Boks/MMA

Bellator promousheni qatorasiga ikki kun o’zining raqamlangan turnirlarini o’tkazdi.

316

AQSHning Gavayi shtati Gonolulu shahrida tashkil etilgan Bellator 279 turnirining markaziy jangi yarim engil vazn toifasida amaldagi Bellator chempioni Kris “Kiborg” Justino ishtirokida bo’lib o’tdi. Kiborg to’rtinchi chempionlik himoya jangida Arlin Blenkouga qarshi oktagonga ko’tarildi.

Avstraliyalik jangchi nomdor raqibasiga munosib qarshilik ko’rsatdi. Jang to’liq besh raund davom etdi va yakunda chempion 49-45, 49-45, 49-45 hisoblarida g’alaba qozondi. Birinchi raundning o’zida Kris Arlinni nokdaun holatiga tushirib qo’ya oldi. 

Yana bir qiziqarli jangda engil vazn toifasi vakili Raufon Stots Bellator chorak finalida Xuan Archuletni uchinchi raundda nokautga uchratdi. U yarim finalga yo’l olish bilan birga divizionning vaqtincha chempionlik kamarini ham qo’lga kiritdi. Stotsning raqibi Leandro Igo va Denni Sabatello o’rtasidagi jangda aniqlanadi. Ushbu jang 24 iyun kuni Bellator 282 turniri doirasida bo’lib o’tadi.

Patrik Miks Gran-prining yana bir yarim finalchisiga aylandi. U besh raund yakuniga ko’ra Kiodji Xoriguchidan ochkolar hisobida ustun keldi. Miksning yarim finaldagi raqibi Magomed Magomedov – Enrike Barzola jangidan so’ng malum bo’ladi.

SHuningdek, Bellator 279 turnirida Rendi Filda, Sumiko Inabi va Goiti Yamauchi raqiblarini muddatidan avval mag’lub etishni uddalashdi.

Fikr bildirish