Boks/MMA

Lo’lilar qirolining tili mushti bilan birdek xavfli.

185

Mashhur bokschi Tayson Fyurining navbatdagi jangiga ham juda oz vaqt qolmoqda. Engilmas “lo’lilar qiroli” bu safar yorqin nokautchi, so’nggi jangida rossiyalik Aleksandr Povetkinni nafaqaga yuborgan Dillian Uayt bilan to’qnash keladi. 23 aprel kuni Uayt Fyuridan chempionlik kamarini tortib olib, sensaciya qilishga urinib ko’radi. Biroq buning iloji yo’qdek go’yo — Tayson har tomonlama juda kuchli.

Fyurining asosiy “kozir”laridan biri bu — treshtoking ko’rsatib, raqiblarini g’azablantira olishidir. Yaqinda uni hatto Deontey Uaylder ham treshtokingda enga olmadi. Darvoqe, Dillian Uayt Tayson bilan treshtoking qilishga urinib ham ko’rmadi.

Biz Fyurining faoliyati davomidagi eng yorqin iboralarini eslaymiz.

“Lo’lilar qiroli” Vladimir Klichkoni mag’lub etganidan so’ng haqiqiy yulduzga aylandi. Ukrainalik afsonani engishidan avval Tayson raqibini juda ko’p bor haqorat qildi, ular tom manoda klassik treshtoking sodir etishdi. Vladimir sovuqqon bo’lishga harakat qildi, ammo Fyurining so’zlari bunga yo’l qo’ymadi.

“Meni masxaraboz, semiz yoki shunga o’xshash nimadir deb atashingiz mumkin. Xohlasangiz, hatto Syu deb chaqirishingiz mumkin. Lekin meni “Vladimir Klichko” deya ko’rmang, bu haqorat”.

“Hoy, Klichko, sen qari ko’rinyapsan”.

“Bu yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi jang bo’ladi. Men — yaxshilik, Klichko esa — yomonlik taraf. Yaxshi taraf doim yomon tarafni yutib kelgan. Men Xudo bilan birgaman. Agar, Xudo men bilan bo’lsa, kim menga qarshilik qilishi mumkin?”.

“Vladimir, senda mening shortilarim kabi xarizma bor. Nol”.

Fyuri boshqa bokschilar haqida ham ko’p gapirgan. Tayson butun faoliyati davomida nafaqat raqiblari, balki barcha ehtimoliy raqobatchilarini ham “hafa qilishga” harakat qilib keladi.

“Joshua xavfsiz bokschi ekanligi aniq. U katta chaqaloqdek go’yo. Uni hatto so’nggi daqiqalarda kashf etilgan Endi Ruis ham nokaut eta oldi”.

“Uayt Buyuk Britaniya chempionligini ko’lga kiritgan, lekin bu kam. U qandaydir WBC vaqtinchalik kamarini yutgan, lekin bu haqiqiy kamar emas. Bu rasmiy kamar emas. WBC Silver muhim emas. Bu Mikki Maus kamaridek go’yo”.

“Uaylder avval kaltaklanmagan, baland bo’yli qiz. Men buni tuzatmoqchiman. Buni sekin va hotirjam bajaraman”.

Darvoqe, Tayson nafaqat raqiblari, balki o’zini ham qattiq “qoralaydi”. “Lo’lilar qiroli” o’zini tez-tez maqtashiga qaramasdan, jiddiy tarzda tanqid ham qiladi. Umuman olganda, uning taxminlari ayni lahzadagi kayfiyatiga bog’liq bo’ladi.

“Men semiz, hunuk va kalman, lekin meni hech kim to’xtatib qola olmaydi”.

“Menga psixiatr kerakligini bilaman, sababi menda muammolar bor”.

“Men lo’liman: bilimim yo’q, maktabda o’qimaganman. Faqat jang qilishni va gapirishni bilaman. Odamlar men haqimda nima deb o’ylashining menga qizig’i yo’q. CHempionligim va kimgadir o’rnak bo’lishimning men uchun farqi yo’q”.

Ko’plab taniqli insonlarning taqdiri — kasblariga bog’liq bo’lmagan savollarga javob berishdir. Fyuri ham bundan mustasno emas: jurnalistlar uning millat, din va oila haqida qanday fikrda ekanligiga qiziqishadi.

“Siz bir odamni Irlandiyadan haydashingiz mumkin, lekin Irlandiyani odamlardan haydab bo’lmaydi”.

“Men gomofob yoki irqchi emasman. Odamlarga hech qanday qarshiligim yo’q. Odamlarga nisbatan faqat muhabbatni his qilaman”.

“Ahmoq odamlargina OAV va hokimiyatdagilar targ’ib qilyotgan tizimga ko’r-ko’rona ergashadi. Ular cho’ponga ergashgan qo’ylar kabi o’zlari uchun belgilab qo’yilgan yo’ldan boradilar”.

“Axir, biz barchamiz Masihdagi birodarlarmiz. Boshqalarning ishi bilan ishim yo’q”.

Lo'lilar qirolining tili mushti bilan birdek xavfli.

Xulosa o’rnida, Fyurining sevimli sport turi haqida yozmoqchiman. Tayson bir vaqtning o’zida boksni ham sevadi, ham nafratlanadi, u buni bir necha bor tan olgan. U televideniyada ekspertlik qila olgan bo’lar edi: u sodir bo’layotgan voqealarga juda yorqin yondashadi va uning fikrlari o’zgacha.

“Boks — o’lib borayotgan sport turi. Ko’p yillar avval superog’ir vazn chempionligi bu sport turining cho’qqisiga aylangandi. Bokschilar qahramonlar edi. Genri Kuper yoki Frenk Brunoni eslang”.

“Men o’zimni eng buyuk og’ir vaznli jangchi deb hisoblasam ham o’tmishdagi afsonalarning qilgan ishlarini hurmat qilaman. Lekin ular mening qahramonim emas”.

“Ikki yigit bir-birini o’n ikki raund davomida jeblar bilan urishini ko’rish meni g’azablantiradi. Men ekshenni, nokautni, og’ir va kuchli zarbalarni ko’rishni xohlayman. Men uchun mukammal boks mana shunday ko’rinadi”.

championat.com sayti asosida Diyor Mavlonov tayyorladi

Fikr bildirish