Top-11. Katanecdan chaqiruv olmagan futbolchilar
Teglar :
Temurxo’ja AbduxoliqovG’ulom-Haydar G’ulomov SHohruz NorxonovUmarbek EshmurodovSHuhrat MuhammadievSardor Sobirxo’jaevUmid ErgashevAzizbek Turg’unboevErkin BaydullaevSHerzod NasrullaevSHerzod AzamovSrechko Katanec
Srechko Katanec O’zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida 2-yig’inini Iordaniyada o’tkazayotganidan xabaringiz bor.
Sloveniyalik mutaxassis shogirdlari o’quv-yig’ini doirasidagi dastlabki bahsda Malayziyadan ustun keldi (5:1). Katanec kelganidan keyin terma jamoa eshiklari bazi "zapretdagilar" uchun ochildi va ularning ayrimlari bosh jamoamiz safida debyut qilishga ham ulgurdi. Ammo terma jamoa qaydnomasida faqat 23 futbolchiga joy topilar ekan, doim bu ro’yxatga sig’may qolgan o’nlab futbolchilar topilaveradi. Bugun o’z tasnifimizga ko’ra, shunday o’yinchilardan 11 nafarini tanladik va xorijlik mutaxassis etiboridan chetda qolganlar ramziy jamoasini tuzdik.
Umid Ergashev
Darvozabon masalasida Nesterovdan keyin boshlangan munozaralar hanuzgacha davom etyapti. Bir qarashda Eldorbek Suyunov asosiy kiper bo’lishi kerak edi. Biroq, "Paxtakor" posboni jarohatga yo’liqqani holda bir muddat maydon tashqarisida qoldi va bu terma jamoamiz zarariga ishlagani tabiiy. Vadim Karlenovich Saudiya Arabistonidagi bahslarda Eldorning xizmatidan foydalanmagan bo’lsa, Katanec ilk yig’inidayoq 30 yoshli darvozabonga imkon berdi. Ammo bu hech narsani bildirmaydi. Yuqorida aytilganidek, posbon masalasi hamon munozarali bo’lib qolmoqda.
Iordaniyadagi yig’inda katta tanaffusdan keyin O’tkirbek Yusupov ("Navbahor") milliy jamoaga qaytgani va Valijon Rahimovning (AGMK) debyut qilgani ahamiyatga molik. Sloveniyalikning murabbiyning SHveciyada o’tgan dastlabki yig’inida Sanjar Quvvatov ham ishtirok etgandi. Agar Ammandagi 2 o’rtoqlik o’yinidan keyin ham darvozabon masalasi ochiq qolsa, kelasi safar Umid Ergashevni ham Srechkodan chaqiruv olganlar ro’yxatidagi ko’rishimiz mumkin. Malumot uchun, "Nasaf" posboni joriy mavsum 17 o’yinda maydonga tushib, 12 ta gol o’tkazib yuborgan. 22 yoshli Ergashev 7 uchrashuvda nolga o’ynashga muvaffaq bo’ldi.
SHuhrat Muhammadiev
Katanec o’ng qanot himoyasi uchun bu gal ham SHveciyaga olib ketilgan o’yinchilarni tanladi: Hojiakbar Alijonov ("Paxtakor") va Dilshod Saitov ("Nasaf").
Bu nuqtada o’ynashi mumkin bo’lgan asosiy nomzodlardan yana biri SHuhrat Muhammadiev hisoblanadi. Malumot uchun, "Loko"ning 31 yoshli fulbeki terma jamoadagi debyutini bundan 7 yil oldin Mirjalol Qosimov davrida nishonlagandi. U so’nggi bor Timur Kapadze davrida milliy jamoamizdan chaqiruv olib, Urugvayga qarshi o’yinda maydonga tushgan.
Umar Eshmurodov
"SHo’rtan"dan "Nasaf"ga o’tgan himoyachi qatorasiga 4-yil ham Qarshi klubi mudofaa chizig’idagi asosiy figuralardan bo’lib turibdi. U 2 yildan beri (Maqsud Karimov ketganidan keyin) "ajdarlar" sardori ham hisoblanadi.
Yaqinda 29 ga to’ladigan futbolchi Vadim Abramov davrida terma jamoada debyut qilgan bo’lsa-da hozircha Katanecning nazaridan chetda qolmoqda.
SHerzod Azamov
Katanec markaziy himoyachi ampluasi uchun 4 nafar futbolchini safarbar qildi: Rustam Ashurmatov, Doston Tursunov, Husniddin Aliqulov va Islom Qobilov. Bu futbolchilarga nisbatan etiroz yo’q. Lekin chempionlikni deyarli naqd qilgan, mavsumda eng ko’p "quruq" o’yin o’tkazgan "Paxtakor"dan markaziy himoyachi chaqirilmasligi mantiqdan yiroq.
To’g’ri, Krimec anchadan beri jarohati bilan kurashyapti, Anzur termadan ketdi, CHobanov va Azmiddinov hali klubda ham asosiy bo’lolgani yo’q. Ammo bir ism borki, mudom etibordan chetda qolib keladi va o’z darajasida qadrlanmaydi — SHerzod Azamov. "Mashal" → "Nasaf" → "Paxtakor" yo’nalishida poytaxtga etib kelgan ko’plab futbolchilardan biri terma jamoa lageriga boradigan yo’lni topa olmayapti. Necha yillardan beri O’zbekiston chempionatida yuqori darajada o’ynab, barqarorlik ko’rsatayotgan Azamov 2018 yildan beri milliy jamoadan chaqiruv olmaydi. U vatanimizning bosh jamoasi safida hech qachon rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushmagan. SHerzodni bu davrda termamizda o’ynagan boshqa himoyachilar bilan solishtirgan istalgan odam hayratdan yoqa tishlashi aniq.
