“CHellenjer” turkumiga kiruvchi musobaqada istedodli tennischimiz Sergey Fomin ham muvaffaqiyatli ishtirok etyapti. Hamyurtimiz ilk davrada reytingda o’zidan 460 pog’ona yuqorida borayotgan rossiyalik Alibek Kachmazovni 6/1 7/6 hisobida mag’lub etgandi.
Kecha Fomin nimchorak final bahsida yana bir reytingi yuqori tennischi, germaniyalik Sebastyan Fanzelovni 6/3, 6/3 hisobida taslim etib, Denis Istominning mag’lubiyati uchun revansh olgandi.
Hozirgina yakuniga etgan chorak final uchrashuvida esa Fomin haqiqiy qahramonlik ko’rsatdi. U turnirning 4-raketkasi, dunyo reytingida 285-pog’onadan joy olib turgan yaponiyalik Kaichi Uchidani 5/7, 6/3, 6/4 hisobida dog’da qoldirdi.
Sergey uchinchi hal qiluvchi setda 2/4 hisobida yutqaza turib, ajoyib kambekni amalga oshira oldi. Avvaliga raqibining geymini yutib oldi va keyin o’z geymida muvozanatni tikladi. Uchrashuv davomidagi 9 ta eys zarbasi ham Fominning muvaffaqiyatiga xizmat qildi.
Taqqoslash uchun, Sergey Fomin ATP reytingida 838-pog’onadan joy olgan. Uchrashuv 2 soatu 12 daqiqa davom etdi. Bu tennischilarning o’zaro o’tkazgan ilk to’qnashuvi edi. Fominning 1/2 finaldagi raqibi birozdan so’ng malum bo’ladi.