Futbol

«Oltin to‘p» yangi qoidalar joriy qildi. Endi asosiy da’vogar kim bo‘ladi?

178

2021 yilda «France Football» katta obro‘sini yo‘qotdi. «Oltin to‘p»ning Lionel Messiga topshirilishi va Robert Levandovskining yutuqlarini chetga surib, sovrinni argentinalikka berishi, butun futbol olamini shok holatga tushurib qo‘ydi, hamda «adolatsizlik» va «sharmandalik» so‘zlari «yilning eng yaxshi futbolchisi»ga beriladigan mukofot bilan sinonimga aylandi.

«France Football» nashri 2020 yilda mutlaqo tushunarsiz sabablarga ko‘ra «Oltin to‘p»ni topshirish marosimini bekor qilishga va Levandovskini mukofotdan mahrum qilishga qaror qildi. Ehtimol, ular koronavirus paytida yig‘ilish o‘tkazishni istamagan va bu nazariy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Aslida nashrning bu harakatini hech kim — na biror mutaxassis, na birorta muxlis tushunmadi.

Yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlash mezonlari bo‘yicha global savollar anchadan beri muxlislarni qiynab kelmoqda edi. Masalan, nega mukofot yil oxirida beriladi, chunki ko‘plab mamalakatlarda futbol mavsumi yozda tugaydi va keyingi mavsum o‘rtasida topshirishdan nima naf? Halollik mezonini qanday aniqlash mumkin? Shaxsiy yutuqlar va jamoaviy chempionlik «Oltin to‘p»ni olishga qanday ta’sir qilishi mumkin? Har bir saylovchi o‘z qarashlaridan kelib chiqib, buni turicha izohlaydi.

«Oltin to‘p» yangi qoidalar joriy qildi. Endi asosiy da’vogar kim bo‘ladi?

Messi «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritganiga va jahon futboli muxlislari norozichiligiga uchraganiga 3,5 oy bo‘ldi. Yaqinda «France Football» ovoz berish tizimida uzoq kutilgan o‘zgarishlarni e’lon qildi. Endi «Oltin to‘p» g‘olibi to‘rtta asosiy mezon bo‘yicha aniqlanadi.

  •     Endilikda ovoz berishda natijalar 1 kalendar yili uchun emas, balki mavsum uchun inobatga olinadi. Mukofot esa futbolchilarning ma’lum bir vaqt oralig‘idagi o‘yinlarini imkon qadar ko‘proq baholash maqsadida sentyabr yoki oktyabr oylarida, ya’ni yangi mavsum boshida topshiriladi. Bu ko‘p nohaqliklarni bartaraf etadigan, eng to‘g‘ri qaror. Masalan, jamoa, bosh murabbiy o‘zgarishi va boshqa ko‘plab omillar ta’sirida mavsum davomida futbolchining o‘yini yaxshilanishi yoki pasayib ketishi mumkin.
  •     Nomzodlar ro‘yxatini tuzishdagi o‘zgarishlar. Ilgari bu ro‘yxatlarni France Football (qolaversa L’Equipe) jurnalistlari tuzgan bo‘lsalar, endilikda «Oltin to‘p» elchisi Didye Drogba, shuningdek, sohaga begona bo‘lmagan saylovchilar tomonidan tuziladi. Ro‘yxat oktyabr oyida ommaga e’lon qilinadi. Bu munozarali harakat, chunki nomzodlar ro‘yxati odatda hech qachon muhokama qilinmaydi va mukofotga nomzod bo‘lgan 30 o‘yinchini ajratib ko‘rsatish ilgari unchalik qiyin bo‘lmagan. O‘zgarishlar bunga qanday ta’sir qiladi yoki umuman aksi bo‘ladimi, biz faqat kuzda bilib olamiz.
  •     Ovoz berish tizimini o‘zgartirish. Endi ovoz berishda FIFA reytingining 100 taligidan joy olgan davlat vakillarigina qatnashishlari mumkin bo‘ladi. Ya’ni, bundan buyon Quvayt, Latviya va Namibiya terma jamoasi murabbiy va jurnalistlari ovoz bera olmaydi. Bunday qarorning adolatliligi haqida savollar bor, ammo futbol unchalik ommabop bo‘lmagan mamlakatlarning OAV vakillariga ovoz berish jarayonida qatnasha olmasligi orqali ko‘p narsa yo‘qotilmasa kerak. France Football bu holatni quydagicha izohladi: «Ushbu qaror tajriba darajasini oshiradi va g‘alati ovozlar berilishi oldini oladi», deb tushuntirildi bayonotda.
  •     Asosiy mezon jamoaviy yutuqlar emas, balki individual sovrinlardir. France Football individual mukofot olishning jamoaviy yutuqlarga haddan tashqari bog‘liqligini tan oldi. 2021 yilda Messi bilan bo‘lgan misol eski yondashuvning noto‘g‘riligini yaqqol isbotladi. Ha, Leo o‘tgan mavsum Amerika Kubogida ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va Argentina terma jamoasi bilan birinchi sovrinni qo‘lga kiritdi, lekin klub darajasida esa… «Barsa» va «PSJ» klublarida Leoning shunchaki ishi yurishmadi.
  • Qolaversa, «France Football» yana 4 ta kichik mezonni ajratib ko‘rsatadi: 1) birinchi o‘rinda individual ko‘rsatkich va kuchli raqiblarga qarshi o‘yin hisobga olinadi; 2) mavsum davomida qayd etilgan rekordlar va individual yutuqlar hisobga olinadi; 3) futbolchining sifati va uning «feyr-pley» o‘yin tamoyillariga sodiqligi bo‘ladi; 4) futbolchining faoliyati davomidagi avvalgi yutuqlari endi hisobga olinmaydi.

