Futbol

Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o’z o’rniga ega bo’lib kelgan.

282



Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan.

Intervyu. Navro’z Alimov: “Paxtakor”ga o’tganim faoliyatimdagi birinchi katta xatoim bo’lgan. Meni ishontirishgandi”

Teglar : 
intervyuNavro’z Alimov PaxtakorAral Samali
Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o’z o’rniga ega bo’lib kelgan.

Mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab terma jamoamizda ushbu diyor vakillariga ishonch bildirib kelingan. Berdax Allaniyozov keyinchalik Nematulla Qutiboev, uning davomchilari Salamat Qutiboev kabi futbolchilar turli davrlarda milliy jamoamiz sharafini himoya qilishgan. 2014 yilga kelib yana bir qoraqalpog’istonlik futbolchi muxlislar etiboriga tushdi. Osiyo kubogi-2015 musobaqasiga tayyorgarlik ko’rayotgan termamizning may oyidagi yig’iniga Mirjalol Qosimov bir qator yangi nomlarni jalb qildi. Ular orasida Navro’z Alimov ham bor edi. 

1992 yilning 25 mart kuni tavallud topgan Navro’z 2011 yili Azamat Allaniyazov "Orol"ni tark etganidan so’ng, jamoaning asosiy hujumchisiga aylandi. Baland bo’yli, gavdali hujumchi ayniqsa ikkinchi qavatlarda raqiblar uchun ancha xavfli edi. Birinchi ligadagi ajoyib o’yinlari va gollaridan so’ng u uzoq vaqt Nukusda qolmasligi aniq edi.

2012 yili u "Aral"dan Samarqandning "Dinamo"siga o’tib ketdi. Biroq jarohat oldi va keyinchalik operaciya bo’ldi. SHundan so’ng futbolchi yana Nukusga qaytishga qaror qildi.

2013 yili 21 yoshli hujumchi Navoiy viloyatining "Qizilqum" jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Birinchi mavsumni hujumchi o’rtacha o’tkazdi. 15 uchrashuvda ishtirok etgan Alimov Samarqandning "Dinamo" va G’uzorning "SHo’rtan" jamoalari darvozalarini ishg’ol qildi. SHuningdek Kubok o’yinlarida "Lokomotiv- BFK" bilan kechgan bellashuvda ham u gol urishga muvaffaq bo’ldi. 

2014 yili Alimov uchun judayam omadli keldi. Hujumchi Oliy ligada 17 o’yinda maydonga tushib "Paxtakor" va "Navbahor" bilan bo’lgan to’qnashuvlarda gol urishning uddasidan chiqdi. Bo’ydor hujumchi shundan so’ng terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning nazariga tushdi va termaga taklif etildi. Ummonga qarshi Toshkentda o’tkazilgan o’rtoqlik o’yinida termadagi debyutini nishonlagan qoraqalpog’istonlik futbolchi yil davomida 11 ta o’rtoqlik o’yinida 2 marta raqiblar darvozasini aniq nishonga oldi. Iordaniya va BAA darvozabonlari Navro’zning zarbasini qaytara olishmadi. O’sha yili u Osiyo o’yinlarida ham ishtirok etib 2 ta o’yinda maydonga tushgan edi. 2015 yilda "Paxtakor"ga yo’l olgan Alimov poytaxt klubida ko’ngildagidek to’p tepmadi. Navro’z 2016 yili faoliyatini "Qo’qon-1912" jamoasida davom ettirdi. Biroq uning Qo’qondagi faoliyati ham bir tekis chiqmadi. 

So’nggi mavsumlarni "Aral Samali" jamoasida o’tkazayotgan futbolchini yaqinda suhbatga chorladik.

– Suhbatimizni siz kashf qilib bergan 2014 yil voqealaridan boshlasak…

– Terma jamoaga chaqirilgunimga qadar "Qizilqum" jamoasida to’p tepardim. SHu klubdagi o’yinlarim orqali milliy jamoaga taklif qilindim. Debyut o’yinimni juda yaxshi eslayman. Olmaliqda Ummon bilan uchrashuvda maydonga tushgan edim. Hissiyotlarni so’z bilan tariflash qiyin. CHunki futbolchi bo’lishni istagan har bir bola terma jamoada o’ynashni orzu qiladi. Ilk bor terma libosida maydonga tushganim bois hayajon bo’lgan. Odil Ahmedov, Server Jeparov kabi yulduzlar bilan o’ynash men uchun havas edi. Ular bilan elkama-elka birinchi marotaba to’p tepish o’zgacha zavq bergan, deya olaman. Xudoga shukur niyatimni bir qismiga erishdim. Mirjalol Qosimovni uslubiga mos tushgan bo’lsam kerak chaqirgan. Yig’inlarda qo’limdan kelgancha yordam berishga harakat qilardim. 

