Bir futbolchi tarixi. Bankirdan chiqqan chexiyalik “tanka” Yan Koller
Teglar :
Bir futbolchi tarixi
Siz uni bir ko’rishda futbolchi deyishingiz qiyin.
Baland bo’yi va gavdasi, og’ir vazmin xarakteri harbiy yoki og’ir atletika bilan shug’ullanuvi shaxsni eslatib yuboradi. Biroq, bu tahminlaringiz sizni aldashi tabiiy. Ha, bu o’sha siz bilgan chexiyalik futbolchi – Yan Koller. To’g’ri, u faoliyati davomida o’z davrining yulduzlari Zidan, Ronaldo, Ballak kabi maqomni olmadi. Lekin, uni CHexiyada Nedved, Rosickiy singari futbolchilar bilan bir qatorda tilga olishadi. Demak, bugun Kollerning hayot chizgilariga yana bir bor nazar solamiz va qiziqarli faktlar bilan tanishib chiqamiz.
ILK QADAMLAR
Yan Koller CHexiyaning ko’zga ko’rinmaydigan chekka hududda, Avstriya chegarasi yaqinida joylashgan Smetanova qishlog’ida tug’ilgan. Ko’chada to’p tepib yurgan oddiy bolakay kelajakda professional futbolchi bo’lishni hatto orzu qilmagan, hayoliga keltirmagandi. CHunki, faqat zodagonlarning farzandlarigina katta futbolchi bo’lishi mumkin degan hayolga borardi. Harbiy hizmatni o’tab qaytgan Yan mamlakatdagi banklarning birida ishlay boshladi. Bir vaqtning o’zida u bankning havaskorlar jamoasida ham harakat qildi. Kunlarning birida Praganing “Sparta” jamoasi vakili uning o’yinini tasodifan kuzatib qoladi va hujumchiga hos hislatlar borligini payqaydi. Natijada bankirdan futbolchiga aylangan Koller 1994 yilda pragaliklar bilan ilk shartnomasiga imzo chekadi. To’g’ri, u dastlabki mavsumni asosan zahira o’rindig’ida o’tkazdi, bor yo’g’i olti uchrashuvda maydonga tushdi. Bu 21 yoshli futbolga endigina kirib kelgan o’yinchi uchun yaxshi natija hisoblanardi. O’zini astoydil ko’rsatishni boshlagan va aniq maqsadlar bilan dadil qadam tashlayotgan futbolchi keyingi mavsumda barqaror o’yin ko’rsatdi va to’rt bor raqiblar darvozasiga yo’l topa oldi. Natijadan ranjigan “Sparta” klubi rahbari o’z tarbiyalanuvchisi bilan bitimni uzaytirmaslikka qaror qildi. Tushkunlikka tushmagan Koller Belgiyaning “Lokerene” klubiga yo’l oldi. Mazkur jamoadagi ilk mavsumida sakkizta, ikkinchi mavsumda 11ta, 1997-1998 yiligi mavsumda 24ta gol bilan Belgiya chempionatining “eng yaxshi to’purari” bo’ladi. Bunday darajadagi hujumchi grand jamoalarning etiborini tortmasdan qolmasdi. Lokerenliklar safidagi ajoyib o’yinlari va betakror gollari sabab Belgiyaning etakchi jamoasi “Anderlext” klubidan taklif oladi. Faoliyatida yangi sahifa ochishni istayotgan Koller 1999 yil boshida mazkur klubga o’tishga rozilik beradi. Futbolchi hech qachon tezlik yoki dribling tomondan maqtana olmagan. Ammo, bo’yi va jismoniy holati, zarbasi doim yuz foiz talab darajasida bo’lgan. Unga qarshi kurashda himoyachilarning yutib chiqishi qiyin kechardi. Yan ikkinchi qavatda o’zini qiroldek his qilardi. To’g’rida, ikki metrdan oshiq bo’y bilan kim ham havoda yutqazishni istaydi. O’sha yillarda u “Anderlext”da kanadalik Tomas Radzinskiy bilan ajoyib tandem hosil qilgan holda ko’plab gollar urdi. 2000-2001 yilgi chempionat bahslarida ikki futbolchi hamjihatlikda 57ta golga mualliflik qilishdi.
DORTMUND
Belgiyada goleadorlikni o’z qo’liga olgan forvard uchun top besh chempionatidan qator chorlovlar tushdi. Yakunda Koller Germaniya Bundesligasi vakili Dortmundning “Borussiya” klubiga ko’chib o’tdi. Klub uning transferiga 13 million evro sarfladi. Aytish mumkinki, hujumchi Bundesligadagi debyut mavsumida oldingidek ko’p gollar urmagan bo’lsada har holda 20dan oshiq to’p kiritdi. Jamoasiga uzoq kutilgan chempionlikni olib berilishiga katta hissa qo’shdi, shuningdek, "arilar" bilan UEFA kubogining finaligacha etib bordi. Rotterdamdagi dramatik o’tgan hal qiluvchi bahsda Gollandiyaning “Feynoord” klubiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berildi. Kollerning urgan goli dortmundliklar uchun etarli bo’lmadi. Matias Zammerning suyukli shogirdlaridan biriga aylangan futbolchi besh mavsum davomida “Borussiya”ning asosiy va alishtirib bo’lmas o’yinchisiga aylandi. 2005-2006 yilgi mavsum boshlanishi arafasida Yan oyog’idan og’ir jarohat oldi va uzoq vaqt to’shakka mixlandi. Bu paytga kelib uning nemis jamoasi bilan shartnomasi tugab borayotgandi. SHu tufayli dortmundliklar yoshi o’tayotgan va jarohatdan boshi chiqmayotgan futbolchi bilan xayrlashishga majbur bo’ldi.
