Avvalroq 182 o’yinda qayd etilgan qiziqarli seriyalar va statistik malumotlarni taqdim etgan edik. Endi esa chempionat o’yinlarida ishlagan hakamlar haqida.
Eng ko’p o’yin
Bu yil Vadim Agishev hamda Akobirxo’ja SHukrullaevga 19 tadan uchrashuvda bosh hakam sifatida ishlash nasib qildi. Bu eng yaxshi natija.
Qanot hakamlaridan Aleksandr Sidorov hamda Sanjar SHoyusupov barchadan ko’proq o’yinda ishladi — 15 tadan.
VAR tizimida ishlash bo’yicha Aziz Asimovga etadigani bo’lmadi — 15 o’yin. Malumot uchun, Asimov jarohati tufayli mavsumning dastlabki qismini maydon tashqarisida o’tkazgan edi.
Eng qattiqqo’l
Sariq kartochkalar borasida ham Vadim Agishev mutlaq etakchi. Ammo qizil kartochkalar va penaltilar o’yinga qo’shilsa, Ilgiz Tantashev barchadan o’zib ketadi. Buxorolik referi 2021 yilda 88 ta sariq, 7 ta qizil rangli kartochka ko’rsatish barobarida 15 marta 11 metrli nuqtaga ishora qildi.
Kartochka va penaltilar
Referilarning cho’ntagidan yil davomida 830 ta sariq, 36 ta qizil rangli kartochkalar chiqdi. Jami 76 marta darvozalar tomon penalti belgilandi.
4 va undan ortiq uchrashuvda ishlagan 14 hakamdan faqat 3 nafari hech kimni maydondan chetlatmadi (Elyor Tursunov, Abdurashid Xudoyberganov, Aziz Asimov), 1 nafari esa umuman penalti belgilamadi (G’ayrat Jo’raev).
Debyutantlar
Bu yil 4 nafar referi O’zbekiston chempionatining yuqori divizionida ilk o’yinlarini o’tkazdi.
1. Ilya Ilin → 36 yosh (2 ta o’yin)
2. G’ayrat Jo’raev → 34 yosh (4 o’yin)
3. Doston Mirzaraimov → 28 yosh (1 o’yin)
4. Sultonmurod Abdurahmonov → 30 yosh (1 o’yin)
2020 yilning oxirida debyut qilgan Abdurashid Xudoyberganov esa Superliganing muntazam qatnashchilaridan biriga aylandi.