– O’sha vaqtda terma jamoadagi muhit va tashkilotchilik qanday bo’lgan?

– Muhit yaxshi edi. Tashkilotchilik, vitaminizaciya boshida muammo bo’lgan. Keyinchalik katta yoshli futbolchilarimiz, Aziz Haydarov vitaminizaciya borasida yordam bergan. Buni o’zingiz ham eshitgan bo’lsangiz kerak. Umuman olganda katta muammo ko’rmaganman. 

– Bo’lg’usida terma jamoamizda yana qoraqalpog’istonlik futbolchilarni ko’rishimiz mumkinmi?

– Nematulla Qutiboev qo’l ostida "Jayhun" jamoasida o’ynab yurgan kezlarimda terma jamoa libosini kiyishni istaganman. To’g’ri bunga qadar Aleksey Evstafeev, Marat Kabaev boshqargan yoshlar jamoalarining yig’inlarida bo’lganman. Nukusdan uch nafar futbolchi borganmiz. Terma jamoa darajasiga chiqishimga Nematulla Qutiboevning ham hissasi katta bo’ldi, deb o’ylayman. Nima uchun yana qoraqalpog’istonlik futbolchilar o’ynamasligi kerak? Mana hozirda "Aral Samali" jamoasida Arislan degan iqtidorli futbolchi bor. SHu va boshqa yoshlarimizdan umidimiz katta. Mehnat qilishdan to’xtamasa milliy jamoa darajasigacha chiqadi. 

– 2014 yilgi Osiyo o’yinlarida ham terma jamoa tarkibida ishtirok etgansiz. O’shanda vakillarimiz nisbatan kuchsiz guruhdan o’rin olgan edi. Guruhdan chiqqach Saudiya Arabistoni to’sig’idan o’ta olmaganmiz. Balki o’shanda guruhda kuchsiz jamoalar bilan o’ynaganimiz pand berganmidi?

– Osiyo o’yinlariga kuchsiz jamoa bormaydi. O’shanda qo’shimcha bo’limlarda standartdan to’p o’tkazib yuborib alamli mag’lubiyatga uchraganmiz. 2014 yil Xirosimadagi Osiyo o’yinlaridagi g’oliblikning 20 yillik yubileyi nishonlangandi. Mirabror Zufarovich jamoa bilan umumiy gaplashib olganidan so’ng futbolchilar bilan alohida suhbatlashib olardi. Yangi tarix yaratishimizni barcha kutgandi. Agarda Saudiya Arabistonidan o’tganimizda Incheondan g’alaba bilan qaytishimiz mumkin edi. 

Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan.

– O’rtoqlik uchrashuvida BAA darvozasini ishg’ol qilganingiz hali hamon ko’pchilikning yodida qolgan. Ushbu golni qanday xotiralar bilan eslaysiz? 

– Kechagidek esimda. O’yindan bir kun oldin Mirjalol aka Sardor Rashidov va meni oldiga chaqirib koyigan. "Nima uchun katta yoshdagi futbolchilarni emas sizlarni chaqirganman? CHunki, kelajakda sizlar o’ynashlaring kerak",- degan edilar. BAA bilan ikkinchi bo’limda zaxiradan maydonga tushib gol urganman. Kiyinish xonasiga kirganimda murabbiy tabriklab to’xtab qolmasligimni aytgan. 

– Terma jamoa bilan Avstraliyadagi Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko’rish jarayonida "Paxtakor" bilan shartnoma imzolagan edingiz. Yakunda terma jamoa ro’yxatidan tushib ham qolgansiz…

– SHu savolingizga hozir javob bermasam maylimi? Osiyo kubogiga nima uchun bormaganimni sir bo’lib qola qolsin. 

– Raqobat kuchli bo’lgan nomdor "Paxtakor" jamoasidagi faoliyatingiz va natijalaringiz ko’ngildagidek chiqmadi. Balki bu qaroringiz xato bo’lgandir?

