“Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp “Tottenxem”ga qarshi o‘yinda bosh hakam Pol Tirni ishidan norozi bo‘ldi. Yakuniy hushtagi yangraganidan so‘ng germaniyalik mutaxassis referiga shikoyat bilan murojaat qildi va shundan so‘ng u flesh-intervyu davomida “Sky Sports” telekanalida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Keynning qo‘polligi ikkilanishsiz qizil kartochkadir. Agar o‘yinchimning oyog‘i maysazorda bo‘lsa, singan bo‘lardi. Negadir Robertson shunday qoidabuzarlik uchun chetlatildi. Shuningdek, jarima maydonchasidan yana bir epizod, Jota shunchaki jarima maydonchasi ichida “chopib” tashlandi. Bu hakamda nima muammo bo‘lganligini bilmayman. Men hech qachon hech narsaga da’vo qilmayman. Tirnidan nega menga bunday munosabatda bo‘lganini so‘rang. U hamma narsa uchun javobgar”, – dedi Klopp agressiv tarzda.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan.