday qiyinchilikni engib o’tish uchun nimalar qilish kerak? O’zingizning boshingizdan o’tgan misollar yordamida aytsangiz…
– Bilasizmi "Navbahor"da to’p tepish manaman degan o’yinchilarga ham qiyin. Kelib o’ynay olishmagan. Bu erda bosim juda katta bo’ladi.
– Umuman olganda har mavsumda legionerga aylanish imkoniyati yuzaga keladi. Nima, deb o’ylaysiz xorijda o’ynash uchun vaqtni boy bermayapsizmi? "Navbahorda" ushlab turgan narsa nima?
– Ha, har yili xorijdan taklif bo’ladi. Lekin men bir kishining gapiga kirib jamoada qolaman. Muxlislarimizning ko’plari men bilan bog’lanib qolishimni so’rashadi. Otabek Samatovni hurmat qilib qolganman.
– No’mon Hasanov sizni himoyada o’ynatayotganida xuddi maydonda etakchi yo’qdek ko’ringandi. Ikkinchi davrada himoyachi keldi va siz markazga o’tdingiz. O’zingizni shu poziciyada foyda keltira olaman, deb ayta olasiz?
– To’g’ri No’mon aka himoyada o’ynatdi. Ular menga himoyada yaxshi harakat qilyapsan, deganlar. Murabbiyning gapini rad qilmasdan indamay to’p tepdim. Hamma narsaga tayyor bo’lganman.
– Demak navbatdagi mavsumda ham "lochinlar" safida to’p tepasiz?
– Bir narsa deyish qiyin. SHartnomam o’z nihoyasiga etgan. SHu kunlarda hal bo’lib qolsa kerak.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Muallif : Iskandarov Abdulaziz