“Navbatchi o’yinlar”. “Neftchi” Toshkentda ochko yo’qotadi, “Oqtepa” G’ijduvonda…
Teglar :
“Buxoro” Neftchi“Dinamo”Pro ligaOlimpik
O’zbek futbolining so’nggi 10 yillikdagi eng katta qadami so’ralsa, Superliga bahslarining to’liq tartibda translyaciya qilinayotganini ko’rsatgan bo’lardik.
Bu futbolning rivoji va shaffoflashuvida muhim odim. So’nggi 2 yilda Pro ligas bahslarining qisman translyaciya qilinayotgani esa muxlislar uchun "Amerikani qayta kashf qilib berdi", desak mubolag’a bo’lmaydi. Imij masalasida o’tmishdagi 1-liga va bugungi Pro ligani solishtirishning o’ziyoq fikrimizni tasdiqlab turgandek.
Turnirning joriy mavsumida elita yo’llanmalari uchun kurash "Buxoro", "Neftchi" va "Dinamo" kabi tajribali, "Olimpik"dek oldiga katta maqsad qo’yilgan jamoalar o’rtasida kechayotgani kishini quvontiradi.
Bir necha yil oldin gazeta varoqlariga yozilgan quyi diviziondagi o’yin natijalarini etiborsiz qoldirib o’tib ketgan 100 minglab muxlislar bugun Pro liganing har turini o’ziga xos intriga bilan kutyapti. Biroq, inglizlar ixtiro qilgan o’yin ishqibozlari orasida shunday toifa borki, o’zbek futbolini deyarli kuzatmaydi. Bunday kishilar sabab sifatida ichki chempionatda "navbatchi o’yinlar" sonining ko’pligi, aniq natijani uchrashuv boshlanishidan oldin topish mumkinligini ko’rsatishadi.
Ularning qarashlari qanchalik to’g’ri? SHu savolga javob topish maqsadida Pro liganing 10-turi oldidan barcha o’yinlardan kutayotgan natijalarimiz haqida malumot berishga qaror qildik. Ko’ramiz, "navbatchi o’yinlar" haqidagi fikrlar o’zini oqlay olarmikan.
"Buxoro"dan yirik g’alaba…
Murabbiylarini qo’lqopdek almashtiradigan sharif shaharning bosh jamoasi bugun Toshkentning "Oqtepa"sini qabul qiladi. Uchrashuv 18:00 da G’ijduvondagi "Navro’z" o’yingohida start olishi rejalashtirilgan.
Buxoro
|
PRO liga. 10-tur 06/06/2021, 18:00 – – Boshlanmadi |
Oq-tepa
|
Mazkur bahsda mezbonlarning yirik hisobdagi g’alabasini kutyapmiz. Boisi shundaki, "Buxoro" bu uchrashuvga juda ko’tarinki kayfiyatda etib keldi (o’tgan turda musobaqa peshqadami "Neftchi" mag’lub qilingandi). "Oqtepa" esa joriy mavsum safar o’yinlarining barchasida bir xil natija qayd etyapti — mag’lubiyat (jamoaning "Istiqlol" bilan Farg’onada o’tgan g’alabali o’yini natijasi bekor qilingan). Toshkent klubi uchun yoqimsiz seriya bu 10-turda ham davom etsa kerak. SHuningdek, musobaqa to’purarligi uchun kurashayotgan "Buxoro" hujumchisi Davron Isoqovning mazkur bahsda gollar sonini ko’paytirib olish ehtimoli juda yuqori.
Eslatib o’tamiz, "Oqtepa" va "Buxoro" o’rtasida Toshkentda o’tgan 1-davradagi bahsda bugungi mezbon 3 ochkoga ega chiqqandi (1:2).
Abduraimovning mag’lubiyatsiz yurishi tugaydi
18 may kuni "Yangier"da Ildar Sakaevning o’rnini egallagan Azamat Abduraimov 10-turda sobiq klubi bilan to’qnashadi.
Yangiyer
|
PRO liga. 10-tur 07/06/2021, 18:00 – – Boshlanmadi |
Dinamo
|
55 yoshli mutaxassis Sirdaryo jamoasi boshqaruvidagi dastlabki 2 o’yinida 4 ochko olishni uddaladi. Abduraimov "Yangier" bilan ilk mag’lubiyatini Hakim Fuzaylovdan qabul qilib olishini taxmin qilyapmiz. Joriy turda 2 asosiy raqobatchilaridan biri ("Neftchi" va "Olimpik") ochko yo’qotishi aniqligini bilib turgan "Dinamo" futbolchilari bu o’yinni "Yangier"ga berib qo’yishmasa kerak.
Eslatib o’tamiz, Samarqand va Sirdaryo klublari o’rtasida o’tgan 1-davradagi bahsda "Dinamo" zafar quchgan edi (2:1).
"Aral Samali" safardagi ilk g’alabasini tantana qiladi
10-turda musobaqaning asosiy autsayderi Nukusning "Aral Samali" klubini qabul qiladi.
Sho'rtan
|
PRO liga. 10-tur 08/06/2021, 18:00 – – Boshlanmadi |
Aral Samali
|
FIFA taqiqi tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan "SHo’rtan" joriy mavsum uy uchrashuvlarida faqat 1 ochko to’play oldi. Buning ustiga, 28 may kuni O’FA Etika qo’mitasi Qashqadaryo jamoasining bazi o’yinchilarini diskvalifikaciya qilgani malum bo’ldi. Xullas, "SHo’rtan" hozir juda ham qiyin vaziyatda. "Aral Samali" 8 iyun kuni vaziyatdan foydalanib, safardagi ilk g’alabasini qo’lga kiritsa kerak.
"Neftchi" markaziy bahsda ochko yo’qotadi…
10-turning markaziy o’yini 8-iyun kuni "Jar" stadionida o’tkaziladi. Bunda turnir jadvalini boshqarib turgan Ilhom Mo’minjonov boshchiligidagi "Neftchi" "Olimpik" mehmoni bo’ladi.
Olimpik
|
PRO liga. 10-tur 08/06/2021, 18:00 – – Boshlanmadi |
Neftchi
|
Malumot uchun, Farg’ona klubi joriy mavsum faqat 2 ta jamoani yuta olmadi. Ulardan biri aynan "Olimpik" hisoblanadi. Timur Kapadze shogirdlari 8 iyun kuni ham bor imkoniyatlarini sarflab, musobaqa karvonboshisidan ochko tortib olishsa kerak. CHunki mag’lubiyat "Olimpik"ning elita yo’llanmasi uchun imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi ("katta uchlik" ilgarilab ketadi).
Qadrli muxlis, siz 10-turdan qanday natijalarni kutyapsiz?
Muallif : Faxriddin Ro’ziyev