– O’zimni oqlamayman. Lekin "Paxtakor"ga o’tganim tan olaman xatoyim bo’lgan. Birinchi xatoyim shu edi. Buni menga hamma aytardi, murabbiylar, do’stlar va hokazo. Agarda "Paxtakor"ga o’tmaganimda balki biror arab jamoalarida o’ynab ketarmidim. Meni ishontirishgandi. Avvalida OCHLda tarkibga ham kiritilmadim. Nima uchun o’ynatmayotganini, meni jamoaga nima uchun olganini murabbiydan so’radim. Imkoniyatimni kutishimni aytdi. "Lokomotiv" bilan Superkubokda boshlang’ich tarkibda maydonga tushdim va birinchi bo’limdan so’ng zaxiraga olindim. Alam qilgani aybimni aytmadi. Mayli dedim chidadim. O’rinbosarlar jamoasida formamni yo’qotmaslik uchun to’p tepib turdim.

– Sobiq jamoangiz "Qizilqum" bilan bahsda qizil kartochka oldingiz va shu bilan "Paxtakor" libosida boshqa ko’rinmadingiz…

– Samvel Babayan bir kun oldin "Qizilqum" bilan bahsda asosiy tarkibda tushishimni aytdi. Samolyotda ketayotganimizda esa o’rinbosarlar jamoasida bir taym o’ynaysan, deb qoldi. Vaholanki men butun vujudim bilan asosiy tarkibda maydonga chiqishga tayyorlanayotgandim. Asosiyda emas zaxiradan o’yinga qo’shildim. Natijada ishtiyoq so’ndi va hayolim buzildi. Navoiylik muxlislar Babayanga etirozli gaplarni ham aytishdi. Samvel Babayanni yaxshi murabbiy emas yaxshi psixolog deyishlari bor gap ekan. Bunga o’zim ham guvoh bo’ldim. Bitta xato qilsangizda butun mavsum zaxirada o’tirsangiz, unda buni nima keragi bor? Yoki boshqa jamoaga qo’yib yubormaydi, yoki o’z jamoasida o’ynatmaydi. Menimcha bu noto’g’ri. Men ikkinchi davrada "Qizilqum"ga qaytyapmanda, "Paxtakor"ga qarshi o’ynash mumkin emas deyilmoqda. Balki ikki karra ishtiyoq bilan chiqib sobiq jamoamga nimanidir isbotlash uchun bir nechta gol urishim mumkin edi. SHartnomaga yaqin yaqingacha shunday bandlar kiritilayotgandi. Xudoga shukur so’nggi yillarda bu borada o’zgarish kuzatildi. Men kabi holat Iskandar SHoyqulov, Alibobo Rahmatullaevda ham yuz bergan. Alibobo mavsum arafasida boshqa jamoaga ijaraga berilgan. Balki "Paxtakor"ning uslubiga mos kelmagandirmiz. 

Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan.

Navro’z Alimov o’ng tarafdan tepada birinchi

– "Qo’qon-1912"dagi faoliyatingiz qisqa bo’lishiga sabab nima edi?

– Bir davra Qo’qonda to’p tepdim. Davra oxirlarida universiada musobaqasi boshlandi. Men Nukus Pedagogika institutida tahsil olardim. Turnirdan qaytganimdan so’ng murabbiylar shtabida o’zgarishlar yuz bergandi. No’mon Hasanov murabbiy bo’lgach Qo’qondan ketishga majbur bo’lganman.

– Superligada barqaror o’ynab keta olmaganingizdan afsuslanganmisiz?

– Afsuslanganim bilan foydasi yo’q. Hayot davom etadi. 2016 yil og’ir jarohat olib safdan chiqdim. O’sha pallada "Metallurg"da edim. Jamoani yig’iniga kirishishdan oldin tizzam lat edi va shu bilan elitadagi faoliyatim tugadi. 

– Futbolchi jarohat olsa hech kimga kerak bo’lmay qoladi, degan gaplarni ko’p eshitganmiz. O’zingizdan kelib chiqib aytganda bizda jarohat olgan futbolchiga etibor va parvarish qay darajada?

