Teglar :
intervyuO’zbekiston U-20Dmitriy Kim
31 may kuni saytimiz orqali Misrda U-20 Arab Kubogi musobaqasi bo’lib o’tishi haqida xabar bergandik.
Ushbu musobaqada 2003 yilda tug’ilgan futbolchilardan iborat O’zbekiston U-18 terma jamoasi U-20 sifatida ishtirok etadi. Bu yilgi turnir 20 iyun kuni start oladi va 6 iyulga qadar davom etadi. Vakillarimiz "D" guruhida Yaman, Tunis va Saudiya Arabistoniga qarshi o’ynaydi. Jami ishtirokchilar 8tani tashkil etyapti. Dmitriy Kim boshchiligidagi yoshlarimiz ayni paytda Toshkentda o’quv-mashg’ulot yig’inini olib bormoqda. Kecha terma jamoa azolari "Olimpik" U-18 klubiga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushishdi. Biz esa mazkur bahsdan so’ng terma jamoa bosh murabbiyi Dmitriy Kimning fikrlari bilan qiziqdik.
– Dmitriy Makarovich Misrdagi xalqaro musobaqaga tayyorgarlik qanday ketyapti?
– SHuni aytishim mumkinki, Misrdagi turnirdan biz juda kech taklif oldik. SHu bois tayyorgarlik uchun oldimizda vaqt kam edi. Bunga qadar faqat o’tgan yili bir marotaba yig’in tashkil qilingandi. Ularning qanday holatda ekanligini bilib olish biroz qiyin edi. Yig’inni 30 nafar futbolchi bilan boshladik. Qisqa fursatda tarkibni aniqlab olish va taktik ishlanmalarni ko’zdan kechirishda ayrim muammolar yuzaga keldi, deya olaman.
– Bilamiz bunga qadar "CHig’atoy" futbol maktabida faoliyat olib borayotgan edingiz. Lekin terma jamoa bu o’z nomi bilan terma jamoa…
– Ha bu – terma jamoa. Unda turli klublardan yig’ilgan futbolchilar bor. Lekin hali yuz foiz shular o’ynaydi, degani emas. Yana nomzodlar bor. Xalqaro turnirdagi tajriba bizga keyingi ishlarimizda katta yordam beradi. Futbolchilar o’zlarida ishonch hosil qilish uchun ham bunday musobaqalar kerak. Bizga esa ularning katta arenada nimalarga qodirligini va imkoniyatlarini yanada yaxshi bilib olish imkonini beradi.
– Bunday yosh o’yinchi uchun katta futbolga o’tish jarayoni hisoblanadi….
– Ha, buni o’ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Terma jamoada 30 nafar futbolchi bo’lsa, har birining xarakteri turlicha. Futbolni tushunishi ham boshqa darajada. O’ylaymanki, ular bizdan nimani talab qilayotganimizni bilishadi. Eng qiyin narsa esa barqarorlikni taminlash.
– Terma jamoadagi aksariyat futbolchilar U-18 chempionatida ishtirok etishadi. Bugungi kunda ushbu chempionat haqida fikringiz qanday? Boisi Misrdagi turnir U-20 ostida o’tkaziladi…
– Misrda tashkillashtiriladigan musobaqada ishtirok etadigan jamoalarning darajasi ko’proq o’rinbosarlar chempionatiga yaqin. Bizning terma jamoada esa ko’pi U-18 chempionatida, Birinchi ligada to’p tepadi. Kimdir zaxirada, yana kimdir asosiy tarkibda o’ynaydi.
– 17-raqamdagi futbolchi tezligi va texnikasi hamda individual mahorati etiborimni tortdi…
– Ha, uning ismi SHohjahon Umarov, "Bunyodkor" klubi futbolchisi. O’yin sifati yaxshi. Lekin yanada ishlashi kerak bo’lgan jihatlari ham yo’q emas. Umuman olganda barcha yigitlar iqtidorli. Faqatgina ularga vaqt va ko’proq imkoniyat kerak. Terma jamoa eshigi hamma uchun ochiq. Har bir nomzodni diqqat bilan o’rganib chiqamiz.
– O’FA bilan bo’lajak rejalar haqida gaplashib oldingizmi?
– Osiyo chempionati Toshkentda o’tkaziladi. Masuliyati yuqori bo’lgan musobaqaga munosib tayyorgarlik ko’rishimiz talab qilinadi. Bosh maqsad – Jahon chempionatiga yo’llanma olish.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Ushbu saytda barcha materiallar ochiq manbalardan olinadi - Internetdagi materiallarga qayta ulanish yoki saytga tashrif buyuruvchilar tomonidan yuboriladi va faqat axborot maqsadida beriladi.
Materiallarga bo'lgan huquqlar tegishli egalariga tegishlidir. Sayt ma'muriyati materialning mazmuni uchun javobgar emas.
Mualliflik huquqi © Barcha huquqlar himoyalangan.