Diyor Imomxo’jaev O’zPFL bosh direktori etib tasdiqlandi
Teglar : O’zPFLDiyor Imomxo’jaev
Bugun O’zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo’mitasining yangi saylangan tarkibdagi ilk yig’ilishi o’tkazildi.
Unda O’zPFL Ijroiya qo’mitasining jami 9 nafar azosidan 8 nafari ishtirok etdi. Jumladan, tashkilot rahbari Diyor Imomxo’jaev, O’FA vice-prezidenti Odil Ahmedov, O’FAning Ayollar futboli bo’limi boshlig’i Aziza Tatlimuratova, O’zPFL yuriskonsulti Oybekxon Ibrohimxonov, AGMK futbol klubi bosh direktori Bahodir Mirzaev, “Lokomotiv” futbol klubi bosh direktori o’rinbosari To’labek Akramov bevosita qatnashgan bo’lsa, 2 nafar azolar – “Nasaf” futbol klubi bosh direktori Alisher Yusupov hamda “Xorazm” futbol klubi bosh direktori Maqsud Karimov Zoom platformasi orqali ishtirok etishdi. Bir nafar Ijroqo’m azosi “Turon” futbol klubi prezidenti – Olimxon Ahmedov esa ayni paytda xorij safarida ekani bois ovozini alohida taqdim etdi.
O’zPFL Ijroiya qo’mitasi yig’ilishida tashkilot bosh direktori lavozimiga O’FA prezidenti kiritgan taqdimnomaga asosan Diyor Imomxo’jaev nomzodini tasdiqlash masalasi ko’rib chiqildi.
Unga ko’ra, 2020 yilning 25 may kunidan boshlab O’zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan Diyor Imomxo’jaev ortda qolgan muddat davomida amalga oshirgan ishlar inobatga olingan holda O’zbekiston Professional futbol ligasi Ustaviga muvofiq O’FA prezidentining taqdimnomasiga asosan Liganing Ijroiya qo’mitasi azolari tomonidan ovoz berish yo’li orqali lavozimga tasdiqlandi. Ijroiya qo’mitasining barcha azolari ushbu nomzodni tasdiqlash uchun ovoz berishdi va Diyor Imomxo’jaev 4 yil muddatga O’zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori etib tasdiqlandi.