Avval xabar berganimizdek, ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizning birinchi raketkasi Denis Istomin ham ishtirok etyapti. Hamyurtimiz turnirdagi ishtirokini saralash bahslaridan boshladi. U avvaliga yarim finalida reytingda o’zidan 114 pog’ona yuqorida borayotgan avctriyalik Yuriy Rodionovni 6:4, 6:2 hisobida mag’lub etdi.
Keyin esa saralashning final uchrashuvida ekvadorlik Emilio Gomesdan 7/6(7), 6/2 hisobida ustun kelib, asosiy to’rga yo’l oldi. Gomes ATP reytingida 149, Istomin esa 267-o’rinni egallab turibdi. Kecha tunda Denis asosiy to’rning ilk davrasida dunyoning 117-raketkasi, amerikalik Sem Kuerriga qarshi kortga chiqdi.
Bir soatu 12 daqiqa davom etgan uchrashuvda Istomin nomdor raqibini 6/1, 7/6(5) hisobida mag’lubiyatga uchratdi. Tennischilarning o’zaro uchrashuvlarida Denis hisobda oldinga chiqib oldi – 3:2!
Endi yurtdoshimiz ikkinchi davrada yana bir AQSH tennischisi, dunyoning 41-raketkasi Tommi Polga qarshi kortga chiqadi. Hozircha tennischilarning o’zaro uchrashuvlarida hisob teng bo’lib turibdi – 1:1. Istomin – Pol bahsi Toshkent vaqti bilan bugun tunda soat 00:30da boshlanadi.