“SHirshov maydonda oyog’ini olib qochmaydigan haqiqiy jangchi edi” – Andrey Akopyanc
Teglar : Andrey AkopyancNikolay SHirshov
Nikolay SHirshovning vafot etishi nafaqat muxlislarga, balki u bilan birga to’p tepgan futbolchilarga ham og’ir botdi.
O’tmishning taniqli ijrochilaridan biri Andrey Akopyanc saytimizga bu boradagi xotiralai va fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
"U bilan birinchi tanishganimizda 17 yoshda edim. Men Kolyaning akasi Dima bilan do’stona munosabatda bo’lganman. Qaysidir kuni Dimaning uyiga bordik. SHirshov ham uyda edi. O’shanda u allaqachon "Paxtakor" tarkibida o’ynashni boshlagandi. Jamoaning yulduzi hisoblanardi. Tez orada men ham tarkibga jalb qilindim. SHu tariqa birga o’ynashni boshladik",- deydi Akopyanc.
"Futbolchining eng muhim fazilati fidoyilikdir. Nikolay maydonda hech qachon oyog’ini olib qochmaydigan haqiqiy jangchi bo’lgan. Doim g’alaba qozonishni istardi. CHap oyoq bilan yaxshi texnik zarbaga ega edi. SHaxsan men uchun doim quvnoq inson bo’lib qoladi. Bir-birimizni ko’rganimizda ko’pincha kulguli suhbatlar bo’lardi. Yordamimizni ayamasdik. Ochig’ini aytganda hazil va tabassum qilishni yaxshi ko’rardi, deya olaman. Hozir bu haqida gapirish men uchun juda qiyin",- deydi sobiq futbolchi.
Nikolay SHirshovning vafot etgani sababi ko’pchilikni qiziqtirdi. Keyinchalik unda tromblarning yorilishi tashxisi qo’yildi. Suhbatdoshimiz Andrey Akopyanc bu bilan bog’liq kichik malumotni aytdi.
"Yozda mikroinsultni boshidan o’tkazdi. Men unga o’zini extiyot qilishini va asrashini so’radim. Esimda, bir martta Kolya Rostov kasalxonasida yotganida tushlikka barcha bemorlarga palov tarqatishdi. U hamshiradan hazil tariqasida oshpazni chaqirishini iltimos qildi. Oshpazga qarata: "Palov nimaligini bilasizmi?",- deb so’radi. Keyin esa o’zi oshxonaga borib palov pishirishini aytdi. Ushbu taomni juda yaxshi pishirardi. O’shanda kasalxonada o’zini ijobiy tomondan ko’rsatgandi. Uning ketishi bizni xayratda qoldirdi",- deydi Andrey Akopyanc