27 yanvar kuni taniqli insayder Fabrisio Romano vinger Adama Traorening “Vulverxempton”dan “Barselona”ga o‘tishi haqida e’lon qildi. Romanoning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv rasman 28 yanvar kuni e’lon qilinadi: futbolchi kataloniyaliklarga mavsum oxirigacha 30 million yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga beriladi.
Traore — “Barselona” tarbiyalanuvchisi: uning bolaligi “La Masiya”da o‘tgan. U jamoa mashg‘ulotlarning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan va endigina 17 yosh bo‘lgan paytda asosiy jamoada debyutini o‘tkazgan. Ammo, yosh futbolchi tabiiy sabablarga ko‘ra Neymar, Lionel Messi va Luis Suareslar kabi futbolchilar porlayotgan jamoa hujumidagi raqobatga dosh bera olmadi. 2015 yilda Adama 10 million yevro evaziga “Aston Villa”ga, u yerdan “Midlsbro”ga ko‘chib o‘tdi va u yerda Aytor Karanka qo‘l ostida o‘z iqtidorini namoyish eta boshladi.
Premyer-ligada bir mavsum o‘ynagandan so‘ng, Traore “Midlsbro” bilan Chempionshipga tushib ketdi, ammo “Riversayd” egalari safini tark etmadi va uning o‘rniga jamoani yuqori ligaga qaytarishga harakat qildi. Lekin, “Midlsbro” maksimal vazifani bajara olmadi. Biroq, ispaniyalik futbolchi bu jamoa safida o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsata oldi: u klubda yilning eng yaxshi futbolchisi deb tan olindi va “WhoScored” portali tomonidan Chempionshipning ramziy jamoasiga kirdi.
“Barselona” tarbiyalanuvchisi bir zumda ingliz grandlarining e’tiboriga tushdi: xususan, “Chelsi” Adama uchun 30 million funt to‘lashga tayyor edi. Ammo, keyinroq Roman Abramovich jamoasi bu fikrdan qaytdi va “Vulverxempton” “Midlsbro” hisob raqamiga 18 million yevro o‘tkazib berib, Traoreni o‘z safiga qo‘shib oldi.
“Molinyu” stadionida Adama Premyer-liganing eng taniqli o‘yinchilaridan biri sifatida paydo bo‘ldi. “Vulverxempton”ning o‘ng qanotida ispaniyalik futbolchi bilan to‘qnash kelgan himoyachilar uning mushaklarini ko‘rgandan so‘ng “qaltirab qolishardi”, shu qadar baquvvat va tezkorki, har qanday sprinter ham uning tezligiga havas qilsa ajab emas.
Shu bilan birga, Traorening o‘zi mushaklarini sport zalidagi mashaqqatli mehnatlari, hamda geni (Adama Malida tug‘ilgan) tufayli ekanligini ta’kidladi.
“Ishonish qiyinligini bilaman, lekin men o‘zimni og‘ir vazn deb o‘ylamayman. Bu shunchaki genimdan o‘tgan. Men shunchaki mashq qilaman va mushaklar o‘z-o‘zidan kattarib bormoqda”, deydi futbolchi.
Traore aql bovar qilmaydigan mushaklarni o‘ta yuqori tezlik bilan birlashtirdi: FIFA 21 uni 96 ball bilan dunyoning eng tezkor ikkinchi futbolchisi deb baholashdi (eng yaxshisi Kilian Mbappe, uning tezligi 97 ballga baholangan). Adamaning asosiy qobiliyati – muvaffaqiyatli driblinglari: futbolchi Premer-liganing joriy mavsumida har bir uchrashuvda o‘rtacha 4,2 marta tezlikda raqiblarini mag‘lub etgan. Faqat, “Nyukasl” a’zosi Allan Sen-Maksimin undan yaxshiroq natijaga qayd etgan (4,3). Umuman olganda, Angliyadagi besh yarim mavsum davomida Traore raqib futbolchilarni 645 marta driblingda ortda qoldirgan.
Futbolchilar Traoreni tezlikda ortda qoldira olmaganidan, doimo uning qo‘llarini ushlab to‘xtatishgan. Shu sababli 2019/20 yilgi mavsumda Adamaning to‘rt marta yelkasi chiqib ketdi. “Bo‘rilar” shifokorlari muammoni biroz zukkolik bilan hal qilishdi. Ular Traorening qo‘llarini moy bilan yog‘lashni boshladilar.
“Raqiblar doimo Adama ulardan qochib ketishidan xavotirda va ular hech narsa qila olmaydi. Shuning uchun raiib Traoreni qo‘llari bilan ushlab, o‘zlari tomon tortadilar. Shu sabab, Adamaning qo‘li bir necha marta yelkasidan chiqib ketgan. Biz uning qo‘llarini moylaganimizda, bu raqiblarga xalaqit beradi va yangi jarohatlarning oldini olishga yordam beradi”, – deydi “Vulverxempton” klubi matbuot xizmati.
Qishki transfer oynasi vaqtida “Tottenxem” bosh murabbiyi Antonio Konte Adamani o‘z tarkibga qo‘shib olishni juda xohladi. OAVda kelishuv rasmiylashtirilayotgani haqida xabarlar ham paydo bo‘ldi. Italiyalik murabbiy o‘zining 3-5-2 sxemasida o‘ng qanot himoyachisi sifatida Traoredan foydalanishni rejalashtirgan edi. Ammo, “Barsa” Adama kurashga qo‘shilganida, ispan futbolchisi darhol “shporlar”ni unutdi va sobiq jamoasiga qaytish uchun hatto maoshini kamaytirishga ham rozi bo‘ldi.
“Kamp Nou”da u hujumdagi asosiy yulduzlardan biri, ehtimol eng yorqin yulduz rolini bajarishga mo‘ljallangan. O‘zingiz tahlil qiling: Usmon Dembele Xavi va rahbariyat bilan mojaro tufayli Kataloniyani tark etish arafasida, Ansu Fati yana jarohat oldi, Breytveyt va Lyuk de Yong saviya jihatdan Adamadan ancha past. Ha, Depay va Ferran Torres ham bor, lekin ular MSN triosi kabi raqobatlashadigan pozisiyada o‘ynamaydi. Demak, Traore o‘z vaqtida “Barselona”ga qaytib keldi. Bu safar Traoreda Kataloniya xalqi qalbini zabt etish uchun barcha imkoniyatlari bor.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.