— Quvnoq «Bunyodkor» futbol o’ynashni yaxshi ko’radi va raqibga ham bemalol futbol o’ynashiga qo’yib beradi. Farg’onada rosa omadli bo’ldi o’yini. «Neftchi» bosdi, gollarni «Bunyodkor» urib ketdi. Ko’pchilik «Bunyodkor»ni yosh deydi, lekin tarkib optimal balanslashgan: 5 legioner va tajribali futbolchilar jamlanmasi mavjud. «Olimpik» elitada yomon ko’rinmayapti, shunchaki g’alaba masalasi cho’zilmoqda. Kapadze futbol o’ynashni xush ko’radi va bugungi raqibi bilan bu borada yaxshigina bellashadi. Taktik rang-barang bo’lgan Kapadze «Olimpik»ni ilk g’alabaga etaklashi uchun juda qulay fursat, menimcha. Gollarga boy, haqiqiy quvnoq futbol tomosha qilsak ajab emas. Imkoniyatlar teng. «Bunyodkor» jamoa sifatida zo’r, o’yiniga 5 baho. Lekin himoya chizig’idagi kamchiliklar hujumdagi samarali harakatlar orqali berkinib qolmoqda. Kapadze aynan taktik taraflama pishiqroq bo’lgani uchun «Bunyodkor»ning bu kamchiligini yuzaga chiqaradi, degan fikrdaman va shu bois imkoniyatlarni tenglashtirib baholayman. Xullas, yaxshi futbol ko’rsak kerak, Xudo xohlasa.
«Dinamo» — «Neftchi»
— Mavsum startini omadsiz boshlagan jamoalar. Rogan «Dinamo»da o’z uslubini joriy qilish arafasida. Albatta buning uchun vaqt talab etiladi. «Dinamo» standart vaziyatlariga alohida urg’u qaratadigan va qarshi hujumda xavfli jamoaga aylanmoqda. Asosiy falsafa – himoyani mustahkam ushlash. O’tgan o’yinlarda hech bir o’yinda «Dinamo» yomon o’ynamadi, shunchaki natija borasida oqsadi. Natija keladigan darajaga chiqish uchun vaqt talab qilinishi aniq. O’tgan tur natija ham berdi. «Neftchi» esa ilk o’yinda g’alabaga erishib, qolgan uchrashuvlarni o’yin taraflama yorqin o’tkazib, biroq natija taraflama chuqurlikka tushdi. «Paxtakor» bilan munosib o’ynadi, «So’g’diyona»dan kuchli o’ynab, 5-6ta yaqqol vaziyatlar yaratib gol urolmadi. «Qizilqum» bilan o’rtacha, lekin yirik mag’lubiyatga loyiq o’ynamadi. «Bunyodkor»dan ancha ustun o’ynab, tabloda ustunlikni boy berdi. O’yin tashkillashtirish masalasida zo’r, lekin natija bobida juda sust o’ynayotgan jamoa o’rta balansni topishi va o’sha nuqtani ushlashi kerak. Aks holda buyog’iga jadvalda ham pastda qolib ketishi xavfi yuqori. «Neftchi»da yarim himoya kuchli, himoya yoki darvoza chizig’i borasida keskin aksincha fikr. Hujumdagi realizaciya foizi daromad solig’idan ham past ko’rsatkichda.
Bugungi o’yin «Neftchi» uchun finalga teng. Lekin raqib anoyi emas, mavsum startidan farqli ravishda ancha pishgan va Superligada istalgan jamoaga haqiqiy «bosh og’riq»qa aylanadigan «Dinamo». Bu o’yinda ham imkoniyatlar deyarli teng. «Neftchi» darvozabonlari (eng kuchsiz tarafi ham shu) «Dinamo» bilan ayniqsa standart vaziyatlarida «qovun» tushirmasa kamida ochko bilan ketadi. Aks holda quruq qo’l bilan qaytadi…