Ularning ichida shubhasiz, ECHL yarim final ishtirokchisi "Vilyarreal"ning "Xetafe" bilan to’qnashuvi ispan futboli ishqibozlari etiborida bo’ladi.
Ispaniya chempionati doirasida ushbu klublarning o’zaro o’yinlar statistikasiga etibor qaratadigan bo’lsak, oxirgi 5 o’yinning barchasida "Vilyarreal" zafar quchgan — 2 marta 3:1 hisobi va qolgan o’yinlarda 1:0 natijasi qayd etilgan.
Xetafe
"Xetafe" mavsum avvalida Ispaniya Kubogi doirasida "Molerussa"ni yirik hisobda mag’lub etdi (5:1). Biroq keyingi bosqichda kutilmaganda "Atletiko Baleares"dan qaqshatqich zarba qabul qilib oldi (0:5).
Primerada jamoa 31-turga kelib, 7 g’alaba va 11 durang bilan 32 ochko jamg’argan. Avvaliga "Malorka"ni enggan (1:0) Kike Sanches Flores shogirdlari o’tgan turda "Real"ga yutqazib qo’yishdi (0:2) va 14-pog’onani band etib turishibdi.
Bugun mezbonlarga Xonatan Silva, elkasidan jarohat olgan Mata va diskvalifikaciya sabab Jene Dakonam yordam bera olmaydi.
"Vilyarreal"
"Vilyarreal" CHempionlar Ligasini ishonchli tarzda o’tkazdi. Pley-offning dastlabki bosqichida Emeri shogirdlari ko’pchilik uchun kutilmaganda "Yuventus"ni osonlik bilan taslim qilishdi (ikki o’yin natijasiga ko’ra 4:1). CHorak finalda esa yana bir nomdor raqib "Bavariya"ga (ikki o’yin natijasiga ko’ra 2:1) chiqish eshiklari ko’rsatildi.
La Ligada mehmonlar 12 g’alaba va 10 durang bilan 46 ochko jamg’argan. Ettinchi o’rinda borayotgan "sariq suvosti kemasi" o’tgan turda "Atletiko" bilan (1:1) durang qayd etgandi.
Bugun jamoaga Bulae Dia va Alberto Moreno yordam bera olishmaydi.
Yaqin kunlarning eng shov-shuvli sensaciyalaridan birining "aybdori" bo’lgan "Vilyarreal"ning ichki chempionatdagi ishlari unchalik yurishmayapti. To’g’ri, kayfiyat alo darajada, ammo "Bavariya" bilan javob bahsida ko’p kuch yo’qotilgani ham bor gap. Har ikki tomondan ehtiyotkorlik va kam sonli gol(lar) kutilayotgan bahsda Unai Emeri jamoasi g’alaba uchun harakat qiladi. Faqat shu yo’l bilan evrokuboklar zonasiga yaqinlashib olish mumkin.
La Liga. 32-tur "Xetafe" – "Vilyarreal" Xetafe, "Kolozeum Alfonso Peres" o’yingohi