O’zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati terma jamoamiz azolarining fikrlarini etiboringizga havola qiladi.
Bu safar biz Olimpiya o’yinlari ishtirokchisi, O’zbekistonning ko’p karra chempioni Tursunoy Rahimovaning fikrlari bilan qiziqdik.
“Nasib qilsa, kattalar o’rtasidagi jahon chempionatida uchinchi marotaba qatnashaman. Boks men uchun shunchaki xobbi emas – hayotim mazmuni hisoblanadi. Sportni tark etishni o’ylasam yuragim orqaga tortadi, ammo shuni bilamanki, barcha narsani o’z vaqti-soati bor.
Turkiyadagi jahon chempionatiga tayyorgarlik yuqori darajada o’tmoqda. Bunday mashg’ulotlardan so’ng yuksak natijalarni qayd etishimiz shart. Asosiy etibor jismoniy va ruhiy tayyorgarlikka qaratilgan. Tayyorgarlik jarayoniga psixolog ham biriktirilgan. Bu esa o’z navbatida bizga katta yordam bermoqda.
Jahon chempionatidagi maqsadim – oltin medalni qo’lga kiritishdir. Ushbu musobaqani uzoq vaqt kutdim va bahslarga qattiq tayyorgarlik bilan ketyapman. Nasib qilsa, oltin medal bilan qaytaman.
Bo’lajak chempionatda men uchun Turkiya va Hindiston terma jamoalari azolari asosiy raqib bo’lishi kutilmoqda. SHuningdek, musobaqaning adolatli o’tishi ham muhim ahamiyatga ega”, – dedi Tursunoy Rahimova.