– To’g’ri. Jarohat olganingizdan so’ng biror jamoa taklif qilmaydi. Bu klubga ham bog’liq. Jarohat olib safdan chiqqan futbolchiga oylik to’lashni istamaydi. Lekin kam oylik berib bo’lsa ham futbolchi jamoa bilan yursa, mashg’ulotlarda ishtirok etsa, klub o’z holiga tashlab qo’ymasa u uchun ham qo’shimcha motivaciya bo’ladi. 

– Futboldagi armoningiz nima?

– Menimcha terma jamoa bilan Osiyo kubogiga bormaganim bo’lsa kerak. Intiq bo’lib kutgan edim. Musobaqa qadar barcha yig’inlarda qatnashib, oxirgi pallada ro’yxatdan tushib qolganman.

Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan.

– CHamasi 2,3 yil oldin O’zbekistonda hujumchilar muammo, deyilardi. Hozir ham bor. Nima, deb o’ylaysiz bu muammo so’nggi ikki yilda echim topgandekmi?

– Fikringizga qo’shilaman. Og’riqli nuqtamiz hujum. Aleksandr Geynrix, Ulug’bek Baqoev, Maksim SHackixlardan so’ng gol uradigan hujumchi boshqa chiqmadi. Hozirda terma jamoamizda hamma bosim SHomurodovning zimmasida bo’lib qolgan. Mundialga chiqsak uning ham elkasidan tog’ ag’darilsa kerak.

– Superligada o’ynagan kezlaringizda qaysi himoyachiga qarshi o’ynash noqulay bo’lgan?

– Egor Krimec, Anzur Ismoilov, Xayrulla Karimov. Xayrulla aka bilan o’yinda tortishib ham qolganman. Uchrashuvdan so’ng uzur so’rab kelishib olardik. Ular keskin o’ynaydigan himoyachilar sirasiga kiradi.

– Suhbatimizni Qoraqalpog’iston futboli bilan davom ettirsak. Qoraqalpog’istonda futbolga bo’lgan munosabat avval qanday edi? Hozirda o’zgarishlar bormi?

– Avvalgi bilan hozirgi futbolga bo’lgan munosabatni o’rtasida er bilan osmonchalik farq bor. Xabaringiz bor yangi rahbariyat ish boshladi. Nafaqat futbol, balki boshqa sport turlariga ham etibor oshdi. "Aral Samali" jamoasiga bunday etibor oldin umuman bo’lmagan. Hayolimizga ham kelmagan. Hech narsa bo’lmagan. Surxondaryodagi o’yinga "Gazel" mashinasida borib kelar edik. Hozir xudoga shukur poezd istasak avtobus ajratilmoqda. Ovqatlanish, kiyim va boshqa tashkilotchilikda muammo yo’q. 

– "Aral Samali"ning yangi mavsumga tayyorgarligi yuqori saviyada bo’lmadi. Bu Pro ligada qiyinchilik tug’dirayotgani yo’qmi?

– To’g’risini aytganda yil boshida jamoaning qaysi ligada ishtirok etishi ham aniqmasdi. Yanvar oyida o’zimiz uchun bir gap bo’lar deya yugurib turdik. Bizdan hech kim xabar ham olmagan. Mavsum starti arafasida Pro ligada ishtirok etishimiz aniq bo’lib ulgurdi. Hali yig’in ham tashkil qilinmagandi. SHu bilan tezlashib ketdi. Birinchi turda g’alaba qozondik. "Turon" stadioni tayyor bo’lmagani bois akademiya maydonida raqiblarimizni qabul qilyapmiz. Tayyorgalik yaxshi bo’lmadi. Qaysidir manoda bu ham o’z tasirini o’tkazishi mumkin. Birdaniga kirishib ketish qiyin.

– Qoraqalpog’iston futbolining kelajagini qanday tasavvur qilyapsiz?

– Hozirgi etibor va munosabatdan kelib chiqib aytsak bo’lg’usini yaxshi tasavvur qilyapman. Ayni paytdagi rahbariyatga mingdan ming rahmat aytamiz. Uy o’yinlarimizni ham o’zlari kelib kuzatib turdilar. Muhimi kelajakka ishonch va umid bor. Bu paydo bo’ldi, avval yo’q edi. Qoraqalpog’istonga Superliga havosini qaytarishga harakat qilamiz.

Qoraqalpoq futboli tarbiyalanuvchilari azaldan futbolimizda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

Fikr bildirish