Reja bo’yicha Isroil «The Dream» Madrimov dekabr oyida franciyalik Mishel Soroga qarshi ringga ko’tariladi. Ushbu jang g’olibi WBA chempionlik jangida ringga chiqish uchun rasmiy davogarga aylanadi.
Bizga malum bo’lishicha, Madrimov – Soro jangi Toshkentda o’tkazilishi ham mumkin ekan.
“Ha, ayni paytda jamoam jangni Toshkentda o’tkazish bo’yicha muzokaralarni boshlagan. Tez kunda yangilik bo’lib qoladi”, – deydi saytimizga bergan kichik intervyusida Madrimov.
Avval xabar berganimizdek, “Mir Boksa” kompaniyasi “Matchroom Boxing” bilan hamkorlikda ushbu jangni 11 dekabr kuni AQSHda (Las-Vegas yo Klivlend) yoki Toshkentda (O’zbekiston) o’tkazishni rejalashtirgan.
Aukcion g’olibi tomonidan taqdim etilgan mukofot jamg’armasi 245 ming dollarni tashkil etgan. Reytingning birinchi raqamli bokschisi Mishel Soro mukofot pulining 60 foizi – 147 ming dollar, reytingning ikkinchi raqamli bokschisi Isroil Madrimov esa 40 foiz – 98 ming dollarga ega bo’ladi.