    Bu o‘zgarishlar yetarlimi?

    «France Football» o‘yinchilar va muxlislarning da’volarini inobatga oldi va hozirgi o‘zgarishlarni ishonch bilan ijobiy deb atash mumkin. Ammo bir nechta qarorlar mantiqiy savol tug‘dirishi mumkin. Masalan, hozirda FIFAning eng kuchli 100 taligidagi davlatlargina ovoz berishini hisobga olsak, Afrika mamlakatlari futbolchisi «Oltin to‘p» uchun kurashda mag‘lub bo‘lib qolmaydimi? Masalan, Afrika davlatlari vakillar odatda Salohga ovoz berishini va ushbu qit’aning aksariyati FIFA reytingida 100 talikka kirmasligini hisobga olsak, Salohning «Oltin to‘p» yutish haqidagi orzulari sarobga aylanishi mumkin.

    Hujumkor o‘yinchilar ovoz berishda to‘liq ustunlikka ega bo‘lishlari mumkin, chunki aynan ular ko‘pincha rekord o‘rnatadilar va samarali harakatlari evaziga qolgan pozisiyadagi futbolchilarga qaraganda ko‘proq ochkoni qo‘lga kiritadi.

    «Oltin to‘p» qoidalarni soddalashtirish va o‘yinchilarning individual o‘yinlarini ob’ektiv baholash tomon dadil qadam tashladi. Lekin saylovchilar o‘rtasida sub’ektivlik omilini minimallashtirish uchun ushbu komponentlarni yanada rivojlantirish va takomillashtirish zarur.

    Endi «Oltin to‘p»ga asosiy da’vogar kim bo‘ladi?

    «Oltin to‘p» yangi qoidalar joriy qildi. Endi asosiy da’vogar kim bo‘ladi?

    Demak, endi «Oltin to‘p»ga da’vogarlarning o‘yinlarini ko‘rib chiqish uchun 2021 yilning avgust oyidan bu yog‘igacha bo‘lgan faoliyatini qarang. Shuni unutmangki, «Oltin to‘p»-22 ga Qatardagi jahon chempionati ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Shu sabab, yangilangan reglament asosida asosiy da’vogarlarni aniqlash mumkin.

    Aniq aytish mumkinki, Ronaldu va Messi sovrin uchun davogarga aylanishlari dargumon. Krishtianu «Manchester Yunayted» safida deyarli har ikki o‘yinda 1 ta gol uradi (31 o‘yinda 18 ta gol), shuningdek Premyer-ligada to‘purarlar poygasida 2-o‘rinni egallab turibdi. Messi kamdan-kam hollarda gol urmoqda va Chempionlar ligasida «Real»ga qarshi prinsipial bahsda umuman maydonda ko‘rinmadi.

    «France Football»ning yangi mezonlariga ko‘ra, asosiy uchta da’vogarni ajratib ko‘rsatish mumkin, ammo ularning har biri uchun savollar mavjud.

    Masalan, Mbappe Chempionlar ligasida ajoyib o‘yin ko‘rsatgani uchun katta ustunlikka ega bo‘lishi mumkin, lekin shunday bo‘lsa-da, «PSJ» turnirni erta tark etdi va bu futbolchining minusiga ishlaydi. Shuning uchun Kilian individual sovrinni qo‘lga kiritish uchun Parij klubini Liga—1 chempionligini qo‘lga kiritishda yordam berishi talab etiladi.

    Barcha turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan va Fransiya terma jamoasining asosiy hujumchisi sifatida jahon chempionatiga boradigan Karim Benzema uchun juda yaxshi imkoniyat. Ammo u jahon chempionati paytida ham o‘sha saviyani saqlab qola oladimi degan savol paydo bo‘ladi – axir u 34 yoshda.

    Yana ko‘plab gol urib, «Liverpul»ni oldinga tortayotgan Salohni ham unutib bo‘lmaydi. Muhammad Misr terma jamoasida yetarlicha saviyali futbolchilar kam bo‘lsa-da, «fir’avnlar»ni doimo oldinga tortib yuradi.

    Undan keyin daho va «Man Siti» yetakchisi, biroq bir mavsumda 15 tadan ortiq gol urmaydigan De Bryuyne bor. Mavsum o‘rtasida jarohat olgan Xoland bor, har mavsum ko‘plab yutuqlarga erishib, lekin ikki marta «Oltin to‘p»siz qolgan Levandovski bor.

    Umuman olganda, kelasi kuzda nomzodlar haqida 2021 yilning dekabriga qaraganda kamroq savollar bo‘ladi. «Oltin to‘p» topshirish jarayoni ijobiy tomonga o‘zgarmoqda va u jamoatchilik fikri bilan hisoblashishga tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda. Bundan kim yoki nima yutish mumkin? Albatta, muxlislar!

     

    Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

    Fikr bildirish