Futboldagi toqatsizlik yoxud yana o’sha VAR mavzusi
Teglar :
So’g’diyona Nasaf O’zbekiston Superligasi VAR
Avval ham takidlagandim, takrorlayman: O’zbekiston Superligasining 2021 yilgi mavsumi hakamlar bilan bog’liq mojarolar, tushunmovchiliklar, VAR tizimining ishlashi haqidagi fikrlar bilan yodda qolsa, ajabmas.
Bu narsa mana 12-tur yakuniga etdiki, hali-hamon davom etmoqda. Deyarli har turda VAR yoki hakamlarga oid mojarolar trendga chiqadi. 12-turning o’zida ikki bor shunday holat bo’ldi. Xususan, AGMK – “Qo’qon-1912” hamda “Nasaf” – “So’g’diyona” jamoalari o’rtasidagi bahsda. Biz ikkinchi o’yinga to’xtalmoqchimiz.
O’yinning 90-daqiqasigacha hisob 1:0 bo’lib, unda “Nasaf” jamoasi oldinda edi. Hakam tomonidan qo’shib berilgan daqiqalarning birinchisida So’g’diyona gol urib, hisobni tenglashtirdi. Jamoa azolari golni nishonlashdi, go’yo hammasi joyidadek ko’rindi. Ammo VARdagi hakalar brigadasi bosh hakam SHavkat Nasibullaevga gol bo’lishidan avval qoidabuzarlik bo’lgani haqida malumot berdi chog’i, hakam VARni ko’rdi va golni bekor qildi.
Vaziyatga etibor qaratsak futbolda bunday kurashlar bo’lishiga odatlanib qolganmiz. Aynan shu holat bo’lganida ham na yon hakamdan, na bosh hakamdan qoidabuzarlik bo’lgani haqida sado chiqdi. Vaholanki bu vaziyatga bosh hakam yaqin edi. “So’g’diyona” futbolchisi raqibiga qaraganda baland sakradi va bosh bilan to’pni o’ziga to’g’rilab oldi. SHu joyda “Nasaf” futbolchisi yiqilib qoldi. Ko’p ehtimol aynan shu vaziyatda jizzaxliklar azosi qo’li bilan raqibiga nisbatan qo’pollik ishlatgan deya topildi.
90+6 daqiqada “Nasaf” futbolchi maydon markazida to’p bilan harakatlanib ketayotgan edi. “So’g’diyona”ni futbolchilari mazkur holatda raqibini to’xtatishga harakat qildi. Futbolchi yiqilgandan so’ng esa maydonda tartibsizlik kelib chiqdi. Futbolchilar o’zaro tortishib ketishdi. Qizil kartochkalar, janjallar va hokazo.
Janjalning kelib chiqishi emociya va toqatsizlik oqibati. Hakamning qanday qaror chiqarayotgani bu uning ishi deyiladi, aslida qanchalik darajada to’g’ri qaror chiqarayotganiga etibor qaratgan muhim.
O’yinning bu tarzda yakun topishini hech kim kutmagan edi, albatta. SHavkat Nasibullaev hisobga olgan golni VAR qayta ko’rib chiqib bekor qildi. Avvalo, VAR ko’rib chiqqach ham muhokama-yu, etirozlarga o’rin qolayotgani qiziq. Butun dunyoda barcha holat shu tizim orqali ko’rib chiqilgach hal bo’lgandan so’ng kamdan-kam holatlarda etirozlar bo’ladi. Bizda esa aksi – VAR ko’rib chiqadi, bosh hakam qaror qabul qiladi – shundan so’ng boshlanadi munozaralar.
Janjal o’z yo’liga, avvalo hakamlar va VARdan foydalanish haqida fikr bildirgan maqul. Deyarli birinchi davra yakuniga etib qoldi. Biz esa har tur bu tizimni bir bor eslab ketmasak bo’lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham fikrlar har xil: kimlardir qabul qilingan qarorni to’g’ri deya baholasa, yana kimdir bunga qo’shilmaydi.
Ulug’bek Baqoev o’yindan keyin “Championat.asia”ga bergan intervyusida quyidagi fikrlarni bildirib o’tdi: “Faqat menga bir vaziyat qiziq, hurmatli hakamlar nima uchun golni bekor qildi. Biz uchun qiziq. "So’g’diyona" jamoasida 22 nafar futbolchi bor. Ular ochko olish uchun borlarini berishmoqda, yonib kuyishmoqda. Oilasini boqish uchun ishlamoqda. Lekin nima sababdan golni bekor qilishdi, tushunmadik”.
Meni ikki narsa qiziqtirmoqda: kechagi o’yin uchun bosh hakam SHavkat Nasibullaevga va VAR hakami Akobirxo’ja SHukurullaevga necha baho qo’yildi ekan? Hozircha bu savolga javob olish uchun masullar bilan bog’lana olmadik. Umid qilamizki, keyinroq bu narsani bilib olamiz.
O’FA matbuot xizmatidan bir narsani iltimos qilaman: ko’p ehtimol kechagi janjal yuzasidan futbolchi, jamoa va balki stadionga jarimalar, jazolar qo’llanilishi mumkindir. Ammo undan avvalroq hakamlarning kechagi ishi ko’rib chiqiladi, menimcha. SHu bo’yicha ham rasmiy axborot berilsa bundan shaxsan o’zim va futbol jamoatchiligi mamnun bo’ladi.
Avvalroq, "Paxtakor" — "Metallurg" (2:1) uchrashuvidagi yordamchi hakamning jazolanganligini intervyular orqali bilib olgan edik.
Va qo’shimcha qilamizki, biz biror holat yuzasidan izoh olishga harakat qilganmiz, qilamiz ham.
Muallif : Og’abek Samisov