Futbol

Erik ten Xag va Ronaldu qissasi «Manchester Yunayted»da qanday davom etadi?

347

Erik ten Xag «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi bo‘ldi. Asosiy savollardan biri gollandiyalik mutaxassis Krishtianu Ronaldudan qay tarzda foydalanadi. Shu sabab bugun shu mavzuda fikr yuritishga qaror qildik.

«Manchester Yunayted» Erik ten Xagni yangi bosh murabbiy etib tayinladi. «Ayaks»da gollandiyalik o‘zining taktik yondashuvlari bilan barchani hayratda qoldirdm. Bu futbol olamidagi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi va kelasi mavsumdan mutaxassisdan «Old Trafford»da ham xuddi shunday ishlashi kutilmoqda. Natija berish uchun ten Xagga yuqori sifatli o‘yinchilar kerak. Ammo gap faqat o‘yinchilarning darajasida emas, balki ular murabbiy g‘oyasiga mos kelishda hamdir. Bu boradagi asosiy savollardan biri Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq. Mutaxassis portugaliyalikni nima qilishi kerak?

37 yoshli futbolchi gol urishda davom etmoqda. Joriy mavsumda u 21 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi va klubning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Shuningdek, KriRoning o‘rniga boshqa top darajadagi yoki to‘purar futbolchi topish ham mushkul. Sababi Kilian Mbappe va Erling Xoland boshqa jamoalarga o‘tishni istamoqda va transfer bozoridagi boshqa variantlar unchalik ishonchli ko‘rinmaydi. Biroq, Ronalduning to‘purarlik muvaffaqiyati zamonaviy futbolda juda muhim bo‘lgan pressing bilan bog‘liq kamchiligini yashiradi. Portugaliyalik o‘yin paytida bo‘ladigan bosimda faol ishtirok eta olmaydi va bu futbolchining asosiy muammosi hisoblanadi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ten Xag hozircha Ronalduning kelajagi borasida biror qarorga kelmagan. Gollandiyalik murabbiy Krishtianuning o‘yinlariga shubha bilan qaramoqda, ammo mutaxassis futbolchining kelajagi borasida tezda qaror qilmoqchi emas. Har holda, Ronalduning kelajagini belgilashda ten Xagning fikri hal qiluvchi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, katta savol. Klub rahbariyati o‘tgan yozda portugaliyalik bilan marketingni o‘ylab va aksiyalarining narxini oshirish uchun shartnoma imzolagandi. Qolaversa, «Manchester Yunayted» Ronaldu bilan xayrlashmoqchi deb hisoblasak, portugal futbolchiisi katta maosh bilan qayerga boradi? Qatardagi jahon chempionati oldidan Ronaldu turnirga tayyorgarlik ko‘rish uchun Yevropada qolishi kerak. Uning maoshini inobatga olsak, yagona variant «PSJ» bo‘lishi mumkin, ammo parijliklar KriRo bilan shartnoma imzolash ehtimoli juda kam.

Aslida ten Xag Ronaldudan qutulishga shoshilmasa kerak. Gollandiyalik yaxshi murabbiyga o‘xshaydi, ammo top-klub darajasida unga ishonch yetishmaydi. U haqiqatan ham klub va futbolchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘ladi va unga Ronaldudek odam yordam berishi zarur. Aksincha, ten Xag portugal bilan iliq aloqa o‘rnatishga harakat qiladi.

Qolaversa, Edinson Kavani «Manchester Yunayted»ni tark etayotganini ham unutmasligimiz kerak. Meyson Grinvud o‘zining janjali ichida yuribdi, Markus Reshford ham soyadagi yulduzga aylanib qoldi. Agar Ronaldu ham ketsa, u holda «qizil iblislar» hujum chizig‘ini butunlay yangilashiga to‘g‘ri keladi, bu esa qiyin va juda katta tavakkal bo‘ladi. Katta ehtimol bilan Ronaldu hujumda variantlardan biri bo‘lib qoladi va hujumda unga sheriklikka kimdir sotib olinadi.

Asosiy qiyinchilik optimal o‘yin vaqtini topish bo‘ladi. Ronaldu 37 yoshda va shu sabab har o‘yinda 90 daqiqa o‘ynay olmaydi. Klub joriy mavsum umuman Yevropa Chempionlar ligasisiz qolish ehtimoli bor, bu esa «MYU» o‘yinlari sonini kamaytiradi. «Qizil iblislar» qaysidir qit’a turniriga yo‘l olishi aniq. Agar ten Xag Ronalduning kuchlarini to‘g‘ri taqsimlay olsa, undan oqilona foydalansa, portugaliyalik gollandiyalikning qo‘lida jiddiy qurolga aylanishi mumkin.

Qanday bo‘lmasin, ten Xagning «Manchester Yunayted»dagi faoliyatini Ronalduni klubdan ketkizish bilan boshlashini kutishning hojati yo‘q. Hozirgi vaziyatda Krish unga ko‘proq kerak. Yana bir narsa, Ronalduning o‘zi ham «Old Trafford»ni tark etishni xohlashi mumkin. Uning faoliyati yakuniga yetib qoldi va u so‘nggi yillarini sovrinlardan yiroq «Manchester Yunayted»da o‘tkazishga tayyormi? Demak, balki ten Xag Ronalduni qolishga ko‘ndirishi kerakdir?

Fikr bildirish