SHerzod Nasrullaev
Mudofaaning chap qanoti uchun Sayfiev va Yo’ldoshev jalb qilingan.
Bu o’ringa davorgarlik qilayotgan "Nasaf" fulbeki haqidagi fikrlarimizni avvalroq malum qilgandik → maqolani o’qish.
Erkin Baydullaev
U 37 yoshda. Bu raqam sizda bazi etirozlarni paydo qilishi mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, terma jamoala bugungi kunning eng zo’r futbolchilari o’ynashi kerak. Baydullaev esa hozir ajoyib formada. U o’zining 2-yoshligini boshdan o’tkazyapti.
"Qizilqum" yarim himoyachisi Superliganing joriy mavsumida faqat Farrux Sayfiev va Abdulla Abdullaev kabi mahalliy futbolchilardan kamroq harakatlangani to’g’risidagi fakt ham Erkin Baydullaev qanday formada ekanidan dalolatdir. Malumot uchun, 37 yoshli xavbek O’zbekiston terma jamoasi safida faqat 1 bor maydonga tushgan (2013, Ozarboyjonga qarshi o’rtoqlik o’yini).
Sardor Sobirxo’jaev
Meksikada porlagan "yulduzchalar"ning so’nib qolmagan kam sonli vakillaridan biri "Paxtakor" tarkibidagi 3-mavsumini o’tkazyapti.
Yaqinda 27 yoshga to’ladigan yarim himoyachi barqarorlik borasida istalgan futbolchidan yaxshiroq natija ko’rsatayotgan esa-da 2019 yildan beri terma jamoadan chaqiruv olmayapti.
G’ulom-Haydar G’ulomov
30 yoshli futbolchi Mikael Sekeyra qo’l ostida o’zini qayta kashf qildi. Ehtimol, bu qanot futbolchisi sifatida tanilgan G’ulomovning maydon markaziga ko’chirilishi bilan bog’liqdir.
Kreativ qarorlari bilan "Loko"ning o’yinlariga rang-baranglik qo’sha boshlagan yarim himoyachi hech qachon terma jamoaga nomzod sifatida ko’rilmaganini inobatga olsak, uninng 10 yil umri qanotlarda bekor o’tibdi, degan xulosa tug’iladi.
Azizbek Turg’unboev
Ro’yxatdagi 3-paxtakorchining joriy mavsumdagi statistikasiga etibor qaratsak, terma jamoa libosi uchun Malayziya darvozasiga 2 gol urgan Hamdamovdan kam munosib emasligiga guvoh bo’lamiz.
Malumot uchun, Turg’unboev Kuper davridan beri (2019 yil, Osiyo kubogi) terma jamoada rasmiy o’yin o’tkazgani yo’q.
SHohruz Norxonov
1993 yilda tug’ilgan futbolchi "Obod"da porlagan davridayoq qanday hujumchi ekanini barchaga isbotlab ulgurgan edi. U ayni paytda O’zbekiston Superligasidagi eng kuchli markaziy hujumchilardan biri hisoblanadi.
Garchi Baqoevning uslubiga unchalik mos tushmasa ham, SHohruz "So’g’diyona"ning 50% gollarini o’zi tashkillashtirayotgani etiborga molik.
Temurxo’ja Abduxoliqov
30 yoshli hujumchi oldingi kabi sermahsullik namoyish qilolmayotgan bo’lsa ham, hamon Superligadagi eng yaxshi forvardlar qatorida etirof qilinadi.
Xususan, joriy mavsum ham Temurxo’ja Superligamizda eng ko’p gol urgan markaziy hujumchi bo’lib turibdi. "Loko" forvardining xizmatlaridan Abramov, Babayan va Kuper vaqti-vaqti bilan foydalanib turar edi. Ko’ramiz, Katanec ham unga ehtiyoj sezarmikan.
Katanecdan chaqiruv olmagan ramziy jamoasi (4-3-3): Umid Ergashev – SHuhrat Muhammadiev, Umar Eshmurodov, SHerzod Azamov, SHerzod Nasrullaev – Erkin Boydullaev, Sardor Sobirxo’jaev, G’ulomhaydar G’ulomov – Aziz Turg’unboev, SHohruz Norxonov, Temurxo’ja Abduxoliqov.
P.s: Yuqoridagi tarkib faqat Superligada o’ynayotgan va ayni paytda yaxshi sport formasida bo’lgan futbolchilardan shakllantirildi. SHu tufayli Jasurbek Yaxshiboev, Sardor Rashidov, Jamshid Iskanderov va Ikrom Aliboev singari futbolchilarga joy topilmadi. Muallifning o’rnida bo’lsangiz, bu ro’yxatga yana kimlarni qo’shar edingiz?
Terma jamoa. Malayziya mag’lub qilingan bahsda kimlar debyut qildi?
Muallif : Faxriddin Ro’ziyev