Teglar :
La Liga
Ispaniya chempionatining 14-turidan bir qator qiziqarli uchrashuvlar o’rin olgan, ular bilan tanishamiz.
Atletiko – Osasuna
Oxirgi vaqtlarda ovi baroridan kelmayotgan "matraschilar" so’nggi to’rt o’yindan beri g’alaba nimaligini bilmay kelayotgan "Osasuna"ni qabul qiladi. CHempionlar ligasida "Liverpul"dan tarsaki egan bo’lsa-da, madridliklar o’z uyida uncha-muncha jamoaga taslim bo’lmaydi, yani jamoa so’nggi 8 o’yinning 7 tasida mag’lubiyatga uchramagan. "Osasuna" so’nggi bor "Atletiko" ustidan 2014 yilda zafar quchgan, shundan beri klub faqatgina mag’lubiyat mevalarini tatib ko’rishga majbur bo’lgan. Biroq jamoaning ayni damda 7-pog’onada ketayotganini, qolaversa, Madrid klubi oxirgi 5 o’yinning 4 tasida g’olib kelolmaganini inobatga olsak, mezbonlar yaxshigina ter to’kishiga to’g’ri keladi.
O’zaro o’yinlar soni: 87
Mezbonlar g’alabasi-durang-mehmonlar g’alabasi: 44-15-28
Ayni damda egallab turgan o’rni: 4-7
Jamoa to’purarlari: Luis Suares-Kike Garsiya
Barselona – Espanol
Xavining qaytishi o’z hamshaharlariga qarshi o’yiinga to’g’ri keldi. Qatarda "tiki-taka" qilib tashlagan ispaniyalik sobiq futbolchi o’z hunarini Kataloniyada namoyish eta olarmikan degan savol ko’pchilikni qiziqtirmoqda. Qolaversa, hozirgi "Barselona"ning holiga hayvonot bog’idagi barcha jonzotlar ko’zyosh to’kishmoqda. Ko’ramiz, Xavi qaytdi, Dani Alves qaytdi, avvalgi "Barselona" ham qaytarmikan? Kataloniya derbisi har doim qiziqarli ruhda o’tgan.
O’zaro o’yinlar soni: 217
Mezbonlar g’alabasi-durang-mehmonlar g’alabasi: 124-48-45
Ayni damda egallab turgan o’rni: 9-11
Jamoa to’purarlari: Memfis Depay-Raul de Tomas
Granada – Real Madrid
Bir qarasang, grand jamoalarni mag’lub etadigan, bir qarasang, autsayderlarga ochko ulashadigan madridliklarni yana bir antiqa raqib kutib turibdi. Biroq "Qirollik klubi" uchun bu jamoa omadli hisoblanadi, qaymoqranglilar o’zaro so’nggi 12 o’yinda shlyapalarini osmonga irg’itishgan. Ammo futbolda hamma narsa bo’lishi mumkin. "Granada" turnir jadvalida yanada pastga sho’ng’ib ketmaslik ilinjida tish-tirnog’i bilan kurash olib borsa, ajabmas. "Real Madrid" esa o’zidan oldinda borayotgan boshqa "Real"ni (Sosedad) taqib qilishda davom etadi.
O’zaro o’yinlar soni: 56
Mezbonlar g’alabasi-durang-mehmonlar g’alabasi: 7-10-39
Ayni damda egallab turgan o’rni: 17-2
Jamoa to’purarlari: Suares-Karim Benzema
Real Sosedad – Valensiya
13-turdan so’ng La Liga turnir jadvalini "Real", "Barselona", "Atletiko", boringki, "Sevilya" emas, "Real Sosedad" boshqarib borayapti desam, ushbu mavsumni endi kuzatishni boshlagan odam yotvolib kulishi mumkin. Ammo bu haqiqat. "Real"larning kamtarona jamoasi so’nggi 11 o’yindan beri raqiblarini ranjitib kelmoqda. Bu ko’rsatkich esa undan quyiroqdagi grand klublarning so’lagini oqizishi tabiiy hol. "Valensiya" ham sovg’a jamoa emas. Ular istalgan jamoaga boshog’riq bo’la oladi. So’nggi turda "Atletiko"dan ochko tortib olgani buning yaqqol namunasidir. Xullas, ushbu o’yinni ham markaziy o’yinlar qatorida bemalol atasak bo’ladi.
O’zaro o’yinlar soni: 156
Mezbonlar g’alabasi-durang-mehmonlar g’alabasi: 50-38-68
Ayni damda egallab turgan o’rni: 1-10
Jamoa to’purarlari: Mikel Oyarsabal-Karlos Soler
Oqil Abdubarnoev tayyorladi
Ushbu saytda barcha materiallar ochiq manbalardan olinadi - Internetdagi materiallarga qayta ulanish yoki saytga tashrif buyuruvchilar tomonidan yuboriladi va faqat axborot maqsadida beriladi.
Materiallarga bo'lgan huquqlar tegishli egalariga tegishlidir. Sayt ma'muriyati materialning mazmuni uchun javobgar emas.
Mualliflik huquqi © Barcha huquqlar himoyalangan.