«Barselona» «Chelsi»da ijara asosida o‘ynayotgan «Atletiko» yarim himoyachisi Saul Nigesga qiziqish bildirmoqda, deb xabar beradi Diario Sport nashri.
Manba bergan xabarga ko‘ra, «Barselona» bosh murabbiyi Xaviga 27 yoshli ispaniyalik futbolchining o‘yinlari yoqadi. Kataloniya klubi qishki transferlar vaqtida yarim himoyachining nomzodini muhokama qilgan.
Qayd etilishicha, Saul kataloniyaliklar safiga o‘tishni istamoqda. Shu bilan birga, «Atletiko» «Barsa»dan hujumchi Antuan Grizmannning transferi bo‘yicha shartnoma narxini pasaytirish maqsadida futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor.
Saul joriy mavsum «Chelsi» safida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Yarim himoyachining Madrid klubi bilan shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.