Futbol

“Barsa” sobiq futbolchisi Ronalduni himoya qildi

134

Kataloniyaning “Barselona” va Londonning “Tottenxem” klublarining sobiq futbolchisi Gari Lineker kecha “Manchester Yunayted”ning “Arsenal”ga qarshi o‘yinidan keyin hujumchi Krishtianu Ronalduni himoya qildi. 

Mankunianliklar “kanonirlar”ni 3:2 hisobida mag‘lub etishdi va bu o‘yinda 36 yoshli portugaliyalik dubl qayd etdi. Bu gollar KriRo uchun faoliyatidagi 800 va 801-gollariga aylandi.

Gari ushbu voqeaga atab Tvitterda post joylashtirdi. Ushbu tvit ostiga muxlislardan biri Ronalduni “Penaldu” deb atagan va 11 metrlik masofadan ko‘p gol urganiga shama qildi.

Lineker muxlisga quyidagi so‘zlar bilan javob berdi: “Bu juda kulgili va hurmatsizlik. Ronaldu dunyodagi eng buyuk futbolchilardan biri. Krishtianu – bu fenomen”.

Portugaliyalik futbolchi APLning joriy mavsumida 11 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi.

Fikr bildirish