Davron Hoshimov: “Samvel Babayan meni qanday o’ynatishni biladi yoxud “Navbahor” uchun ortga yo’l yo’q”
Teglar : Davron HoshimovNavbahor
Superliga klublari Turkiyada yangi mavsumga taraddudi ko’tarinki ruhda olib bormoqda.
Kunning ikkinchi yarimida "Navbahor"ning mashg’ulotida bo’lgan saytimiz xodimlari bir qator qiziqarli suhbatlar uyushtirishga erishdi. Jamoaning o’ng qanot himoyachisi Davron Hoshimov fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
Namanganliklar ketma-ket uchinchi yilki qishki o’quv-mashg’ulot yig’inlarini Turkiyada olib bormoqda. Albatta klub o’z imkoniyatidan kelib chiqib futbolchilariga shunday sharoitni yaratib berayotgani yaxshi. Lekin bu safargi yig’in nimasi bilan farq qilmoqda? Davron Hoshimovning javobi shunday bo’ldi:
– Tayyorgarlikni har yilgiga qaraganda boshqacha boshladik. Ko’p narsalar o’zgartirildi. Tarkibimizga bir necha nafar yangi ijrochilar kelib qo’shildi. Mazkur yig’indan maksimal darajada foydalanishimiz kerak, deb o’ylayman.
O’ng qanotdagi tezkor va tajovvuzkor harakatlari bilan raqib himoyasini yorib o’tish qobiliyatiga ega futbolchining o’yinida so’nggi mavsumda pasayish sezildi. Balki Samvel Babayan boshchiligida u avvalgi formasiga qaytar.
– O’yinimda pasayish o’zimga ham sezildi. Hozirda kerakli qoidalarga amal qilib formamni tiklashga harakat qilyapman. 2022 yilda oldimga katta maqsadni qo’ydim. Ustimda yanada ishlab terma jamoadan chaqiruv olmoqchiman. Samvel Babayan bilan "Paxtakor"da birga ishlaganim bois "Navbahor"da ushbu murabbiy bilan yanada o’sishim mumkin. Samvel Vyacheslavovich meni qanday o’ynatishni biladi.
"Navbahor" har yili OCHL yo’llanmasi uchun kurashishni vazifa qilib belgilaydi. Lekin mavsum yakunida buning aksi kuzatiladi. Ko’p narsalari o’zgargan bu klubning joriy yilgi rejalari borasida Davron Hoshimov quyidagicha fikr bildirdi.
– Maqsadimiz OCHLga yo’llanma olish. Faqat shuning ustida ishlaymiz. Biz uchun ortga yo’l yo’q.