PASAYISH
Umid iskanjasida “Monako”ga o’tgan futbolchining o’yinlaridan avvalgidan asar ham qolmagandi. Barchasiga jarohat va uzoq vaqt o’yin amaliyotisiz qolib ketish sabab bo’ldi deyishimiz mumkin. SHunday bo’lsada knyazliklar tarkibida 50ta uchrashuv o’tkazdi va 12 bor darvoza to’rini titratdi. Orada qisqa vaqt “Nyurnberg” klubiga yordamlashdi va Rossiya tomon yo’l oldi. Leonid Sluckiy boshchiligidagi “Krilya Sovetov” jamoasi tajribali forvardning iqtidori va maxoratidan unumli foydlanish maqsadida uni o’z safiga qo’shib oldi. 35 yoshda bo’lishiga qaramasdan Koller samaraliklar tarkibida ko’plab gollar urdi. Muhimi matbuotda u haqidagi tanqidiy fikrlarga etibor bermadi va o’zini ushlab oldi. Sluckiy uning atrofida yoshlarni to’plab jamoa shakllantirdi. Koller bunda etakchi va sardor vazifasini bajardi. Bir yarim yil ichida 46ta o’yinda 16ta gol urdi. Faoliyatini yakunlash taraddudida turgan o’yinchidan ko’pchilik bunday natijani kutmagani aniq. Franciya 3-dvizioni ishtirokchisi “Kann” u uchun so’nggi manzil bo’ldi. Irodasi mustahkam o’yinchi quyi ligada 47ta bahsda 20ta gol urib butsalarini mixga ildi.
CHEXIYA TERMA JAMOASI
CHexiya terma jamoasida 1999 yilda debyut qilgan Yan 2008 yilgi Evropa chempionatidan so’ng termadagi o’rnini yoshlarga bo’shatdi. 10 yil mobaynida barcha turnirlarda 55ta gol urdi va mutloq rekordchiga aylandi. 2004 yil Portugaliyada o’tkazilgan qita birinchiligida CHexiya bilan sensacion natijalar ko’rsatib, bronza medallariga ega chiqdi. CHexiyaliklar final ostonasida bo’lajak chempion Otto Rexagel murabbiyligidagi Greciyaga mag’lub bo’lishdi. Koller shbu musobaqada ikkita muhim gollarni o’z hisobiga yozdirib qo’ydi. Biri guruh bosqichida Niderlandiya bilan o’yinda yuz berdi. O’shanda chexlar 0:2 hisobida ortda borayotib, yakunda 3:2 natijasidagi g’alaba nashidasini surgandi. Keyingi to’p esa chorak finalda Daniya bilan bellashuvda kiritildi. Kollerning birinchi golidan so’ng jamoadoshlari yana ikki bor raqib darvozasini ishg’ol etib, 3:0 hisobdagi g’alabani taminlashgandi. 2006 yil Germaniyadagi jahon chempionatida CHexiya guruhdan chiqa olmadi. Koller birinchi turdan o’rin olgan AQSH bilan bahsda jarohat olgani bois qolgan o’yinlarni o’tkazib yuboradi. U o’sha uchrashvdan gollardan birini uradi, jamoasi esa yirik g’alabaga (3:0) erishgandi.
FAKTLAR
Buni qarangki, futbolchi haqidagi malumotlarga nazar tashlab turib faoliyatini birinchi bo’lib darvoza chizig’idan boshlaganini ko’rishimiz mumkin. Uning ikki metr bo’yi kiperlarga o’xshagani bois ayrim uchrashuvlarda darvozani unga ishonib topshirishgan. SHundan so’ng, mahalliy ishqibozlar unga “Jirafa”, “Minora”, “Mayoq” kabi laqablarni berishadi. Dortmund safidagi uchrashuvlarning birida maydondan chetlatilgan jamoadoshi darvozabon Yens Lemanni o’rniga darvozaboni vazifasini o’taydi. Bo’yiga yarasha oyoq o’lchami ham shunday katta bo’lgan, 52 o’lchamdagi butsalardan foydalangan. Ko’rish bilan bog’liq muammosi borligi sabab maydonga linzalarda tushardi. Bilsangiz, hozirda “MYU” darvozaboni De Xea ham linzalardan foydalanadi.
Jahon futbolida Yan Koller ko’p ham etirof etilmasada uning muxlislari va CHexiya uchun unutilmas afsona bo’lib qoladi!
Muallif : Iskandarov Abdulaziz