«Inter» muxlislari Romelu Lukakuning kecha bergan shov-shuvli intervyusiga javob berdi.
«Neradzurri» muxlislari «San-Siro» stadioni yoniga to‘planishib, «Yomg‘irdan qochganlar bizga kerak emas. Bo‘ron payti qolganlar muhim. Xayr Romelu» degan bannerni ko‘tarib chiqishdi.
Eslatib o‘tamiz, Lukaku 2021 yilning yozida 115 million yevro evaziga «Inter»dan «Chelsi»ga o‘tgan edi.
Kuni kecha hujumchi intervyu berib, «ko‘klar» lageridagi o‘yinidan noroziligi bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, Italiya klubiga bo‘lgan muhabbatini tan olib, «Inter»dan ketganidan afsusda ekanligini aytdi: «Bunday bo‘lmasligi kerak edi. «Inter» yuragimda, men hali qaytib kelaman», — degandi Lukaku.